O'zbekistonning xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar bilan turizm sohasida aloqalar o'rnatishi va rivojlanishi, yurtimizga turistlar oqimining kirib kelishini ko'paytirish, ularga xizmat ko'rsatish uchun barcha sharoitlarni yaratish, xizmat ko'rsatish sifati va madaniyatini oshirish, turistlar xavfsizligini ta'minlash, turistik industriyani tashkil qilish va rivojlantirish, soha bo'yicha kadrlar tayyorlash bilan bog'liq munosabatlarni tartibga soluvchi tashkiliy-iqtisodiy mexanizmlar takomillashib bormoqda.
Prezidentimizning 2021 yil 9 fevralda “O'zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida” farmoni qabul qilindi. Unda turizm bozorining turli segmentlariga yo'naltirilgan turizm mahsuloti va xizmatlarini diversifikatsiya qilish, ularning raqobatbardoshligini yanada oshirish, maqbul va qulay ichki va xalqaro ziyorat turizmi muhitini yaratish, transport yo'nalishlarini kengaytirish, transport xizmatlari sifatini oshirish, turizm mahsulotlarini keng targ'ib qilish, shuningdek, mamlakatimizning sayohat va dam olish uchun xavfsiz manzil sifatidagi imijini mustahkamlashga yo'naltirilgan vazifalar belgilab berildi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 fevraldagi “2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to'g'risida”gi farmoniga muvofiq, O'zbekiston bo'ylab sayohat qilish uchun xarajatlarning bir qismini qaytarish tartibi joriy qilindi.
Shu bilan bir qatorda tashkiliy, iqtisodiy-ijtimoiy masalalar yuzasidan sohani qo'llab-quvvatlashda Moliya vazirligi, bank moliya tizimi, transport logistikasi hamda soliq tizimlariga tegishli ko'rsatmalar berildi.
Bu o'z navbatida, ichki turizmning jadal rivojlanishi hamda fuqarolarimizning hordiq chiqarishlariga qulay imkon yaratadi. E'tiborli jihatlaridan yana biri, bu buyuk allomamiz Imom Moturidiy yodgorlik majmuasini ziyorat markaziga aylantirish hamda atrofidagi 8 nafar buyuk ulamoning qabrini tiklash va obodonlashtirish ishlari kontseptsiyasi “Yo'l xaritasi”ni ishlab chiqilishi va amalga oshirilishidir. Natijada milliy va xalqaro turistlarning oqimi yanada kengayadi.
Farmonning yana bir muhim jihati sifatida Imom Buxoriyning bebaho merosini keng ko'lamda ommalashtirish va targ'ib qilish maqsadida xorijiy tillarda “Imom Buxoriy” ziyorat turizmi yo'ldosh telekanalini, xorijiy mamlakatlarda uning muxbirlari faoliyat olib borishini nazarda tutgan holda tashkil etish va uni rivojlantirish kontseptsiyasining yaratilishi hisoblanadi.
Mazkur loyihani amalga oshirishda O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi markaziy o'rinlarni egallashi va mamlakatimizda ziyorat turizmining jadal rivojlanishiga xizmat qiluvchi etuk mutaxassislarni etishtirib berishda, ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirishda o'z o'rniga ega bo'ladi. O'zbekiston turizm industriyasida ziyorat turizmi sub'ektlarining faoliyati, talab va taklif qonunining ustuvorligi, tashkiliy-iqtisodiy jarayonlarni muvofiqlashtirishning ma'muriy mexanizmlarini yaratish holati kabi mavjud ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar jamiyatdagi turli ixtisoslashgan institutlar va ularning faoliyat yuritish tartibiga to'g'ridan-to'g'ri bog'liq bo'ladi.
Shunday ekan, O'zbekistonda turizm industriyasining bugungi holatini o'rganish bilan bir qatorda, bozor mexanizmlaridan ham ustun turuvchi jamiyatning madaniy, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, diniy, huquqiy mexanizmlari majmuasi sifatida namoyon bo'luvchi mavjud institutlarning jarayonlarga ta'sir darajasini o'rganish muhim ahamiyat kasb etadi.
Prezidentimizning mazkur farmonlari yuqorida qayd etilgan jihatlarni to'liq qamrab olgani bilan diqqatga sazovordir. Ta'kidlash joizki, so'nggi yillarda yurtimizda olib borilayotgan islohotlar natijasi o'laroq O'zbekiston “Jahon musulmon sayyohlari indeksi” reytingida 10 pog'ona (32-o'rindan 22-o'ringa) ko'tarilib, Islom hamkorlik tashkilotiga a'zo mamlakatlar o'rtasida musulmon sayyohlarni jalb qilayotgan “Eng jozibador” hamda “Havfsizlik va bag'rikenglik darajasi yuqori” bo'lgan 10 mamlakat qatoridan o'rin egalladi.
Prezidentimizning mazkur farmonlari ziyorat turizmini samarali rivojlantirishning tarkibiy qismi sifatida davlat va xususiy sektor xamkorligini ta'minlovchi mexanizm orqali milliy va xalqaro bozorlarda raqobatbardoshlikni ta'minlashga xizmat qiladi.
Anvar Hudoyarov,
O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi
“Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi” kafedrasi dotsenti, iqtisodiyot fanlari nozodi.
O'zA
Mamlakatimizdagi masjidlarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari nihoyasiga yetmoqda. Mavsumni betalafot o‘tkazish maqsadida kommunal sohaga daxldor xizmatlarning ish sifati va belgilangan talablarga to‘la javob berishi bo‘yicha zarur choralar ko‘rildi.
Ma’lumki, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan mo‘min-musulmonlar emin-erkin ibodat qilishi uchun qulay va xavfsiz sharoitlar yaratish uchun rejali ishlar amalga oshirib kelinadi. Ayniqsa, kuz-qish mavsumi arafasida tegishli ko‘rsatma va buyruqlar asosida, masjid xonaqohlari, qo‘shimcha binolar, yer to‘la, dudbo‘ronlar, tahoratxonalar, qozonxonalar va tutash bo‘lgan inshootlarda har jihatdan xavfsizlikni ta’minlashga katta urg‘u qaratildi. Yong‘in xavfsizligiga mas’ul shaxslar tayinlandi.
Yaqin kunlarda havo haroratining pasayishi kutilayotgani e’tiboridan, masjidlarning texnik va yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqligi, issiq suv hamda issiqlik energiyasi bilan ta’minlash tizimlarini navbatdagi nazoratdan o‘tkazish ishlari yakunlanmoqda. Ushbu tadbirlarga Favqylodda vaziyatlar vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining hududiy boshqarmalari va kommunal xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar mutaxassislari jalb etildi.
O‘rganishlar davomida belgilangan talablarga javob bermaydigan ayrim masjidlardagi issiq suv hamda issiqlik energiyasi bilan ta’minlashdagi kamchiliklar qisqa muddatlarda bartaraf etildi. Shuningdek, isitish tizimida quyosh panellari, geokollektorlar, muqobil energiya manbalaridan unumli foydalanish va sharoitga qarab, ko‘mir zahiralarini tayyorlash kabi chora-tadbirlar ko‘rildi.
Mana shunday keng ko‘lamli chora-tadbirlardan asosiy maqsad fuqarolarimiz xotirjam, emin-erkin ibodat qilishi uchun qulay va xavfsiz sharoitlar yaratishdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati