Toshkent viloyati Zangiota tumani hududida islom olamidagi muqaddas ziyoratgohlardan biri - Zangi ota majmuasi qad rostlab turibdi.
Zangi otaning haqiqiy ismlari Oyxo'ja ibn Toshxo'ja bo'lgan.
U kishining asli tug'ilgan va yashagan maskani Shosh (Toshkent) viloyati bo'lib, Toshkent bilan Qovunchi oralig'idagi Zangi ota nomli qishloq hisoblanadi.
Ba'zi manbalarda Zangi ota Toshkent shahrining Samarqand darboza ko'chasidagi Zangi ota mahallasida tug'ilib o'sgan, degan taxminlar ham bor.
Zangi ota Ahmad Yassaviyning to'rtinchi shogirdi Hakim otadan bir necha yil yassaviya tariqatining sir-asrorlari, odobini o'rganadi va ilmi zohiriy va ilmi botiniy yo'riqlaridan voqif bo'ladi. Hazrat butun umr odamlarning molini boqish bilan shug'ullangan, cho'ponlik qilib, halol rizq topib, hayot kechirgan.
Zangi ota hazratlari tariqat shayxlaridan bo'lib, xalqni doimo dinu diyonatga, halollik, poklikka da'vat qilganlar.
Ma'lumotlarga ko'ra, ushbu ulug' zot milodiy 1258 yil Toshkent yaqinidagi hozirgi Zangi ota qishlog'ida vafot etgan.
Zangi ota maqbarasining bunyod etilishi bilan bog'liq ibratli rivoyatlar ham, tarixiy voqealar ham birdek chuqur ramziy ma'noga ega.
Rivoyat qilishlaricha, Amir Temur Yassi qo'rg'onida Ahmad Yassaviy hazratlariga maqbara qurish harakatini boshlaganida nima uchundir ish hadeganda yurishavermagan. Bu holning sababini bilolmay, hayron bo'lib yurganida bir kechasi tushiga nuroniy bir zot kirib, Yassaviyga maqbara qurishdan oldin Zangi otaning qabrini obod qilishi kerakligini aytadi. Shunda Amir Temur XIV asrning 80-yillarida Zangi ota ruhini shod etish uchun maqbara va masjid tiklashga kirishadi. Bu muhtasham yodgorlik majmuaning qurilishini 1420 yili Mirzo Ulug'bek tugallagan. Hozirgi peshtoq aynan Mirzo Ulug'bek tomonidan bunyod etilgan.
O'zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2013 yildagi tegishli qarori asosida Toshkent viloyatidagi Zangi ota majmuasi va unga tutash hududlarda keng ko'lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari olib borildi. Majmua hududida 1 000 o'rinli yangi masjid, O'zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakilligining binosi qurildi.
Yangi loyihaga binoan, majmuaga kirish darvozasi qayta qurildi, chegara devorlari boshqatdan tiklandi. Qadimgi madrasa binosi to'la ta'mirdan chiqarildi. Yangi masjid oldida balandligi 31 metr bo'lgan minora qurildi. Zangi ota va Anbar bibi maqbaralari ham butkul qayta ta'mirlandi. Majmuadagi 5 ta gumbaz qayta tiklandi. Majmua hududi kengaytirilib, ko'kalamzorlashtirildi. Bugun ushbu tarixiy maskan mamlakatimiz va xorijiy ziyoratchilarning sevimli maskaniga aylangan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Yurtimizda hayit bayramlari qadimdan o‘zgacha shukuh, xalqimizga xos mehr-muruvvat, bag‘rikenglik va saxovat ifodasi bo‘lib kelgan. Ayniqsa, so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Ramazon va Qurbon hayitini keng miqyosda nishonlanishi va dam olish kuni deb e’lon qilinishi muqaddas dinimizga bo‘lgan chuqur hurmat va e’tiborning natijasidir.
Qurbon hayiti – musulmonlarning eng mo‘tabar bayramlaridan biri hisoblanib, Zulhijja oyining o‘ninchi kuni nishonlanadi. Bu muborak kunlarda Alloh taoloning ko‘plab xayru barakasi yer yuzidagi bandalari uzra yog‘iladi. Qurbon hayiti haj ibodatlari tamom bo‘lganligi munosabati bilan hamda Alloh yo‘lida qurbonlik qilish pallasi bo‘lgan ayyomdir. Qurbon hayiti namozi o‘qilgach, imkoni bor insonlar qurbonlik qilishlari vojib amallardandir.
Qur’oni Karimning “Kavsar” surasida: “Bas, Robbingiz uchun namoz o‘qing va (tuya) so‘yib, qurbonlik qiling”- deyiladi. (Kavsar surasi, 2-oyat).
Qurbonlik haqida Baro ibn Ozib raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
عَنْ الْبَرَاءِ بْنِ عَازِبٍ قَالَ قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "اِنَّ اَوَّلَ مَا نَبْدَاُ بِهِ فىِ يَوْمِنَا هَذا اَنْ نُصَلِّىَ ثُمَّ نَرْجِعَ فَنَنْحَرَ فَمَنْ فَعَلَ فَقَدْ اَصَابَ سُنَّتَنَا وَمَنْ ذَبَحَ قَبْلَ الصَّلاَةِ فَاِنَّمَا هُوَ لَحْمٌ قَدَّمَهُ لِاَهْلِهِ لَيْسَ مِنَ النُّسُكِ فىِ شَيْءٍ" (رواه الإمام البخاري).
ya’ni: “Darhaqiqat, bugungi kunda ishimizni avval iydul azho (qurbon hayiti) namozini o‘qish, so‘ngra (uylarimizga) qaytib, qurbonlik bilan boshlashimiz kerak. Kimki, shularni bajarsa, u sunnatimizga muvofiq ish qilibdi. Kimdakim, hayit namozidan oldin so‘ysa, u qurbonlik emas, balki o‘z ahli uchun taqdim qilgan go‘shtdir” (Imom Buxoriy rivoyati).
Aytish joizki, hanafiy mazhabi bo‘yicha qurbonlik qilish – vojibdir. Qurbonlik qilish hur, balog‘at yoshiga yetgan, oqil, muqim, ya’ni safarda bo‘lmagan va garchi bir yil aylanmagan zakot nisobiga ega bo‘lgan musulmon shaxsga vojib bo‘ladi. Qurbonlikni Zulhijja oyining o‘n, o‘n bir va o‘n ikkinchi kunning (ya’ni, hayitning birinchi, ikkinchi va uchinchi kunning) Shom namozi vaqti kirgunigacha amalga oshiriladi.
Shuningdek, Qurbon hayiti kuni musulmonlar bir-birlarini qutlab, so‘yilgan qurbonliklarini o‘zaro baham ko‘radilar, bu esa albatta, mehr-muruvvat va saxovat hislarini yana-da orttiradi.
Qur’oni karimda bu haqda: “Yaxshi ko‘rgan narsalaringizdan ehson qilib bermaguningizgacha, sira yaxshilikka (jannatga) erisha olmaysizlar. Har qanday narsani infoq qilsangiz, albatta Alloh uni bilur”. (Oli Imron surasi, 92-oyat)
Insonlarning o‘zaro mehr-muruvvatli va saxovatli bo‘lishlari haqida Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar: “To mo‘min bo‘lmaguningizgacha jannatga kirolmaysizlar, to bir-birlaringizga mehr-muruvvatli bo‘lmaguningizgacha komil mo‘min bo‘la olmaysizlar”. (Imom Muslim rivoyati)
Mazkur oyat va hadislar barchamizni o‘zaro mehr-muruvvatli bo‘lishga chaqiradi. Avvalo mehribon ota-onalarimiz hamda yoshi ulug‘ yaqinlarimizni Hayit ayyomi bilan tabriklab duolarini olib, so‘ngra farzandlarimizni ham ko‘ngillarini shod qilishimiz fazilatlidir.
Qurbon hayiti kunlarida biz e’tibor beradigan yana bir jihat – mehrga tashna insonlarga bayram shodligini va yaxshi kayfiyat ulashishdir. Bu borada yurtimizda keng ko‘lamli ishlar amalga oshiriladi, bayram arafasida kam ta’minlangan va ko‘makka muhtoj oilalar holidan xabar olinadi.
Ming afsuslar bo‘lsinki, “guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek” hayit kunlari bir qator bid’atlar ko‘zga ko‘rinadi, xususan, yaqinlari vafot etgan xondonlarda dasturxon tuzalib “yangi hayit” marosimini o‘tkazish, nikoh to‘ylari bo‘lib o‘tgan xonadonlarda “hayit yo‘qlovi” kabi isrofgarlik amallarini haligacha davom ettirayotgan ayrim insonlar topiladi. Ularga hayit kunlarini qanday o‘tkazish borasida tushuntirishlar olib borish bizning zimmamizdagi vazifalardan biridir.
Qurbon hayiti - ulug‘ bayramdir. Bu kunlarda yana ham mehribon va muruvvatli bo‘lib, yetimlar boshini silab, yoshi ulug‘lar, kasalmandu muhtojlardan xabar olinadi, ularning ko‘ngillariga ham bayram shukuhini olib kiramiz. Bu kunda gina-kudratlarni unutib, kechirimli bo‘lishimiz maqsadga muvofiqdir.
Bu yil ham Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan mamlakatimizning barcha hududlarida alohida tayyorgarlik ishlari amalga oshirildi. Masjidlar, diniy markaz va xonadonlarda maxsus tadbirlar o‘tkazildi. Har yili bo‘lgani kabi, bu yil ham yurtimizda katta shodlik va farah bilan kutib olinadigan ushbu kun, xalqimizning birligi, mehr-oqibati va bag‘rikengligining yana bir bor yorqin ifodasi bo‘ldi.
Alloh taolodan so‘raymizki, Qurbon hayiti yurtimizda tinchlik va farovonlikda xayru barakali o‘tsin!
Abduqahhor domla Yunusov,
Toshkent shahar bosh imom-xatibi