Sayt test holatida ishlamoqda!
25 May, 2025   |   27 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:17
Quyosh
04:56
Peshin
12:25
Asr
17:30
Shom
19:47
Xufton
21:20
Bismillah
25 May, 2025, 27 Zulqa`da, 1446

Qur'onni jamlash va nashr qilish tarixi

15.02.2021   2105   13 min.
Qur'onni jamlash va nashr qilish tarixi

Qur'oni karimni jamlanish tarixida kitobat – yozib qoldirish o'ziga xos o'rin tutgan. Oyatlarni yozib olish Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davrlaridanoq boshlangan, kotib sahobalar har bir oyatni nozil bo'lishi bilan kechiktirmay yozib olishga katta e'tibor berishar edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Qur'onga bandalar so'zi aralashib qolmasligi uchun Qur'ondan boshqa narsani yozib olmaslikni buyurganlar.

Hazrati Abu Bakr roziyallohu anhu davrlarida esa tarqoq sahifalardagi oyatlar bir butun holga – Mushaf shaklida yozib qoldirilgan. Bu jamlashda bosh kotiblik vazifasida bo'lgan Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu faqat og'zaki tilovat bilan kifoyanmadilar, balki, eshitgan har bir oyatlarni mavjud bitiklarga solishtirib, og'zaki tilovat yozuvdagi bilan mos kelib, tasdig'ini topsa, Mushafga qo'shardilar. Bu holat ham Mushaf tarixida yozishni nechog'li yuqori ahamiyat kasb etishini ko'rsatadi.

Hazrati Usmon roziyallohu anhuning davrlarida yozib, katta shaharlara tarqatilgan Mushaflar esa, keyingi avlod xattotlari uchun Mushaflar ko'chirib tarqatishlariga asosiy manbaa bo'lib xizmat qildi. O'sha zamonlarda Mushaflar qo'l mehnati bilan ko'chirilgan

Hazrati Ali karramallohu vajhahuning nabiralari Ali Zaynulobidin aytadilar: “Mushaflar varag'i ketma-ket (bir-biriga bog'langan, ulangan) bo'lmas edi, kimda Mushaf bo'lsa masjid minbarini oldiga kelib, “Kim xohlasa mendan ko'chirib olsin” der edi. Hohlovchilar kelib undan bir sahifa, bir sahifa qilib Mushafni oxirigacha ko'chirib olishar edi” (Muhammad Tohir Kurdiy “Tariyxul xattil arabiy” kitobi, 182-sahifa).

Abu Hakima al-Abidiy aytadilar: “Men Kufa shahrida xattotlar bilan birgalikda Mushafni ko'chirar edim. Kunlardan birida Ali roziyallohu anhu biz ko'chirgan nusxalardan birini ko'rdilar va bizning yozgani xatimiz u zotni juda ajablantirdi, shunda “Alloh nurlantirgan narsani (Mushafni) mana shunday nurlataveringlar”, boshqa bir rivoyatda “Alloh taolo bunga (Mushafga) nur bergani kabi sizlar ham nurlantiringlar” dedilar” (Kanzul ummol 10/536 sahifa).

Islomning dastlabki asrlaridagi holat shunday bo'lgan. O'sha zamonlarda nashr qilish imkoniyati bo'lmagani uchun kimga Mushaf kerak bo'lsa, xat savodi borlar o'zi ko'chirib olardi, xat savodi bo'lmaganlar xattotlarga iltimos qilib, ba'zan haq to'lash evaziga ko'chirtirib olar edi. Hattotlar imon-e'tiqodining mustahkamligi, Qur'oni karimga bo'lgan hurmat-ehtiromi va asosiysi, Alloh taoloning oldidagi mas'uliyatini his qilib, omonatdorlik bilan o'z kasbiga yondashuvi natijasida Mushaflar bexato ko'chirilar, kamdan-kam hollarda yo'l quyilgan kamchiliklar Qur'onni yod olgan hofizlar tarafidan o'z vaqtida to'g'rilanardi ham. Ayrim mohir xattotlar umri davomida yuzlab nusxalar ko'chirib, extiyojiga yarashasini sotar, qolganlarini ilm davralariga, masjid va tolibi ilmlarga vaqf qilib tarqatar edi.

Nashr qilish dastgohi ixtiro qilingach, kitob nashr qilish jabhasida misli ko'rilmagan yutukqqa erishildi. Dastlab nashr dastgohlari Germaniyada 1431 melodiy sanada ishlab chiqildi. Yillar davomida bu uskunalarning salohiyati va imkoniyatlari kengaydi, dastlab Italiya, so'ngra Frantsiya davlatlarida ishlatiladigan bo'ldi. Keyinchalik musulmon mamlakatlariga ham tarqaldi.  Jumladan, Halab shahrida 1698 yilda, Livanda 1733 yilda suryon tilida, keyinchalik arab tiliga ixtisoslashgan, Bayrutda 1753 yilda “Qudays” nomli nashriyot faoliyati joriy qilindi. Misrga frantsiyalik harbiy qo'mondon Bonapart 1798 yilda o'zi bilan nashr dastgohini olib kirishi natijasida Qohiradagi “Ahliyya” matbaasiga asos solingan. Keyinchalik bu matbaa “Buloq” nomida faoliyat olib borib, Islom olamiga juda mashhur bo'lgan.  Turkiyaga Sulton Ahmad III davrida kirib kelgan. Biroq bu dastohlarda diniy adabiyotlarni nashr qilish o'sha zamon Turk ulamolari tarafidan ruxsat berilmagan. 1141 yildan keyin asta-sekin arab adabiyoti, tarixi va lug'atiga oid kitoblar nashr qilingan.

Nashr etish dastgohida chop etilishi bilan tarixda qolgan Mushaf 1694 yilda Germaniyaning Gamburg shahrida Abraxam Hinkel'man (Abrahmi Hinckelmanni) ismli sharqshunos olimning sa'y-harakati bilan 560 sahifada nashr qilingan (Tarixul Qur'on: Hafaniy Nosif 112 sahifa, Tarixul Qur'on: Muhammad Tohir Kurdiy 16, 186-sahifalar. Hozirda Misrning “Dorul  kutub al-Misriya” kutubxonasida (176 raqam ostida) va “Qohira” unversiteti kutubxonasida bir nusxa saqlanadi). Har bir sahifa 16 satrdan iborat bo'lib, oyatlar boshlanishi tartib raqami bilan belgilangan.

Bundan avval Italiyadagi “Bunduqiya” nashriyotida ham 1530 yilda nashr qilingan, biroq, o'sha zamon hukmron boshqaruv tabaqa vakillari tomonidan nashr o'rnida yo'qotib tashlangan (Mabohis fiy ulumil Qur'on: Subhiy Solih, 99-sahifa).

Shunga ko'ra, hozirgacha saqlanib qolgan Mushaflar orasida eng qadimiysi Germaniyaning Gamburg shahrida chop qilingani hisoblanadi. Mushafning mazkur nusxasi bizgacha saqlanib qolganlari orasida ilk nashr qilingani bilan ahamiyatli bo'lsa-da, ko'plab xato va kamchiliklardan xoli emas edi. Unda uchraydigan xatolar asosan arab tili qoidalariga mos kelmasligi hamda nashr dastgohidagi texnik kamchiliklarga borib taqalardi. Masalan, yonma-yon kalimalarni o'rin almashib qolishi, nuqtalarning oz yoki ko'payib qolishi, orasi ajratib yozilishi kerak bo'lgan ikki kalimaning orasi bog'lanib qolish kabi kamchiliklarni keltirish mumkin.   

Ana shundan keyin Mushaflar ketma-ket nashr qilina boshlandi.

Dastlabki nashr qilingan Mushaflar sifatida Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida 1787 yilda Mavlo Usmon boshchiligida nashr etilgan Mushafni, Eronda nashr qilingan ikkita toshbosma nusxa: biri 1828 yili Tehronda, ikkinchisi 1833 yili Tabrizda nashr qilingan nusxani, Qozon shahrida 1877 yilda bosilgan Mushafni, huddi shu yili Turkiyada xattot Hofiz Usmon qalamiga mansub nashr qilingan Mushaflarni keltirish mumkin. Qozon shahrida bosilgan nusxa avvalgi Gamburg shahrida nashr qilingan Mushafga deyarli o'xshab ketsa-da, unda yo'l quyilgan kamchiliklar oldi olingan, kalima va harflarda uchragan texnik xatolar tuzatilgan edi. Biroq harflar ustiga qo'yiladigan harakatlarda kamchiliklar bor bo'lib, Mushaf so'ngidagi maxsus jadvalda yo'l qo'yilgan xatolar ko'rsatib o'tilgan (Muhammad Tohir Kurdiy “Tariyxul xattil arabiy” kitobi, 339-sahifa, Mabohis fiy ulumil Qur'on: Subhiy Solih, 99-sahifa). Keyinchalik, Mushafning ko'plab nashriyotlarda chop qilish ommalashib ketdi. Misrda 1890 yilda Rizvon ibn Muhammad Muxallalotiy boshchiligida, 1923 yilda xattot Muhammad Aliy Husayniy  boshchiligida nashr qilingan.

Sanab o'tilgan Mushaflarning barchasida harflar Usmoniy Mushaf asosida, harakatlar esa Halil ibn Ahmad va imom Sibavayhlar asos solgan yo'nalishda bo'lgan.

Keyingi paytlarda tijoriy nashriyotlarning ko'payishi, unda ish olib boradigan xodimlarning mas'uliyatsizligi, bee'tiborlik  bilan nashr qilingan bir qancha Mushaflarda texnik xatolar ko'payib ketish oqibatida, ayrim nashriyotlar Mushafni ko'paytirib, tarqatish emas, balki turli nashrlarda uchraydigan xato va kamchiliklardan tozalashni o'z oldiga maqsad qilib qo'ydi. Hozirda bunday ezgu maqsad sari faoliyat olib borayotgan nashriyotlar orasida eng ko'zga kuringani bu – Madinai munavvaradagi “Malik Fahd” nashriyotidir. 1404 hijriy sana 20 rabiussoniy oyida Saudiya Arabistoni podshohligi muassisligida Mushaf va unga aloqador ilm ahllari, mutaxassislardan iborat o'n besh kishilik qo'mita tashkil qilingan. Qo'mita hay'at a'zolari Qur'oni karimni har bir kalima, harf va hatto harakatlari, to'xtash belgi va ko'rsatmalari ustida bosh qotirib, chuqur tadqiq qilishgan, yillar davomida Mushafga kirib qolgan qushimchalar olib tashlanib, xatolar tuzatilgan, kamchiligi to'ldirilgan, bunday mashaqqatli vazifani uddalash maqasadida hay'at azolari Mushafni ikki yuz martadan oshiqroq o'qib chiqishlariga to'g'ri kelgan (Dirosot fiy ulumil Qur'on. 505-sahifa). Nashr uchun tayyor holiga kelgan Mushafning ko'rinishi, hajmi va xat turi borasida ham muammolar bor edi. Islom olamiga mashhur xattotlarning Mushaf ustida olib borgan izlanish va mahoratlari ilmiy o'rganib chiqildi va bir necha qo'lyozma Mushaflar orasidan Damashqlik xattot Usmon Tohoning yozuv uslubi tanlab olindi. Usmon Toho chiroyli yozish va yozuv qoidalariga rioya qilish bilan bir qatorda, tanzim ya'ni tartibga, tabvib, ya'ni juzlarga ajratishni ham yo'lga qo'ygan edi. Qur'oni karimni 30 juzga bo'lib, har bir juzga 20 sahifa ajratgan, Fotiha va Baqara surasining birinchi sahifasiga chiroyli shakl berish uchun ikki bet, oxirgi juzda “Bismilloh” bilan suralarning ajratilishi ko'p bo'lgani uchun yana ikki bet qo'shilib, jami 604 sahifaga joylagan edi. Bundan tashqari, har bir sahifani oyat bilan boshlab, oyat bilan yakunlashga erisha olgani eng katta afzalligi bo'lgan (Nuriddin Hoshimov, “Qur'oni karim yozuvchisi – Hattot Usmon Toho” maqolasidan qisqartirib olindi). Sanab o'tilgan jihatlari bilan boshqa qo'lyozma nusxalardan tubdan ajralib turgan Mushafni yangi nashr qilinmoqchi bo'lgan “Madina Mushafi” nusxasiga asos qilib olindi va hozirda dunyoga tarqalgan Mushaflar orasida eng mukammal shaklga ega bo'ldi.

Saudiya Arabistoni podshohligi homiyligida 1405–1425 hijriy yillar oralig'ida “Madina Mushafi” 193 million tirajda bosib chiqishga erishildi va bu dunyodagi eng ko'p tiraj qilingan nashr deb baholanmoqda.

Hozirda yiliga 30 milion tirajda har xil hajm va ko'rinishda nashr qilib, tarqatib kelinmoqda.

Keyingi yillarda yurtimizda ham har sohada bo'lgani kabi diniy sohani rivojlantirish maqsadida keng qamrovli islohotlar olib borilmoqda. Bunday islohotlar Mushafi sharifni nashr qilish va aholimiz mo''min-musulmonlarining Qur'oni karimga bo'lgan extiyojini qoplash jihatini ham qamrab oldi.

Alloh taoloning muborak kalomi — Mushafi sharif O'zbekistonda nashrdan chiqishi qalblarni sururga to'ldirgan sharafli voqealardan biri bo'ldi. Yurtimizning ko'zga ko'ringan nashriyotlaridan biri «Hilol nashr» matbaa-nashriyoti tomonidan chop etilgan Mushafi sharif kitobxonlar ommasiga taqdim etildi.

Nashriyotning ko'p yillik samarali faoliyati davomida Qur'oni karimni qadimiy an'analarga, o'ziga xos tartib-qoidalari va odoblariga rioya qilgan holda, ilg'or texnologiyalar yordamida sifatli va go'zal shaklda chop etish uchun barcha shart-sharoit va imkoniyatlar yaratildi.

«Hilol nashr» matbaa-nashriyoti Mushafi sharifni nashr qilish loyihasi bo'yicha dunyoda Mushaf nashri bo'yicha etakchi matbaalardan hisoblangan — Misr Arab Respublikasidagi «Dorus-salom» nashriyoti bilan hamkorlik shartnomasi tuzdi. Tuzilgan shartnomaga ko'ra, «Dorus-salom» nashriyoti «Hilol-nashr»ga Mushafni chop etish uchun maxsus ijozat berdi va Qur'oni Karim nusxasi andozasini taqdim qildi. Shundan so'ng O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mita hamda O'zbekiston musulmonlari idorasi ko'magida ushbu tabarruk loyihani bajarishga kirishildi.

Nashriyot imkoniyatidan kelib chiqib birinchi bosqichda mazkur Mushafning adadi 50000 dona deb belgilandi, dastlab shu adaddan 10000 nusxa savdoga chiqarildi va 31000 so'mdan sotildi. Bundan buyon har ikki-uch oyda ana shunday adadda Mushafi shariflarni xalqimizga taqdim qilib borish ko'zda tutilmoqda. Zero, Qur'oni Karim kirib borgan, o'qiladigan har bir xonadonga Alloh taoloning fayz-barakoti yog'ilib turadi. Binobarin, Alloh taoloning kalomi — Qur'oni Karimning ko'p ming nusxada bosmadan chiqarilishi va uning samarasi o'laroq, har bir mo'min-musulmonning xonadonida mushaflar ko'z qorachig'idek saqlanishi jonajon Vatanimiz uchun mislsiz xayr-barakadir. Qur'oni bor xonadonda tarbiyalangan farzandlar diniga, el-yurtiga, millatiga sodiq, vatanparvar, chinakam avlod sifatida kamol topadi.

Abdulboqi Tursunov tayyorladi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Zamzam haqida nimalar bilamiz?

23.05.2025   8548   12 min.
Zamzam haqida nimalar bilamiz?

Alloh taoloning inson zotiga ko‘rsatgan cheksiz marhamatlaridan biri shubhasiz suv ne’matidir. Zamindagi biror tirik jon suvdan behojat bo‘lolmaydi. Ushbu hayotdagi barcha narsa suv bilan tirikdir. Lekin Yaratuvchi bu ulug‘ ne’matini maxsus bir suv bilan xosladi. Unga fazl va barakot ato etdi. Musulmonlar kurrai zaminning turli nuqtalaridan ushbu xos ne’matdan bahramand bo‘lish uchun keladilar. U ham bo‘lsa zamzam suvidir. Xo‘sh, zamzam suvi o‘zi nima va uning qanday mo‘jizakor xususiyatlari bor?

Zamzam suvi

Zamzam suvi bu - zamzam qudug‘idan chiqadigan suvdir. Bu quduq Makkai mukarramadagi Haram hududida joylashgan. Bu suv barcha musulmonlar nazdida muqaddas suv hisoblanadi. Zero, Alloh taolo uni o‘ziga xos mo‘'jizaviy xususiyatlar bilan boshqa suvlardan afzal qilgan. Dini Islom ta’limotlariga ko‘ra, zamzam bulog‘ini Alloh taolo Ismoil alayhissalom va uning onasi uchun chiqarib bergan.

Zamzam qudug‘i Makkiy Haram hududi o‘z ichiga olgan muhim tarixiy unsurlardan biri hisoblanadi. U yer sathidagi eng mashhur buloq bo‘lib, musulmonlar qalbida o‘ziga xos ruhiy o‘rni bor. Ayniqsa, hojilar va umra ziyoratchilari uchun bu suvning ahamiyati katta. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: "Yer yuzidagi eng yaxshi suv zamzam suvidir. U to‘yimli taom va kasallikdan shifodir" (Tabaroniy rivoyati, al-Mo‘jam al-Kabir, sahih hadis).

Jobir raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda esa bunday marhamat qilinadi: "Zamzam suvi nima niyatda ichilgan bo‘lsa, o‘sha niyatning ro‘yobga chiqishiga sabab bo‘ladi" (Imom Ahmad, ibn Moja va boshqalar rivoyati).



Zamzam suvining nomlari

Zamzam suvining ko‘p nomlari bo‘lib, quyida ularning ba’zilarini zikr qilamiz:

1. "Zamzam" va "Zumazim". Bu so‘z "zamma-yazimmu-zumuman" fe’lidan olingan bo‘lib, biror idishga suv lim-lim to‘lib yonlaridan oqib tushganda ishlatiladi. Zamzam bulog‘ining suvi ko‘p va barakali bo‘lganligi uchun shunday nomlangan. Boshqa bir rivoyatda kelishicha, zamzam bulog‘i otilib chiqqan paytda Hojar onamiz unga qarab "zam-zam!" ya’ni "ko‘pay va ziyoda bo‘l!", degan ekanlar. Yana bir qavlga ko‘ra esa zamzamning bunday nomlanishi Jabroil alayissalomning zamzamasidan ya’ni, farishtaning mazkur buloq ustida chiqargan tovushi va kalomi tufaylidir. Boshqa bir fikrga ko‘ra, mazkur buloq ilk marotaba otilib chiqqan vaqtda o‘zidan maxsus tovush chiqarib sharqirab turgan,  shu sababli zamzam deb nomlangan. Zero, zamzama so‘zi shovqin bermoq, muttasil tovush chiqarmoq ma’nosini anglatadi. Zamzama so‘zining yana bir ma’nosi biror narsaning yoyilib ketgan chetlarini to‘plash, tarqalib ketmasligi uchun jamlash ma’nosini anglatadi.

2. "Baraka" va "Muboraka". Baraka so‘zi o‘sish, ziyoda bo‘lish, ko‘p yaxshilik va saodat ma’nolarini anglatadi. Zero, ularning bari zamzamda mavjuddir.

3. "Barra". Bu so‘z yaxshilik, ezgulik va vafo ma’nolarini anglatuvchi "birrun" so‘zidan olingan. Chunki Alloh taolo bu suv bilan Ismoil alayhissalomga yaxshilik qilgan. Yana bir qavlda esa aytiladiki, chunki u abrorlar, ya’ni yaxshilar uchun oqib chiqqan, fojirlardan esa tiyilgan.

4. "Bushro". Bushro so‘zi lug‘atda yaxshilik va xursandchilik xabari, mujda ma’nosini anglatadi. Zamzamning bunday nom bilan atalishiga sabab o‘zi va o‘g‘lining hayotini saqlab qolish uchun jon holatda suv qidirayotgan paytda Hojar onamiz uchun xushxabar bo‘lganligidandir. Zero, Hojar onamiz Safo va Marvo orasida suv izlab umidlari uzilay degan paytda Alloh taolo tomonidan in’om qilingan zamzamni ko‘rib qolgach, benihoya xursand bo‘lib ketadilar va "menga xushxabar bo‘lsin, axir bu suv-ku!", deb yuboradilar.

5. "Maktuma" (yashirilgan). Jurhum qabilasidan so‘ng zamzam bulog‘i yerga ko‘milib, berkilib ketganligi uchun shunday atalgan edi. So‘ngra Abdul Muttolib uni qayta ochgan.

6. "Haramiyya". Zamzam qudug‘i Alloh taoloning Harami ichkarisida bo‘lganligi tufayli unga "Haramiyya", ya’ni Haram bulog‘i degan nom berildi.

7. "Rakzatu Jibriyl" (Jabroilning qanot qoqishi), "hazmatu Jibriyl" (Jabroil paydo qilgan quyilik, chuqircha), "vat’atu Jibriyl" (Jabroilning oyoq bosishi). Zamzam suvining bunday nomlar bilan nomlanishiga sabab uning Jabroil farishta o‘z qanoti bilan yerga urishi yoxud oyog‘i bilan yerga tepishi natijasida paydo bo‘lib, yerdan otilib chiqqanligidir.

8. "Solima" (sog‘lom va salomatli suv). Zamzamning bu ism bilan nomlanishiga sabab unda salomatlik va ofiyat borligidandir.

9. "Siqoyatul hoj" (Hojilarga suv berish). Zamzam suvi hojilarni suv bilan ta’minlaydi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hojilarni zamzam suvi bilan ta’minlash ishini Abbos roziyallohu anhu va oilasiga topshirdilar.

10. "Sayyida". Chunki zamzam suvi boshqa barcha suvlarning sayyidi, eng afzali, eng sharaflisi va eng qadri balandi hisoblanadi.

11. "Shabbo‘atul 'iyol" (kambag‘allarni to‘ydiruvchi) shuningdek, "shab’a" (to‘qlik, to‘yimlilik). Johiliyat davrida zamzam bulog‘i shu nom bilan ham nomlanardi. Sababi, u chanqaganni chanqog‘ini qondirardi, kambag‘allarning qornini to‘ydirardi.

12. "Sharobul abror" (yaxshilarning sharobi). Sababi hamma yaxshilar va solih kishilar zamzam suvidan ichishga haris bo‘ladilar.

13. "Shifau suqmin" (kasalliklar shifosi). Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qildilar: "Zamzam yer yuzidagi eng yaxshi suvdir. Unda ochiqqanlar uchun taom, kasalliklar uchun shifo bordir" (Tabaroniy {11167, 11/98}, Haysamiy {3/286}, Ibn Hibbon sahih deganlar). Unda Alloh taoloning izni bilan barcha kasalliklarga davo bordir. Kim shifo niyatida ichsa, Allohning irodasi bilan, albatta, tuzalib ketadi.

14. "Sofiya" (sof). Zamzam barcha zararli narsalardan pok va sof bo‘lgan suvdir.

15. "Tohira" (pok). Zamzam barcha aybu nuqsonlardan pok, ichuvchi kishi uchun foydali suvdir. Bundan tashqari, zamzam hurmati balandligi uchun iflos narsalarga iste’mol qilinmaydi.

16. "Toyyiba" (xush, shirin, mazali). Zamzam suvining bu nom bilan nomlanishi sabab, ichgan kishi lazzatlanadi, uni hamma yaxshi ko‘radi.  

17. "Zohira" (zohir, ochiq-oydin). Zamzam suvining manfaati doim zohir bo‘lib, ko‘rinib turadi.

18. "Ofiyat". Zamzam suvi uni ichgan inson uchun ofiyat va shifodir. Alloh taolo mutaxassis tabiblar ham davolay olmagan qancha-qancha kasalliklardan zamzam  tufayli shifo bergan.

19. "G‘iyos" (yordam, qutulish). Chunki u Hojar onamiz va u kishining farzandi Ismoil alayhissalom uchun yordam, qattiq qiyinchilikdan so‘ng qutulish manbai edi.

20. "Kofiya" (kifoya qiluvchi). Zamzam suvi uni ichayotgan kishining barcha hojatlariga kifoya qiluvchidir.

21. "La tunzofu vala tuzammu" (yo‘q bo‘lmaydi va kamaymaydi). Zamzam suvidan qancha ko‘p ichilmasin kamaymaydi ham, tugab ham qolmaydi.

22. "Ma’saratu Abbos" (Abbosning ulug‘ merosi). Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hojilarga zamzam suvini ichirishdek sharafli vazifani Abbos roziyallohu anhu va uning oilasi uchun ajratib beradilar. Bu esa Abbos roziyallohu anhu va uning oilasi uchun ulug‘likda tengsiz bo‘lgan meros edi.

23. "Mu’nisa" (do‘st, dildosh). Zamzam suvidan ichgan mo‘min unga o‘rganib, o‘zida unga nisbatan doimiy mayl his qiladi va uni yaxshi ko‘rib qoladi. Mudom zamzam suvidan ichgisi kelaveradi.

24. "Maymuna" (barakali). Zamzam suvi har tamonlama barakalidir.

25. "Nofi’a" (foydali). Zamzam suvi sanab tugatib bo‘lmaydigan manfaatlarga ega ekanligi tufayli shunday nomlangan.



Zamzam suvining foydalari

Zamzam suvi o‘zining ma’naviy foydalaridan tashqari salomatlik uchun ko‘plab foydali xususiyatlarga egadir. Ularning ba’zilarini quyida zikr qilamiz:

1. Erta qarishning oldini oladi.

2. Jismning himoya tizimini (immunitet) kuchaytiradi.

3. Ovqat hazm qilishga yordam beradi.

4. Saratonga qarshi samarali vositalardan biri hisoblanadi.

5. Jism uchun foydali bo‘lgan ozuqa moddalarini qonga so‘rilish jarayonini kuchaytiradi.

6. Jismga kuch-quvvat baxsh etadi. Ayniqsa, hojilar haj mavsimida bunday kuch-quvvat va energiya manbaiga muhtoj bo‘ladilar.

7. Ko‘plab kasalliklardan tuzalishga yordam beradi. Jumladan, ko‘rish qobiliyatining pasayishi, qizamiq, yurak-qon tomir kasalliklari, qon bosimi, qon aylanishi kasalliklari va boshqa bir qator xastaliklardan tuzalishda samarali yordam beradi.

8. Shuningdek, zamzam suvi qandli diabet kasaliga chalinganlar, buyrak xastalari uchun ham shifodir. Shu bilan birga suyak va bo‘g‘in kasalliklari, oshqozon-ichak kasalliklari, hazmdagi muammolar, yo‘g‘on ichak muammolari, qabziyat va yana bir qancha kasalliklarni davolashda samarali vosita hisoblanadi.

 


Zamzam suvini boshqa suvlarga aralashtirish haqida

Agar zamzam suvidan boshqa oddiy suvlarga aralashtirilsa mazkur oddiy suv unga qo‘shilgan aralashma miqdoricha barakot va fazilat kasb etadi. Qancha ko‘p aralashtirilsa, shunchalik barakoti ortadi. Kamroq aralashtirilgan bo‘lsa ham mazkur suv zamzam qo‘shilmagan suvdan afzalroq va barakotliroq bo‘ladi. Zero, zamzam aralashtirilgan suvdan ichgan kimsa zamzam suvining ma’lum miqdorini ichgan hisoblanadi. Shu tufayli, uning fayzidan bonasib bo‘ladi.

Imom Kosoniy (rahimahulloh) aytadilar: "Agar bir kimsa zamzam suvidan iborat bo‘lgan biror suvni ichmayman deb qasam ichgan bo‘lsa va o‘sha (zamzamdan iborat bo‘lgan) suvga boshqa suvlardan juda ko‘p miqdorda quyilib, natijada zamzam suvi o‘ziga quyilgan ko‘p miqdordagi suvga aralashib, boshqa suv uning ustidan g‘olib kelsa va shundan so‘ng, mazkur suvdan ichsa, qasamini buzgan hisoblanadi" ("Badoi’u-s-sanoi'": 3/63;).

Yuqoridagi matnda aytilmoqchi bo‘layotgan narsa shuki, zamzam suvini ichmayman deb qasam ichgan kishi o‘ziga juda ko‘p oddiy suv aralashtirilishi natijasida oddiy suvga aralashib ketgan zamzam suvidan ichsa, qasamiga rioya qilmagan va zamzamdan ichib qo‘ygan hisoblanar ekan. Bu esa oddiy suvga aralashtirilgan zamzam butkul yo‘qolib ketmasligini anglatadi. Balki, u aralashgan suviga barakot kirgazadi.

Shu ma’noda, zamzam aralashtirilgan suvga "zamzam" deyilsa ham u hukman zamzam maqomida bo‘ladi. Unda zamzamning barakoti va fazilati mavjud bo‘ladi. Oddiy suvlardan ortiq bo‘ladi. Unga har qancha ko‘p suv quyilsa ham baribir, ichida zamzam mavjud bo‘ladi. Ammo fazilatda musaffo zamzamchalik bo‘lmaydi.

Sahobai kiromlar nafaqat zamzam, balki Nabiy alayhissalom tahorat qilgan suvlardan ham tabarruklanganlar. Uzoqdan kelgan kishilar uylariga qaytishda U zotning (alayhissalom) tahoratdan qolgan suvlarini o‘zlari bilan olib ketib, uni ko‘p miqdordagi suvlarga qo‘shib ko‘paytirganliklari rivoyat qilinadi.

Bu ham bo‘lsa, tabarruk narsa boshqa oddiy (tohir va pok) narsaga aralashtirilganda, aralashtirilgan oddiy narsa ham barakot va fazilat kasb etishiga dalolat qiladi.

Rivoyat qilinishicha, Nabiy alayhissalom Makkaning hokimiga odam yuborib, undan Madinaga zamzam suvidan jo‘natishni talab qilar ekanlar. Bundan maqsad, Madinaliklar ham zamzamdan yuqorida aytilganidek, oddiy suvlarga aralashtirib, ko‘paytirish orqali bahramand bo‘lishlari uchun ekan.

Abdulloh Kamolov