Basralik boylardan biri kemada safarga chiqib, bir xalta tillo evaziga cho'ri sotib oldi. Uning ismi Husn edi. Husnning o'zi ham, ovozi ham juda go'zal edi. Tor chalib, qo'shiq kuylar va chiroyli raqsga tushardi.
Boy cho'risini olib kemaga mindi va Basra tomon yo'lga otlandi. Shamol to'xtab, dengiz to'lqini tindi. Boy kemadagi odamlar uchun dasturxon yozib, qadahlarda may-u sharoblardan ulashdi. Keyin cho'risiga: «Qani, bir qo'shiq aytib, raqsga tushib ber», dedi. Cho'ri bor mahoratini ishga soldi.
Kemaning bir burchagida yosh solih bir yigit ham bor edi. U ham ko'rkam, husni-xulqli va xushovoz qori edi. Bir chetda Qur'on tilovat qilib o'tirardi. Haligi boy may ichib, shirakayf holatda yigitga baqirdi: «Hoy yigitcha, bundan ko'ra yaxshiroq va yoqimliroq ovozni eshitganmisan hech?», deb cho'riga ishora qildi.
Yigit esa xotirjam javob berdi: «Ha, albatta, bundan yaxshirog'ini eshitganman!»
Boy uning javobidan kuldi. Joriyani kuylashdan to'xtatdida yigitga qarab: “Qani, unda seni bir eshitaylikchi?”, dedi.
Qori yigit viqor bilan, dona-dona qilib tilovat qila boshladi:
..قُلْ مَتَاعُ الدُّنْيَا قَلِيلٌ وَالْآخِرَةُ خَيْرٌ لِّمَنِ اتَّقَىٰ وَلَا تُظْلَمُونَ فَتِيلًا
أَيْنَمَا تَكُونُوا يُدْرِككُّمُ الْمَوْتُ وَلَوْ كُنتُمْ فِي بُرُوجٍ مُّشَيَّدَةٍ ۗ
“Ularga ayting: “Dunyo matosi ozginadir. Allohdan qo'rqqan kishiga oxirat yaxshiroqdir. Sizlarga qilchalik zulm qilinmas”.
"Qaerda bo'lsangiz, hatto mustahkam qal'alar ichida bo'lsangiz ham o'lim sizlarni topib olur" (Niso 77,78).
Bu oyatlar boyning qalbiga qattiq ta'sir qildi. Qo'llari qaltiray boshladi. Qadaxdagi mayni suvga sepib: «Qasamki, bu eshitgan narsalarimning eng yaxshisi. Yana boshqasi bormi?», dedi.
Ha, bor deb, baland ovozda yana tilovat qildi yigit:
وَقُلِ الْحَقُّ مِن رَّبِّكُمْ ۖ فَمَن شَاءَ فَلْيُؤْمِن وَمَن شَاءَ فَلْيَكْفُرْ ۚ إِنَّا أَعْتَدْنَا لِلظَّالِمِينَ نَارًا أَحَاطَ بِهِمْ سُرَادِقُهَا ۚ وَإِن يَسْتَغِيثُوا يُغَاثُوا بِمَاءٍ كَالْمُهْلِ يَشْوِي الْوُجُوهَ ۚ بِئْسَ الشَّرَابُ وَسَاءَتْ مُرْتَفَقًا
"Ayting: «(Bu Qur'on) Parvardigoringiz tomonidan (kelgan) Haqiqatdir. Bas, xohlagan kishi iymon keltirsin, xohlagan kimsa kofir bo'lsin». Aniqki, Biz zolim — kofirlar uchun alangalari do'zaxilarni o'rab-chirmab oladigan do'zaxni tayyorlab ko'ygandirmiz. Agar ular (tashnalik shiddatiga chidamay) suv so'rasalar, eritilgan (dog'langan) yog' kabi yuzlarni kuydirguvchi suv berilur. Naqadar yomon ichimlik u, naqadar yomon joy u!" (Kahf 29).
Bu oyatlarni eshitib boyning qalbiga qo'rquv kirdi. Havotiri ortib, may to'la idishlarni, cho'rining qo'lidagi torni sindirib tashladi. Cho'kkalab o'tirib yig'lay boshladi: “Astag'firullah, Astag'furullah, bu men eshitganlarim ichida enga yaxshisi!”, deb qaytarardi va yigitga qarab: «O'g'lim, men shu vaqtgacha nima qilsam, qildim. Bundan pushaymonman! Endi tavba qilishim uchun biror yo'l bormi? Tavba qilsam, Robbim meni kechiradimi?» deya zorlandi.
Yigit boyni qilgan ishidan nadomat chekayotganini ko'rib, unga quyidagi oyatlarni o'qib berdi:
قُلْ يَا عِبَادِيَ الَّذِينَ أَسْرَفُوا عَلَىٰ أَنفُسِهِمْ لَا تَقْنَطُوا مِن رَّحْمَةِ اللَّهِ ۚ إِنَّ اللَّهَ يَغْفِرُ الذُّنُوبَ جَمِيعًا ۚ إِنَّهُ هُوَ الْغَفُورُ الرَّحِيمُ
"(Ey Muhammad), Mening o'z jonlariga (turli gunoh-ma'siyatlar qilish bilan) jinoyat qilgan bandalarimga ayting: “Allohning rahmat-marhamatidan noumid bo'lmangiz! Albatta, Alloh (O'zi xohlagan bandalarining) barcha gunoxlarini mag'firat qilur. Albatta, Uning O'zigina mag'firatli, mehribondir” (Zumar 53).
Bu oyatlardan keyin boy qattiq yig'lagancha: “Ha, Albatta Uning O'zigina mag'firatli, mehribondir!” dedi va shu holatda jon berdi.
Habib ibn Sa'id aytadi: Allohga qasamki, u haqida faqat yaxshilikni umid qilamiz. U may ichib, keyin shu ishidan qattiq nadomat chekib, yig'lagan ko'yi vafot etdi. Shundan keyin kema sohilga etishi uchun bir necha kun o'tdi. Uning jasadi esa o'zgarmadi, undan yomon hid ham chiqmadi!”
Ikrom Sharif tarjimasi
Toshkent islom instituti magistratura ta’lim bosqichining ilk bitiruvchilariga diplom topshirish marosimida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev so‘zga chiqib, mamlakatimizda muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan diniy ta’lim tizimi mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilganini alohida ta’kidladi.
Qayd etilganidek, magistratura bosqichini tamomlayotgan yosh mutaxassislar yuqori ilmiy salohiyat, mustahkam bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lib, bugungi kunda ularga nafaqat diniy sohada, balki davlat va jamoat tashkilotlarida ham ehtiyoj mavjud.
Shuningdek, diniy ta’lim yo‘nalishida berilgan diplomlarning davlat ta’lim tizimida to‘liq tan olinayotgani, bitiruvchilarning ilmiy-tadqiqot faoliyatini davom ettirishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgani hamda sohada uzluksiz ta’lim tizimi izchil yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi.
Tadbirda diniy-ma’rifiy sohada faoliyat yuritish oddiy kasb emas, balki yuksak mas’uliyat, vatanparvarlik, sadoqat va fidoyilikni talab etadigan sharafli xizmat ekani ta’kidlandi. Ilm ahli zimmasida xalq ma’naviyatini yuksaltirish, ma’rifatni keng yoyish va jamiyatda ezgu qadriyatlarni mustahkamlashdek ulug‘ vazifalar mujassam ekaniga urg‘u berildi.
Tadbir doirasida ilmiy faoliyatda yuqori natijalarga erishgan ilk 10 nafar magistr Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Maqtov yorlig‘i hamda zamonaviy planshetlar bilan taqdirlandi.
Ushbu e’tirof yosh mutaxassislarning ilm-fan yo‘lidagi izlanishlarini yanada rivojlantirish, ularning yurt taraqqiyoti, xalqimiz ma’naviy yuksalishi va farovonligi yo‘lidagi faoliyatiga munosib turtki bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati