U kishi Molik ibn Anas ibn Molik ibn Abu Omir al-Asbahiydirlar. Yaman qabilasidan bo'lmish Zu Asbah qabilasiga mansubdirlar. U kishining ajdodlaridan birlari Madinaga kelib, shu erda yashab qolganlar. Katta bobolari Abu Omir buyuk sahobiy bo'lib, payg'ambar alayhissalom bilan birga Badrdan boshqa barcha g'azotlarda qatnashganlar. Ba'zi rivoyatlarga qaraganda u kishi tobe'in muhazram (ya'ni, sahobalar davrida yashagan, ularni birortasi bilan uchrashmagan) bo'lgan. Kichik bobolari Molik tobe'inlarning kattalaridan va ulamolaridan bo'lgan. U kishi Usmon raziyallohu anhuni kechqurun qabrlariga ko'tarib borgan to'rt kishining birlaridir.
Imom Molik 93 hijriy sanada Madinada tug'ildilar. Ilmni Madina ulamolaridan oldilar.
Birinchi mulozimlik qilgan ustozlari Abdurrahmon ibn Hormuzdirlar. U kishi bilan juda uzoq vaqt birga bo'ldilar, shu orada boshqa olimlardan ham dars olib yurdilar. Bundan tashqari ibn Umarning ozod qilgan qullari Nofe'dan va ibn Shihob az-Zuhriydan ilm oldilar. Fiqhdan dars bergan ustozlari Robe' ibn Abdurrahmondirlar, u kishi “Robe'atur ra'y” nomi bilan mashhurdirlar. Molik 17 yoshga etganlarida hadis va fiqh fanlari bo'yicha mudarrislik mansabiga tayinlandilar. Molik o'zlari shunday deydilar: “Ahli ilmlardan etmish kishi meni mudarrislikka loyiq deb guvohlik berganlaridan keyin men fatvo berishlik va hadis aytishlik uchun o'tirdim”.
Shundan keyin u kishining nomlari hamma tarafga ovoza bo'lib ketdi, shuhratlari ufqlarni tutib ketdi. Oqibatda odamlar u kishidan ilm olishga har tarafdan kela boshladilar. Ilm talab qilib kelganlar eshiklarining oldida izdihom bo'lib, hatto bir-birlari bilan urishib ketar edilar. Imom Molik odamlarga etmish yil chamasida fatvo berdilar va ilm o'rgatdilar. Odamlar u kishining imomliklariga, ilmda martabalari yuqori ekanligiga, o'ta dindorliklariga, taqvolariga va sunnatga amal qilishlariga bir ovozdan ittifoq bo'lishgan. Imom Shofeiy aytadilar: “Molik Alloh taoloning xalqlariga ko'rsatgan hujjatidir”. Ibn Mahdiy aytadilar: “Men Molikdan ko'ra aqli to'laroq va taqvosi kuchliroq biror kimsani ko'rmadim”. Hammod ibn Salama aytadilar: “Agar menga Muhammad salallohu alayhi vasallamning ummati uchun ularga ilm beradigan kishini tanlagin deyishsa, men ana shu o'ringa Molikni tayinlagan bo'lar edim”. Lays ibn Sa'd aytadilar: “Molik taqvodor olimdir. Molikni ilmi uni olgan kishi uchun omonlikdir”.
Imom Molik haybatli kishi edilar, u kishi o'tirgan majlisda hech kim gapira olmas edi. Voqidiy aytadilar: “Molik o'tirgan majlis viqorli va hilmli majlis bo'lar edi. U kishi juda sergak va oliyjanob bo'lib, u kishining majlisida hech qanday tortishuv, bekorchi gaplar va ovozni baland ko'tarib gapirishlik bo'lmas edi. Agar u kishidan savol so'rashsa u kishi javob berar edilar va sen buni qayerda ko'rgansan – deb so'ramas edilar”.
Qachon hadis aytmoqchi bo'lsalar, g'usl qilar, eng yaxshi kiyimlarini kiyib, xushbo'y atirlarni separ edilar. Nima uchun bunday qilishlarini so'rashganda: “Men Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning hadislarini hurmatlayman” – deb javob berganlar. Agar biror kishi majlisda ovozini baland ko'tarib gapirsa, unga: “Alloh taolo Qur'onda: “Ey mo'minlar! Ovozlaringizni payg'ambarning ovozidan baland ko'tarmangizlar” (Hujurot surasi, 2-oyat) degan. Kimki Payg'ambar alayhissalomning hadislari aytilayotgan vaqtda ovozini baland ko'tarsa, go'yoki ovozini payg'ambarning ovozidan baland ko'targan bo'ladi” der edilar.
U kishining ustozlari, yaqinlari va u kishidan keyin yashab o'tganlar barchalari u kishini hadis ilmida imom deb va rivoyatlari ishonchli deb tan olganlar. Imom Buxoriy aytadilar: “Isnodlar ichida eng ishonchlisi Molik Nofe'dan, u kishi ibn Umardan rivoyat qilgani, undan keyin Molik Zuhriydan, u kishi Solimdan u kishi otalaridan rivoyat qilgani, undan keyin Molik Abu Zanoddan, u kishi A'rojdan u kishi Abu Hurayradan rivoyat qilganidir”.
Imom Molik “Muvatto” (ommabop) kitobini yozdilar. Bu kitobni qirq yil davomida yozib, saralab chiqqanlar. U kitobning hajmi hozirgi davrdagisiga qaraganda ancha katta edi. Aytishlaricha kitobdagi hadislarning soni o'n mingta bo'lgan. Kitobdagi hadislarni saralash, ta'na qilingan hadislarni chiqarib tashlash va imomlar amal qilmagan hadislarni olib tashlash oqibatida isnodlari muttasil (ya'ni bir-biri bilan uzluksiz bog'lanib kelgan roviylarning silsilasi) bo'lgan hadislar soni besh yuz atrofida bo'lib qoldi. Molik aytadilar: “Abu Ja'far Mansur hajda men bilan uchrashib qoldi va: “Men bilan sizdan boshqa olim qolmadi, men siyosat bilan mashg'ulman. Siz odamlarga sunnat va fiqh haqida kitob yozing. Faqatgina Ibn Abbosning ba'zi masalalardagi ruxsatlarini, Ibn Umarning ba'zi masalalardagi qattiqqo'lliklarini va Ibn Mas'udning ba'zi masalalardagi nodir so'zlarini kitobga kirgizishdan saqlaning va uni ommabop qilib yozing”, dedi. Men unga ta'lif qilish yo'lini o'rgating dedim. “Ya'ni menga mo''tadillik yo'lini ko'rsating” dedim. Islom ummati va ulamolari Molik hayotlik vaqtlaridayoq u kishining kitoblarini o'qiy boshladilar, hatto kitobni Imom Molikning o'zlaridan o'rganishlik uchun u kishining huzuriga kela boshladilar. Bir kuni Abu Ja'far al-Mansur Abu ar-Roshid: “Men Sizni bu kitobingizni Ka'baga osib qo'ymoqchiman, uni butun Islom olamiga tarqatmoqchiman va ixtiloflarga chek qo'yish uchun odamlarni yolg'iz shu kitobga amal qilishlariga majbur qilmoqchiman” dedi. Shunda Imom Molik: “Unday qilmang, chunki sahobalar er yuziga tarqalib ketganlar. Ular men kitobga kirgizgan Hijoz ahllarining hadislaridan boshqa hadislarni ham rivoyat qilganlar. Odamlar o'sha hadislarni ham olganlar. Siz ularni o'z hollariga qo'ying” – dedilar. Abu Ja'far: “Ey Abu Abdulloh, Alloh Sizni ajringizni bersin” – dedi.
Imom Molikning xususiyatlaridan yana biri u kishi bir yo'la fiqh va hadis ilmida imomlikka ega bo'ldilar. U kishidan hadisni ibn Shihob az-Zuhriy, Madina ahlining faqihi Robiatar ra'y, Yahyo ibn Sa'id al-Ansoriy, Muso ibn Aqoba va boshqalar rivoyat qilishgan. Bularning barchalari u kishining ustozlaridirlar. Yaqin birodarlaridan Sufyon as-Savriy, Lays ibn Sa'd al-Avzoiy, Sufyon ibn Uyayna, abu Yusuf va boshqalar rivoyat qilganlar. Eng ko'zga ko'ringan shogirdlaridan Shof'eiy, Ibn Muborak, Muhammad ibn Hasan ash-Shayboniy va boshqalar rivoyat qilganlar. Umuman olganda Islom olamidagi ulamolardan 1300 dan ortiqrog'i u kishidan hadis rivoyat qilganlar. Shuningdek, ko'pgina kishilar u kishidan fiqh ilmini olganlar, ulardan Ibn Qosim, Ibn Vahb, Ashhab va boshqalar.
IMOM MOLIK MAZHABINING USULI
Imom Molik o'z mazhablarini 20 ta dalilga binoan tuzdilar. Molikiy mazhabi ulamolarining gaplariga qaraganda ushbu 20 ta dalil quyidagilardan iborat: 1.Qur'on. 2. Qur'onning zohiriy ma'nosi, ya'ni, umumiy ma'nosi. 3.Uning dalolati, ya'ni zohiriga muxolif tushunchasi. 4. Tushunchasi – ya'ni zohiriga muvofiq tushunchasi. 5. Uning ogohlantirishi, ya'ni biron narsani sababi bilan ogohlantirish, masalan “Albatta u (narsa) iflos va buzuqdir” (An'om surasi, 145-oyat)ga o'xshash. Hadisdan ham yuqoridagi beshta holat oliniladi. Hammasi bo'lib o'nta bo'ladi. 11. Ijmo'. 12. Qiyos. 13. Madina ahllarining amali. 14. Sahobaning gapi. 15. Istehson. 16. Zararli ishlarni oldini olish bilan hukm qilish. 17. Ixtilofli masalalarni rioya qilish. Bunga kamdan-kam amal qilar edilar. 18. Istihbob. 19. Hukm chiqarmay tashlab qo'yilgan maslahatli ishlar. 20. Bizlardan oldingi o'tgan ummatlarning shariati.
Imom Molik bu dalillarga zikr qilingan ushbu tartibda amal qilmaganlar. Bu haqda Qozi I'yoz shunday dedilar: “Agar sen mazhab imomlarining ixtilofli masalalariga, ularning fiqhiy masalalarni olgan o'rinlariga va shariatdagi ijtihodlariga nazar solsang, birinchi qarashdayoq, Imom Molikni ushbu usullarda o'ziga xos yo'ldan yurganligini, usullarni o'ziga xos tartibda tuzganligini, Qur'onni asardan oldinga qo'yganligini, so'ngra asarni qiyos va e'tibordan oldinga qo'yganligini, ishonchli bo'lmagan asarlarni tark qilganligini yoki ahli Madinadan bo'lgan ko'pchilik ulamolar xilof tarzda amal qilgan asarlarni tark qilganligini, so'ngra qiyin masalalarda va noaniq masalalarni echishlikda salafi solihlar (ya'ni avvalgi o'tkan solih kishilar)ning yo'lidan yurganligini, Qur'on va sunnatga ergashishlikni afzal bilib, bid'at ishlarni yoqtirmasligini ko'rasan”.
Qozi I'yoz bizga hikoya qilib bergan narsalaridan shu narsani tushunamizki, Imom Molik umumiy ko'rinishda asarga bo'lgan munosabatlarida imkon qadar Hijozliklarning yo'lini tutganlar va taqdiriy masalalarga chuqur kirishlikni va uni voqe' bo'lishidan oldin faraz qilishlikni yoqtirmaganlar.
Imom Molik bilan boshqa imomlar o'rtasida ixtiloflarning kengayishiga ta'sir etgan u kishining ko'zga ko'ringan eng muhim yo'llarini quyidagilarda ko'rsatishimiz mumkin:
A) Imom Molik o'g'rilikda ayblanayotgan kishini qilgan o'g'riligiga iqror qildirish uchun uni urishni joiz deb sanaydilar. Boshqa imomlar esa joiz emas, deydilar. Chunki o'g'rilik qilganiga iqror qildirish bir maslahat bo'lsa, buning qarshisida boshqa bir maslahat turadi. U ham bo'lsa, urilayotgan kishining maslahati. Chunki u, ehtimol beayb bo'lishi mumkin. Gunohkor kishini urmasdan qo'yib yuborish begunoh kishini urgandan ko'ra engilroqdir. Urmay qo'yib yuborishlik bilan o'g'irlangan molni qaytarib olishlikni qiyinlashtirishga yo'l ochilsa, urishlik bilan begunoh odamni azoblashlikka yo'l ochiladi.
B) Eri bedarak ketgan ayol xususida. Agar uning erini na o'lik va na tirikligidan darak bo'lmasa, u ko'p yillar kutishi natijasida bevalikdan qiynaladi. Bunday holatda Imom Molik bedarak yo'qolgan erning maslahatidan ko'ra ayolning maslahatini ustun bilib, ayolga erining yo'qolgan vaqtidan to'rt yil o'tganidan keyin turmushga chiqishlikka ruxsat berganlar.
V) Hayz ko'radigan ayol taloq qilinsa va uning hayz orasidagi poklik muddati cho'zilib ketsa bunday holatda Imom Molik ayol kishiga homiladorlik muddati (ya'ni to'qqiz oy) o'tganidan keyin yana uch oy jami bir yil idda o'tirishlikka fatvo berganlar. (Shariat ko'rsatmasi bo'yicha hayz ko'radigan ayol taloq qilinganda uch hayz ko'rgunicha idda saqlashi lozim). Bunda Imom Molik idda vaqti cho'zilib ketishi bilan ayol kishi zarar ko'rib qolmasligi uchun ayolning maslahatini rioya qiladilar va mana shu maslahatni “Taloq qilingan ayollar uch hayz muddaticha o'zlarini kuzatadilar” degan oyatning zohiriy ma'nosidan oldinga qo'yadilar. Taloq qilingan ayol esa, oylar bo'yicha idda saqlashi uchun hali hayz ko'rishdan umid uziladigan yoshga etganicha yo'q. (Hayz ko'rishdan umidi uzilgan ayol taloq qilinsa shariat bo'yicha uch oy idda saqlaydi).
IMOM MOLIKNING MAShHUR ShOGIRDLARI
ABDURRAHMON IBN QOSIM
Abdurrohman ibn Qosim Misriy molikiy mazhabining faqihlaridandir. 20 yil Molikka shogird bo'lganlar va fiqh ilmida pishib etilganlar. Molikdan olgan ilmlarini boshqalarni ilmi bilan aralashtirmaganlar. Hadislarni Molikdan, Lays ibn Sa'd Misriydan, Muslim ibn Holid Zanjiy (Shofeiyning ustozi)dan olganlar. U kishidan hadis va fiqhni Asbag' ibn Faraj va Muhammad ibn Salama Murodiylar olishgan.
Abdurrahmon ibn Qosimni ko'pchilik ulamolar maqtaganlar. U kishi haqida Molik: “U xuddi mushki anbar to'ldirilgan idishga o'xshaydi” deganlar. An-Nasoiy: “U ishonchli va omonatdor kishi”, deganlar. Andalus (hozirgi Ispaniya) qozilarining shayxi Yahyo: “U molikning fiqhini odamlar ichida eng yaxshi biluvchi va ishonchli kishi” deb guvohlik beradilar. Ibn Qosim mujtahid mutlaq darajasiga etishganlar. Asad ibn Furot Iroqda Abu Hanifaning shogirdlaridan o'rgangan fiqhiy masalalarni Ibn Qosimga aytganlarida u kishi xuddi shu masalada Molik mazhabi bo'yicha fatvo berdilar. Ibn Furot bu fatvolarni olib Mag'rib (Marokash) tomonga ketdilar va u erda bu fatvoni tarqatdilar. Bu fatvolarni u kishidan Sahnun Mag'ribiy Molikiy o'rgandilar. So'ngra u kishi Misrga keldilar va ushbu fatvolarni Ibn Qosimga ko'rsatdilar. Keyinchalik bu fatvolar fiqh tartibi bo'yicha tartiblanib, kitob shakliga keltirildi va Molikiy mazhabidagi kitoblar ichida “Mudavvana” nomi bilan tanildi. Ibn Qosim ilm bilan bir qatorda taqvo va zuhd bilan ham tanilgan edilar. Misrda 191 hijriy yilda vafot etganlar.
ABU MUHAMMAD ABDULLOH IBN VAHB
U kishi Abu Muhammad Abdulloh ibn Vahb ibn Muslim Misrlik faqih, Yazid ibn Anas Faxriyning ozod qilgan cho'risi Rayhonaning ozod qilgan qulidir. 125 hijriy yilda tug'ilib, o'n etti yoshlaridan ilm talab qila boshlaganlar. Molikdan, Lays ibn Sa'ddan, Sufyon ibn Uyayna va boshqalardan hadis rivoyat qilganlar. Fiqhni avval Molik va Laysdan olganlar, keyin 148 hijriy yilda Molikni oldilariga bordilar. Molikning suhbatida to u kishi vafot qilgunlaricha birga bo'ldilar.
Abu Muhammad juda ko'zga ko'ringan faqih edilar. Hattoki, u kishi ibn Qosimdan ham faqihroq deyishgan. Faqatgina u kishini taqvolari fatvo berishlikdan to'sib turgan. Molik u kishiga maktub yozganlarida: “Misr faqihiga, muftiy Abu Muhammadga”, deb yozar edilar. Boshqa hech kimga bunday tarzda yozmas edilar. Bundan tashqari u kishi Abu Muhammadni olim va imom deb atar edilar.
Abu Muhammad ishonchli muhaddis ham edilar. Abu Zar'adan rivoyat qilinadi: “Men Ibn Vahbning Misrda va Misrdan boshqa erdagi o'ttiz mingta hadisini o'rgandim, lekin ularni birortasini ham asli yo'q ekanligini bilmadim, u ishonarli muhaddis”. Ibn Hibbon aytadilar: “Ibn Vahb hadis to'pladilar va uni kitob qilib yozganlar. U kishi Misr va Hijoz aholisining hadislarini yodlaganlar. U kishi taqvodor bandalardan edilar”.
Bir kuni u kishiga qozilik qilishga to'g'ri kelganda, u kishi o'zlarini olib qochib, uylariga kirib ketganlar. U kishiga o'zlari yozgan “Qiyomat qo'rqinchlari” kitobini o'qib berishganda u kishi xushlaridan ketib yiqilganlar va shu yotganlaricha bir necha kundan keyin vafot etganlar. Horis ibn Miskin aytadilar: “Ibn Vahb fiqhni, rivoyatni va ibodatni o'zlarida jam qilganlar. Ulamolarning muhabbatiga, xususan Molikning muhabbatiga sazovor bo'lganlar. U kishini ilmning devoni deb atashar edi”. Ibn Qosim aytadilar: “Agar Ibn Uyayna vafot etsalar, men tuyamni Ibn Vahb tarafga qaratib qamchilagan bo'lardim. Hech kim ilmni u kishichalik yozib qoldirmagan. Agar mashoyixlar u kishining qoldirgan ilmlarini ko'rsalar unga tiz cho'kkan bo'lar edilar”.
Abu Muhammad (Alloh u kishini rahmat qilsin) 197 hijriy yilda vafot etdilar.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
raisining birinchi o'rinbosari
Homidjon Ishmatbekov
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Kengaytirilgan Ilmiy kengash hamda Prezident Shavkat Mirziyoyev g‘oyasi va tashabbusi bilan poytaxtda bunyod etilayotgan megaloyiha muzey ekspozitsiyasi va kutubxona fondini shakllantirish, uning rasmiy ochilish marosimini yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha Ishchi guruh va kichik ishchi guruhlarining navbatdagi qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda
Kengash uchrashuvida quyidagi masalalar muhokama qilinishi rejalashtirilgan:
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining rasmiy ochilishi;
“O‘zbekistonning madaniy merosi — butun insoniyat mulki” mavzusidagi Global ko‘rgazmani tashkil etish;
“Buyuk o‘tmish merosi – ma’rifatli kelajak poydevori” mavzusidagi IX Xalqaro kongressga tayyorgarlik;
Islom olami ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti – ICESCO (AYSЕSKO) bilan hamkorlikda xalqaro konferensiya o‘tkazish;
“1001 kashfiyot” bolalar ko‘rgazmasini o‘tkazish;
“114 Qur’on” va “O‘zbekiston kartografiyasi” nashr loyihalari taqdimoti;
Shuningdek, “Tirik tarix”, “Kutubxona”, “Tarixiy shaxslar panoramasi” portallari, multimedia va raqamli loyihalar, Imom Buxoriy haqidagi film va kinoxronikalar taqdimoti shular jumlasidandir.
Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati