Buyuk shoir va mutafakkir alloma Alisher Navoiyning bebaho ilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixi rivojida alohida o'rin tutadi. Alloma o'zining asarlarida yuksak umuminsoniy g'oyalarni, ona tilimizning beqiyos so'z boyligi va cheksiz ifoda imkoniyatlarini butun jozibasi va latofati bilan namoyon etib, er yuzidagi millionlab kitobxonlar qalbidan munosib va mustahkam o'rin egalladi.
Shu kunlarda Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi munosabati bilan joylarda Navoiy ijodini yanada keng o'rganish va targ'ib qilish maqsadida adabiy-badiiy anjumanlar, ilmiy-amaliy konferentsiyalar va navoiyxonlik kechalari o'tkazilmoqda.
Joriy yilning 8 fevral' kuni Hadis ilmi maktabida ham buyuk mutafakkir, so'z mulkining sultoni Nizomiddin Mir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi munosabati bilan “Navoiyni yod etib” mavzusidagi ma'naviy-ma'rifiy tadbir o'tkazildi.
Mazkur tadbir ikki qismda bo'lib o'tdi. Dastlab Oliy maktab majlislar zalida o'qituvchi va talabalar uchun “Navoiy ijodini anglab” mavzusidagi ilmiy-ma'rifiy davra suhbati tashkil etildi. Ilmiy majlisga navoiyshunos olimlardan Samarqand davlat universiteti “Mumtoz adabiyot tarixi” kafedrasi dotsentlari S.Toxirov, A.Razzoqov hamda mazkur universitet magistranti A.Sobirov ishtirok etdi.
Tadbir avvalida maktab rektori O.Yusupov so'zga chiqib, so'nggi yillarda Alisher Navoiyning boy va serqirra ijodiy merosini har tomonlama chuqur o'rganish, uning o'lmas asarlarini yurtimizda va xorijiy mamlakatlarda keng targ'ib qilish hamda xotirasini abadiylashtirish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida so'zladi.
Shundan so'ng ma'ruzachilar S.Toxirov, A.Razzoqov Alisher Navoiy ijodida komil inson g'oyasi, ilohiy ishq vasfi, xayru-saxovat va ezgulik kabi o'lmas umuminsoniy qadriyatlarning yoritilishi to'g'risida ma'ruzalar qildi.
Albatta, Navoiyxonlik kechalarini g'azal va baytlarsiz tasavvur qilib bo'lmaydi. Ushbu tadbirda tashrif buyurgan magistrant A.Sobirov Navoiy asarlardan g'azallar o'qib, ularni sharhlash asnosida baytlarda ilgari surilgan ilohiy ishq mavzusida ilmiy ma'ruza qildi.
Ilmiy-ma'rifiy davra suhbatidan so'ng Alisher Navoiyni xotirlab Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari, Samarqanddagi Malaka oshirish markazi mintaqaviy filialida malaka oshirayotgan imom xatiblar hamda maktab o'qituvchi va talabalar uchun ehson dasturxoni tashkil etildi. Tadbir yakunida xatmi Qur'on o'qilib, diyorimizda o'tgan barcha allomalar, xususan, mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy hazratlarini yod etib duoi xayr qilindi.
Hadis ilmi maktabi Matbuot xizmati