Birinchidan, Qur'ondagi oyatlar ba'zan mazmunan dostonlarda qaytariladi va inson mukarram zot ekani, uning vujudi tuproqdan bo'lsa-da, ammo ruhi ilohiy xususiyatga egaligi bayon etiladi. Shoir insonni islomiy aqidalarga kat'iy amal qilgan holda ta'riflar ekan, uning iymonli bo'lishi, shariat talablariga og'ishmay rioya qilishi lozimligi, o'zini anglashi, o'z Rabbini tanishi zarurligi haqida yozadi. Inson ana shu maxzanni kashf etishi, ruhini kamol toptirib, poklanib, foniylikka etib, ilohiy olamga etishishi kerak. Komil inson – ilohiy ilmlarni egallagan, qalbi nurli, har narsadan ogoh odam. Ammo bu yo'l bag'oyat mushkulliklar bilan, tinimsiz Alloh sari poklanib borish bilan amalga oshadi.
Bu jihatdan «Hayrat ul-abror»ning 21-bobi ‒ alohida ahamiyatga ega. Unda ham Hoja Bahouddin Naqshband, ham Hoja Ubaydulloh Ahror Valiy ta'rifu tavsif etildi. Bobning dastlabki 15 bayti ‒ Hoja Bahouddin Naqshband, keyingi 30 bayti esa ‒ Hoja Ubaydulloh Ahror Valiy haqida.
Navoiyning boshqa asarlarida ham Hazrati Naqshband haqida fikrlar bor, lekin bu bobda u silsila asoschisi haqida keng to'xtab, uning mavqei va salohiyati, qarashlari – maslagini bayon etib berishga muvaffaq bo'ladi, Hoja Ubaydulloh Ahror Valiyni esa “Hamsa” yozilgan zamondagi uning o'rinbosari sifatida ta'riflaydi.
Navoiy hazrati Bahouddinning ulviy martabasi, tariqatdagi xizmatlari haqida yozar ekan, «naqsh» so'zining ko'p ma'noligidan foydalanib, zanjirli so'z o'yini hosil qiladi – ajoyib tasvir yaratadi. Ma'lumki, «naqsh» so'zi ‒ bir nechta ma'noga ega. Navoiy «naqsh» deganda, avvalo, dunyoni, «naqqosh» deganda esa Holiqi olamni ko'zda tutadi:
Hojaki, naqqosh sipehri baland,
Bo'lg'ali har safhasiga naqshband,
Ayladi avroq munaqqash base,
Naqsh raqam ayladi dilkash base
Shunday qilib, dunyo ashyolari, go'zal hayot, falaklar barchasi ‒ Alloh, ya'ni Naqqoshi azalning naqshi suratlari. Shu kabi nabilar va valilar ko'nglidagi limmo-lim ilm ham Allohning naqshi hisoblanadi. Jumladan, Hazrat Bahouddindagi valilik qobiliyati, ilohiy iste'dod ‒ Tangri ne'mati natijasi. Bahouddinning «naqshband»ligi ‒ ilohiy naqshbandlikning inson zotiga zuhur etishidan iborat. Bahouddin ko'ngullarga ilohiy ishq naqshini, fano va faqrlar naqshini soladi. Bu zotning qalbida dunyo, ya'ni g'ayr naqshi yo'q. Uning qalbi shunday tozaki, unda faqat Alloh suvrati ‒ namoyon. U zikr orqali ko'ngillarni Alloh ismu sifatlari bilan to'ldirgan.
Hoja Ahror ham ‒ naqshbandiyaning buyuk murshidi. U ilmu donish, karomatu valilikda tengi yo'q bir zot:
Ulki bu ofoq ichida toq erur.
Toq nekim, murishdi ofoq erur.
Charxi nigun dargahida xokro'b,
Balki jabini bila xoshokro'b.
Yuz qo'yubon qullug'ig'a shohlar,
Bazmida bexud o'lub ogohlar
Albatta, bular ‒ shoirona baland pardali tavsiflar. Bu yuksak ruh shoirning Hoja Ahrorga ehtiromini ko'rsatadi. Ul zotning sharafi buyukligini ta'kidlash orqali amalda tasavvuf g'oyalarining, so'fiylar e'tiqodining buyukligi ta'kidlanadi.
Hoja Ahrorning suhbatlarida beiymon iymon topadi, iymoni sustlarning iymoni mustahkamlanadi, u balolarni qaytaruvchi, ruh olamini sayr etib, mujdalar keltiruvchi, g'ayb asrorini kashf etuvchi ulug' zot.
U shohlarga emas, shohlar unga qulluq qiladi, lekin Hoja Ahror uchun shohu gado ‒ barobar:
Haq so'zini elga qilurda ado
Teng ko'runub olida shohu gado
O'zigina emas, xalifalari, ya'ni shogirdlari ham ‒ olam eliga rahnamo. Hoja Ahror tijorat bilan shug'ullanib, safarlar qilgan bo'lsa ham, ammo «yuklarida tuhfai naqdi fano». Hoja Ahror Navoiy nazarida poklik va ruhiy-ma'naviy kamolot timsoli, ezgulikka hidoyat etuvchi rahbar, har qanday sharoitda haq so'zni aytuvchi, shohlar va sultonlardan yuqori turadigan, Tangri taolo va payg'ambar (s.a.v.) ishini bandalar orasiga joriy etadigan zot. Shoir yurtning obodligi, osoyishtaligini, shunday valilarning sharofatidan, deb biladi. Hoja Ahror hazratlari ‒ yurtlarning qo'riqchisi, sultonlar uzra sulton:
Mulki jahon mazrayi dehqoni ul,
Balki jahon mulki nigahboni ul.
Yo'qqi mamolikka nigahbon o'lub,
Borcha salotin uza sulton o'lub
Navoiyning hazrati Jomiyga bag'ishlangan baytlari ham pirga bo'lgan mehr-muhabbatini ifoda etadi. Jomiy Navoiy uchun ham pir va ham iste'dod ilhomchisi – ustozi suxan. «Hayrat ul-abror»dagi Jomiy haqidagi bobda shu ikki jihat birga ifodalangan. Masalan, quyidagi satrlar Jomiyning buyuk so'fiy piri murshidligiga ishoradir:
Qaysi jahon, olami kubro degil,
Qudrati Allohu taolo degil.
Hirqa aning jismida qapton bo'lub,
Qaptoni tan, jismi aning jon bo'lub.
Hirqa bila topmagani ixtisos,
Tanni riyo to'nidin etmak xalos.
Chunki tavajjuhda quyi solsa farq,
Soyiri ravshan ravish, andoqqi barq
Demak, Jomiy garchi shayxlar kabi xirqa (maxsus so'fiyona quroq to'n) kiymasa ham, lekin unda valilik, so'fiylikning barcha belgilari ‒ muhayyo. Bu odamda Hudoning qudrati mujassam bo'lgan, u go'yo olami kubro – ilohiy olamning erdagi ifodasi. Boshini tavajjuh – tafakkurga egsa, o'n sakkiz ming olamni sayr qilib chiqadi. Mana bu baytdagi ma'no esa Jomiy bilan Naqshband orasidagi munosabat salohiyat va martabadagina emas, balki axloq va ravishda ham o'xshashlik borligini ko'rsatib turadi:
Fayzi gadovu shah aro muntashir,
Hizmatiga shohu gado muftaxir
Ya'ni shohu gado unga barobar bo'lib, xizmatiga kelish, nafasidan bahra olishdan faxrlanib yuradilar. Jomiy Navoiy uchun hayotdagi komil inson edi.
Komil inson haqidagi g'oyalar asrdan-asrga, shoirdan-shoirga o'tib, to'lishib, teranlashib borgan. Bu bir ideal, obraz sifatida adabiyotdan mustahkam o'rin olgan. Ruhoniy shayxlar, nomdor so'fiylarga, komillik timsoli, deb qaralgan. Ularning axloqi elga namuna qilib ko'rsatilgan.
Navoiy «Hayrat ul-abror»da o'zi e'tiqod qo'ygan shayxlar, valilar siymosini chizib, insoniy barkamollik, iymon va e'tiqod g'oyalarini targ'ib etadi. Bu dostonda Boyazid Bistomiy, Ibrohim Adham, Abdulloh Ansoriy, Shayx Iroqiy, Imom Faxriddin Roziy, Hoja Muhammad Porso, Abdulloh Muborak nomi bilan bog'liq hikoyatlar keltiriladi. «Hayrat ul-abror»dagi ikki vafoli yor, rindi Bani Isroil, chinlik go'zal va uning oshig'i haqidagi hikoyatlarni ikkinchi qism hikoyatlariga kiritamiz. Navoiyda No'shiravon, Hotami Toiy, Bahrom Go'r, Ayub payg'ambar hayotidan olingan hikoyatlar ham mavjud. Bu hikoyatlarning umumiy xususiyati shuki, ularning har birida bir so'fiyona g'oya ixcham, esda qoladigan darajada ifodali qilib tasvir etiladi.
Hullas, Navoiy qarashlarida tasavvuf g'oyalari keng o'rin egallaydi. Shoir so'fiy axloqi haqida qator fikrlar bayon etishdan tashqari, valiy inson qanday bo'lishini ko'rsatgan. U o'zining bevosita ustozi, piri Jomiyni ham shunday zotlar qatoriga qo'yib ta'riflaydi, uni, real hayotdagi komil inson, deb biladi.
Navoiy hayotga munosabatda ham tasavvuf ta'limotidan kelib chiqadi. Chin so'fiyning axloqini namuna qilib ko'rsatadi. Odamlar undan ibrat olishi kerak. Insoniy nuqson va kamchiliklar kishilarni Ilohdan va odamiylikdan uzoqlashtiradi. Kishi qancha Allohga yaqin bo'lsa, u shuncha insoniydir, shuncha buyukdir.
Bu g'oyalar bugun uchun o'ta ahamiyatli hisoblanadi.
Muslihiddin MUHIDDINOV,
filologiya fanlari doktori, SamDU professori
Ayoli vafot etganidan keyin eri juda mayus bo‘lib qoldi. Bir kuni uning yaqin do‘sti uni koyidi:
– Haliyam uylanmadingmi?
– Yo‘q, – dedi u.
– Nega, nahotki boshqa ayollar ichida senga yoqadigani bo‘lmasa?
– Rahmatli ayolimga o‘xshagani topilmasa kerak...
– Qo‘ysang-chi, ayollarning bari bir-biriga o‘xshaydi-ku!..
– Men zohirini aytmayapman. Ichki olamini, botinini aytyapman.
Yigit hayron bo‘lib qarab turgan do‘stiga hayotida bo‘lgan birgina voqeani gapirib berdi:
“Bir kuni ayolim jahlimni chiqardi. Qattiq urishdim va uni ota uyiga haydadim. Jimgina ketdi. Oradan bir necha kun o‘tgach, qilgan ishimdan pushaymon bo‘ldim. Aslida ayb o‘zimdan o‘tganini angladim. Ming andisha bilan qaynotamnikiga bordim. Eshik oldida biroz turib qoldim. So‘ng eshikni taqillatdim. Ayolim ochdi va meni hayratda qoldirib, xuddi oramizda hech gap o‘tmaganday, baland ovozda:
– Assalomu alaykum dadajonisi, safaringiz yaxshi o‘tdimi? – deya tabassum bilan ko‘zini qisib qo‘ydi. Unga bir nimalar demoqchi bo‘lgan edim, u meni qattiq bag‘riga bosib, bunday dedi:
– Gapirmang, ota-onamga sizni “safarga ketdilar”, dedim...
Ana shunday fahmli, oqila edi ayolim. Shuning uchun ham unga hech birini o‘xshatolmay, uylanolmay yuribman, do‘stim”.
Ha, azizlar! Alloh taolo erkakni ayol uchun, ayolni erkak uchun ne’mat qilib bergan. To‘g‘ri, ba’zilar bir-birlarining kamchiliklaridan shikoyat qilib qolishadi. Ammo hech kim benuqson emas. Mukammal ayolni ham, erkakni ham axtarmang bu dunyoda. Hikoyada kelganidek, ba’zida er uchun bir jufti halol butun dunyodagi ayollardan afzal bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, ahli ayolimizni qadrlaylik. Zero, u ham kimningdir farzandi, bolalarimizning onasi. Eng muhimi, Allohning bizga bergan omonatidir.
Akbarshoh RASULOV