Buyuk Alisher Navoiyning nomi ko'hna tarix zarvaraqlarida oltin harflar bilan yozilganiga shubha yo'q. Uning bitgan asarlari jahon adabiyotining durdonalaridan hisoblanadi. Ularda bashariyatni ruhiy, ma'naviy kamol topishi uchun diniy, insoniy odob - axloq qoidalari, namunalari mukammal aks etgan. E'tiborlisi shundaki, ayni shu jihati bilan o'quvchini buyuk maqsad - ma'naviy kamolot sari etaklaydi.
Bu zoti sharif boshqa ijodkorlardan farqli o'laroq insonning bunyodkorlik fazilatini nafaqat tarannum etgan, balki o'zi bunyodkorlik namunasini amalda ko'rsatib bergan ulug'lardandir. Inson hayron qoladi. Ijodidan ortib, el - yurt manfaati uchun naqadar go'zal inshootlar barpo etganki, u go'yoki shoirlik sharafiga bunyodkorlik sifatini ham qo'shib yuborgan, desak xoto qilmagan bo'lamiz.
Tarixchi Hondamirning yozishicha, Alisher Navoiy qisqa umri davomida 4 ta madrasa, 25 dan ortiq masjid, 11 ta xonaqoh, 25 ta rabot, 20 ta hovuz, 16 ta ko'prik, 1 to'g'on, 9 ta hammom qurdirgan. Navoiyning bosh bo'lib qurdirgan barcha imorat - inshootlari hisoblanganda 300 tadan oshib ketishi aniqlangan.
Bobur o'zining mashhur "Boburnoma"sida Navoiyni vasf qilib, "Ahli fazl va ahli hunarg'a Alisherbekcha murabbiy va muqavviy ma'lum emas... Muncha binoiy xayrkim, ul qildi kam kishi mundoqqa muvofiq bo'lmish bo'lg'ay", deb yozadi.
Ammo bu kamtarlikni qarangki, shuncha inshootlar qurib, xayrli ishlar qilib, bebaho asarlar yozishiga qaramay, hamisha o'zini o'zi malomat qilib, go'yoki dunyoga kelib hech ish qilmay ketayapman, degandek nafsining xohishiga qarshi fikrlar bildiradi:
Navoiy nafs zulmatiga qolmish,
Sen o'lmay Hizri ruh, chiqmoq ne yoro?!
Qiyomatda gunohin avf etarg'a
Rasulingni shafi' et kirdigoro.
Bugun biz ulug' Navoiy bobomizdan o'rnak olib, o'qib, o'rganib ma'naviy olamimizni boyitishimiz, el manfaati yo'lida butun borlig'imizni fido etmog'imiz darkor. Zero, uning asarlari millatimiz, ma'naviyatimiz quyoshi odamiylikning barcha jihatlari bilan har doim hamnafasdid.
Shofirkon tuman "Qori Fazliddin" masjidi imomi Mustaqim Isoyev.
Savol: O‘qilgan namozimdan ko‘nglim to‘lmadi. Shu namozni qayta o‘qishim kerakmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu masalaning biroz tafsiloti bo‘lib, unga ko‘ra namoz quyidagi holatlarda qayta o‘qilishi lozim:
• Namozda biror farz amal bajarilmay qolib ketgan bo‘lsa;
• Namozda biror vojib amal qasddan bajarilmay qolib ketsa;
• Namozda biror vojib amal unutib bajarilmasa va namoz oxirida sajdai sahv ham qilinmay tugatilgan bo‘lsa.
Agar namozda sunnat amallar tark qilingan bo‘lsa yoki namoz makruhlik bilan o‘qilgan bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qish vojib emas, balki mustahab (chiroyli sanalgan) ish hisoblanadi. Ushbu holatda qaytadan o‘qimasa ham gunohkor sanalmaydi.
Savolda so‘ralgan holatga kelsak, ko‘ngil to‘lmasligi yuqorida sanab o‘tilgan farz yoki vojib amal tark qilingan holatlar sababli bo‘lsa, namoz qayta o‘qilishi kerak. Ammo haqiqatda sobit bo‘lmagan shubha-gumonlar, vasvasalar sababli ko‘ngil to‘lmayotgandek bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qilmaydi. Chunki ko‘p hollarda “ko‘nglim to‘lmayapti”, deb namozni qayta-qayta o‘qiyverish insonni o‘ziga bo‘lgan ishonchini yo‘qotadi va vasvasa kasaliga chalinishiga olib keladi.
Shunday ekan, namozda bajariladigan farz, vojib, sunnat amallar haqida yaxshi o‘rganish, eng asosiysi turli xayollarga chalg‘imasdan namozni e’tibor bilan ado etish lozim bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.