Avval xabar berib o'tganimizdek, ziyorat turizm dasturi doirasida pokistonlik ziyoratchilarning yurtimizga tashrifi rejalashtirilgan edi. Kuni kecha dastlabki ziyoratchilar mamlakatimizga etib keldilar.
Mehmonlar, dastlab, Toshkent shahridagi Hazrati Imom majmuasida bo'lib, Usmon Mushafi, Baroqxon madrasasi va Qaffol Shoshiy ziyoratgohlari bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, ziyorat dasturi doirasida Qatag'on qurbonlari xotira muzeyi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasi va boshqa shu kabi diqqatga sazovor maskanlarda bo'ldilar.Eslatib o'tamiz, ziyoratchilarning keyingi manzili Samarqand, Buxoro va Horazm viloyatlaridagi ziyoratgoh va qadamjolar.
Mehmonlarning tashrifi Din ishlari bo'yicha qo'mita, O'zbekiston musulmonlari idorasi hamkorligida "Real Dreams" turistik kompaniyasi tomonidan tashkil etilmoqda.
Din ishlari bo'yicha qo'mita
Axborot xizmati
Bir qishloqda jahli tez chiqadigan, o‘zini boshqa olmaydigan o‘spirin yigit bor ekan. Kunlardan birida otasi unga har gal jahli chiqqanida bir mix olib, uyning oldidagi daraxtga qoqishini aytdi.
O‘g‘il shunday qila boshladi. Bir necha mix qoqilgan daraxtni ko‘rib, yigitning unga rahmi keldi. O‘zini boshqarishni, sabrli bo‘lishni o‘rgandi. Daraxtga mix qoqmay qo‘ydi. Buni ko‘rgan ota endi o‘g‘liga qoqilgan mixlarni sug‘urib tashlashni buyurdi. O‘g‘il otasining aytganini bajardi.
Daraxtning yaralari bitib, o‘rnida chandiqlar paydo bo‘ldi. Ota o‘g‘liga:
– Qara, o‘g‘lim! Qoqilgan har bir mix bu daraxtni yaralagan edi. Ularni sug‘urib tashlagan taqdiringda ham, o‘rni, chandiqlari qoldi. Endi daraxtning ana shu joylari mo‘rtlashib, qurt tushadi va uni yemiradi.
O‘g‘il boshini egib qoldi. Ota so‘zida davom etdi:
– Bu-ku bir daraxt ekan, Alloh taolo azizu mukarram qilib yaratgan inson zotining qalb atalmish daraxtiga ham ba’zan til atalmish bolg‘a bilan so‘z atalmish mixlar qoqiladi. Garchi keyin xatolar tan olinib, uzr so‘ralib, u “mix”lar sug‘urib olinsa-da, o‘rnida chandig‘i, dog‘i qoladi... Sen o‘shanday mixlarni qoqishdan saqlan. O‘zingni idora qilishni, jahlingni jilovlashni o‘rgan!..
Darhaqiqat, inson qalbi go‘yo nafis bir oynaga o‘xshaydi. U darz ketsa, keyin hech qachon aslidagidek tiklanmaydi. Shunday ekan, har doim Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga o‘xshab muomila qilishni o‘rganaylik hech bo‘lmasa harakat qilaylik. Alloh hammamizni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasin! Zero, ko‘ngil – Yaratganning nazargohidir.
Qudsiy hadislardan birida Alloh taolo: “Men sizlarning na suratingizga va na chiroylaringizga qarayman. Balki qalblaringizga qarayman va sizlardagi yaxshi xislatlardan rozi bo‘laman”, degan.
Akbarshoh Rasulov