Bu muborak hadis olimlarning ummat oldidagi qadrini namoyon qiladigan eng ulug' hadislardan biri hisoblanadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qiladilar: “Darhaqiqat, Yer yuzidagi olimlarning misoli xuddi osmondagi yulduzlarning misoli kabidir…” (Imom Ahmad rivoyati).
Yer yuzidagi olimlar bilan osmondagi yulduzlar o'rtasida qanday o'xshashlik bor? Alloh taolo Qur'oni karimda yulduzlarning uchta foydali jihatini bizga xabar beradi: «Haqiqatan, Biz (Yerga) yaqin osmonni chiroqlar (yulduzlar) bilan bezadik va ularni shaytonlarga otiladigan toshlar qilib qo'ydik» (Mulk surasi, 5-oyat).
«(Yo'llarga) belgilar ham (qo'ydi). Yulduzlar bilan ham ular yo'l topurlar» (Nahl surasi, 16-oyat).
Demak, yulduzlarning birinchi foydali xususiyati osmonni bezab turadigan chiroqlar bo'lganidir. Olimlar ham xuddi shunday Yer yuzini bezab turuvchi chiroqlardir. Avvalgi zamonlarda odamlar “olimlar”, “ulamolar” deb ishlataverishgan. Ammo hozir biz “olimlar” so'ziga “rabboniy olimlar”, “adolatli imomlar”, “to'g'ri yo'lda yuruvchilar” kabi ilmiga muvofiq amal qiladigan sifatlarni qo'shib aytishga majbur bo'lyapmiz. Ana shunday sifatga ega bo'lgan olim voqelikda Yer yuzining ko'rki, ziynati hisoblanadi. Chunki chinakam olimlarning Yerdagi hayotga bo'lgan ta'siri juda ulkandir.
Yulduzlarning ikkinchi foydali xususiyati «shaytonlarga otiladigan toshlar», ya'ni osmon soqchilari ekanidir. Olimlar ham Yer yuzidagi Islom soqchilari bo'lib, ular Islom aqidasini, ibodatlarini, axloqini johillikdan, shaytoniy xurujlardan qo'riqlab turishadi. Yulduzlar osmon sirlaridan voqif bo'lish uchun yaqinlashgan shaytonlarga otiladigan toshlar bo'lgani kabi Yer yuzidagi olimlar ham inson qiyofa sidagi shaytonlarga otiladi gan alangali toshlardir.
Ilmiga amal qiladigan taqvodor olimlar dinni, odamlarni turli bid'atchilarning fitnalaridan, zararlaridan himoya qilib turishadi. Chunki bunday buzuq niyatli kimsalarni, ularning zararlarini faqatgina u bilan zamondosh bo'lib, uning madaniyati va mentalitetini yaxshi biladigan ilmiga amal qiluvchi, taqvodor, farosatli, ziyrak olim ko'ra bilishi va daf qilishi mumkin. Aynan shunday olimlar o'z zamonasida paydo bo'ladigan bid'atchi va adashganlarga qarshi tura oladi. Hususan, ularga qarshi kurashda ommaviy axborot vositalaridan ham keng foydalanishadi.
Yulduzlarning uchinchi xususiyati – odamlar ular orqali yo'llarini topib olishadi. Darhaqiqat, Alloh taolo musofir yo'lovchilar manzillariga yanglishmay etib olishlari hamda Yerning to'rt tomonini va qiblani aniqlash uchun osmonda Surayyo, Yetti og'ayni, Oltin qoziq, Qutb yulduzlarini alomat sifatida yaratib qo'ygan.
Olimlar Yerga ziynat va himoyachi bo'lish bilan birga, to'g'ri yo'lni ko'rsatib turuvchi yo'lchi yulduz hamdirlar. To'g'rilik va haq yo'lni izlaganlarga olimlar doimo to'g'ri yo'lni ko'rsatib berishgan. Olimlarga muhabbatli, ularni o'zlariga yo'lboshchi qilib olgan insonlar ulardan taralayotgan hidoyat nuridan foydalanib baxtu saodatga erishadilar.
Shayx Muhammad AVVOMA hafizahulloh suhbatlari asosida
Azizbek HOLNAZAROV tayyorladi.
“Islom Nuri” diniy-ma'rifiy gazetasining 2020-yil, 23-sonidan
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.