۞تِلۡكَ ٱلرُّسُلُ فَضَّلۡنَا بَعۡضَهُمۡ عَلَىٰ بَعۡضٖۘ مِّنۡهُم مَّن كَلَّمَ ٱللَّهُۖ وَرَفَعَ بَعۡضَهُمۡ دَرَجَٰتٖۚ وَءَاتَيۡنَا عِيسَى ٱبۡنَ مَرۡيَمَ ٱلۡبَيِّنَٰتِ وَأَيَّدۡنَٰهُ بِرُوحِ ٱلۡقُدُسِۗ وَلَوۡ شَآءَ ٱللَّهُ مَا ٱقۡتَتَلَ ٱلَّذِينَ مِنۢ بَعۡدِهِم مِّنۢ بَعۡدِ مَا جَآءَتۡهُمُ ٱلۡبَيِّنَٰتُ وَلَٰكِنِ ٱخۡتَلَفُواْ فَمِنۡهُم مَّنۡ ءَامَنَ وَمِنۡهُم مَّن كَفَرَۚ وَلَوۡ شَآءَ ٱللَّهُ مَا ٱقۡتَتَلُواْ وَلَٰكِنَّ ٱللَّهَ يَفۡعَلُ مَا يُرِيدُ٢٥٣
253. Bular – payg'ambarlar, ulardan ba'zilarini ba'zilaridan afzal qildik. Ulardan Alloh so'zlashganlari ham, martabalarini baland ko'targanlari ham bor. Iso ibn Maryamga ochiq mo''jizalar berdik va uni Muqaddas ruh bilan madadlantirdik. Alloh xohlaganida edi, ulardan keyingilar o'zlariga ravshan hukmlar kelganidan so'ng urushishmas edi. Lekin ularda ixtilof paydo bo'ldi: kimdir imon keltirdi, kimdir kufr keltirdi. Alloh xohlaganida edi, ular urushishmasdi, ammo Alloh nimani xohlasa, shuni qiladi.
Payg'ambarlardan Odam va Muso alayhissalomlar bilan Alloh taolo so'zlashgan. Nabiylardan ba'zilari bir qavmga, ayrimlari bir qishloq yoki shahar ahliga payg'ambar etib yuborilgani holda Islom ummati payg'ambari Muhammad alayhissalom qiyomatgacha barcha asrlar va butun insoniyatga rasul o'laroq tayin etilganlar. Iso alayhissalomga esa o'liklarni tiriltirish, ko'rlar va peslarni davolash, og'ir xastalarni tuzatish, hamisha Jabroil alayhissalomdan madadlanish kabi ochiq mo''jizalar ato qilingan edi.
Alloh taoloning hamma payg'ambarlariga istisnosiz ishonish imon shartlaridan biridir. Payg'ambarlarning vazifasi imon keltirib, toat-ibodat qilgan insonlarga jannat bashoratini qilish, kufr va isyonda bo'lgan insonlarni do'zax azobidan ogoh etish, insonlarga dunyo va din ishlarida ular muhtoj bo'lgan narsalarni bayon etishdir.
Payg'ambarlarning barchasi Odam naslidan, gunoh, kufr, tug'yondan asralgan, pokdir. Aql va ibodatda komildirlar. Ularning barchasi bir dinda, Islom dinidadir. Zero, ularning barchasi o'z qavmlarini faqat Alloh taologa ibodat qilishga, Uning uluhiyatiga, rububiyatiga, ism va sifatlariga shirk keltirmaslikka da'vat qilishgan. Ular zimmalariga yuklangan vazifalarni to'la ado etishgan.
Payg'ambarlardan kimlarga Jabroil alayhissalom vahiy keltirgan bo'lsalar, ular "rasul" deyiladi. Jabroil alayhissalom vahiy keltirmagan, o'zga vositalar orqali vahiy kelgan payg'ambarlar "nabiy" deyiladi. Rasul nabiy deb ham ataladi, ammo nabiy rasul deyilmaydi. Rasullar fazilatda nabiylardan ortiqdir. Kitob kelgan rasullarning fazilati kitob kelmagan rasullarning fazilatidan balanddir. Ulul-azm rasullar barcha rasullardan fazilatlidir. Ulul-azm rasullarning afzali Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamdirlar.
يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوٓاْ أَنفِقُواْ مِمَّا رَزَقۡنَٰكُم مِّن قَبۡلِ أَن يَأۡتِيَ يَوۡمٞ لَّا بَيۡعٞ فِيهِ وَلَا خُلَّةٞ وَلَا شَفَٰعَةٞۗ وَٱلۡكَٰفِرُونَ هُمُ ٱلظَّٰلِمُونَ٢٥٤
254. Ey imon keltirganlar, savdo-sotiq ham, do'stlik va shafoat ham bo'lmaydigan Kun kelmay turib sizlarga rizq etib berganimizdan ehson qilinglar. Kofirlargina o'zlariga zulmkordirlar.
Imon keltirgan saodatli kishilar Alloh o'zlariga rizq qilib bergan narsalardan Uning yo'lida infoq-ehson qilib, oxiratda katta mukofot va ulug' darajalarga erishishadi. Chunki bu narsa faqat dunyo hayotidagina mumkin, xolos. Bu dunyoda mol-mulkini Alloh taolo roziligi yo'lida sarflamagan badbaxt kimsalarga oxiratda na savob-mukofot, na oshna-og'aynilari yordami, na shafoat qiluvchilarning qo'llashi bo'ladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
O‘lim bir eshik. Barcha insonlar undan o‘tadi. Eh koshki, bu eshikka kirgandan keyin mening uyim qanaqaligi ma’lum bo‘lsa?!
Birodar! Qarang, qabrdagilar bir-birlariga juda yaqin yotishibdi. Lekin ular sirtdan yaqin qo‘shni. Aslida esa, bir-birlarining yoniga ham bora olmaydilar.
Usmon roziyallohu anhu qachon qabr yonidan o‘tsalar, shu darajada yig‘lar edilarki, soqollari ko‘z yoshlaridan ho‘l bo‘lib ketardi.
U kishidan: "Siz nega jannat va do‘zaxni esga olganingizda yig‘lamaysiz. Lekin qabrni ko‘rib yig‘laysiz?" deb so‘rashdi. U kishi shunday dedilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Qabr oxiratning ilk manzilidir", deganlar. Shunga ko‘ra, agar mayyit qabrdagi azobdan najot topsa, undan keyingi hayot oson bo‘ladi. Agar qabrdagi azobdan najot topa olmasa, u holda undan keyingi hayot qiyin bo‘ladi.
Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Men qabrdan ko‘ra daxshatliroq biror manzarani ko‘rmadim", deganlar.
Biz uchun bu qabrlarda ibrat yo‘qmi? Qarang, boy ham, faqir ham, zo‘ravon ham, kuchsiz ham, oq tanli ham, qora tanli ham, podshoh ham, fuqaro ham barcha barobar yotibdi. Ular dunyoga qaytishni xohlaydilar. Boylik jamlash yoki qasr qurish uchun emas, balki, koshki men bir namoz o‘qish uchun muhlat topsam, koshki bizga bir martagina "Subhanalloh" deyish uchun fursat berilsa, deb, shu amallarni qilish uchun dunyoga qaytishni xohlaydilar. Lekin endi iloji yo‘q. Nomai a’mol yopilib bo‘ldi. Ruh jismdan chiqqan. Hayot muhlati tugab bo‘lgan. Endi har bir mayyit o‘z amalining garovi o‘laroq qabrida yotibdi...
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan