Farg'ona viloyati hokimi Hayrullo Bozorov Bangladeshning O'zbekistondagi elchisi Muhammad Jahongir Alam bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Viloyat hokimligi ma'lum qilishicha, tadbirda Farg'onadan Bangladeshga aviaqatnovlar yo'lga qo'yish, ziyoratchi turistlarni jalb etish, to'qimachilik mahsulotlarini birgalikda ishlab chiqish masalalari xususida fikr almashildi.
Farg'ona viloyatining to'qimachilik sohasidagi ulkan imkoniyatlarini qayd etgan Jahongir Alam bunday mahsulotlar eksport hajmi bo'yicha dunyoda etakchi mamlakatlardan biri bo'lgan Bangladeshning ilg'or kompaniyalari viloyatda qo'shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirayotganini ta'kidladi.
O'z navbatida, Farg'ona viloyati hokimi dunyo bozorida o'z mustahkam o'rniga ega bo'lgan Bangladesh to'qimachilik kompaniyalarining hududda amalga oshiradigan loyihalarini har tomonlama qo'llab-quvvatlashga tayyor ekanini ta'kidladi. Hamkorlik ko'lamidan kelib chiqib viloyatda Bangladesh kompaniyalari uchun maxsus erkin iqtisodiy zona tashkil etish istiqbollari bo'yicha fikr almashildi.
Bangladeshlik sayyohlarni Farg'ona viloyati bo'ylab ziyorat turizmiga jalb etish, “Farg'ona-Dakka-Farg'ona” aviaqatnovini yo'lga qo'yish, ta'lim sohasida mutaxassislar almashinuvini tashkil etish masalalari xususida ham so'z yuritildi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Zaynab binti Xuzayma onamiz roziyallohu anho Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan birga juda ham oz vaqt yashaganlari va erta vafot etib ketganlari tufayli u kishi haqidagi ma’lumotlar oz va bori ham har xilligini barcha tarixchilarimiz ta’kidlaydilar. Biz ham mazkur ma’lumotlardan xulosa chiqarib olishga harakat qilamiz.
Zaynab binti Xuzayma onamiz Makkai Mukarramada Muhammad sollallohu alayhi vasallamning payg‘ambar bo‘lishlaridan taxminan o‘n uch yil avval tavallud topganlar.
U kishining otalari Xuzayma ibn Horim ibn Abdulloh al-Hiloliy degan odam bo‘lgan, onalari Hind binti Avf ibn Horis ibn Hamota al-Humayriya bo‘lgan.
Zaynab binti Xuzayma onamiz voyaga yetgach, Abdulloh ibn Jahsh roziyallohu anhuga turmushga chiqqanlar.
Hijratga amr bo‘lganda Zaynab binti Xuzayma onamiz ham hijrat etib kelib, o‘z oilasi bilan Madinai Munavvarada istiqomat qila boshlaganlar.
Badr urushida Zaynab binti Xuzayma onamiz ham yaradorlarga qarashib, fidokorlik ko‘rsatganlar.
Hijriy uchinchi sanadagi Uhud urushida u kishining erlari vafot etdi. Shundan keyin Zaynab binti Xuzayma yolg‘iz qoldilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu ayolga rahmlari kelib, u kishining iddasi chiqqach, o‘zlariga xotin qilib oldilar. U zot Zaynab onamizning mahrlariga to‘rt yuz dirham berib, Oisha onamizning hujralari yoniga u kishi uchun hujra qurdilar. Shunday qilib, Zaynab onamiz mo‘minlarning onasi degan sharafga noil bo‘ldilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Zaynab onamizning sabrlari, jasoratlari, Allohning dini yo‘lidagi fidokorliklarini ana shunday taqdirladilar.
Zaynab onamizning laqablari Ummul Masokin (Miskinlarning onasi) edi. U kishi miskinlarga ko‘p yaxshilik qilganlari sababli mana shu laqabni olgan edilar.
Zaynab binti Xuzayma onamiz nubuvvat xonadonida bir necha oy yashaganlaridan keyin dorulbaqoga rihlat qildilar. Bu alamli hodisa hijriy to‘rtinchi sananing oxirgi choragida bo‘ldi. O‘shanda u kishining yoshlari o‘ttizda edi.
Zaynab binti Xuzayma onamiz roziyallohu anhoning janozalarini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari o‘qidilar va Baqiy’ qabristoniga dafn qildilar.
Alloh taolo Zaynab binti Xuzayma onamiz roziyallohu anhodan rozi bo‘lsin!
«Hadis va hayot» kitobidan