O'z va'dasida turmaganda turli-tuman vaj-karsonlar ko'rsatuvchi kimsa hech qachon mard va himmatli inson bo'lolmaydi.
Mahmud az-Zamaxshariy
***
Kimda ikki xislat bo'lsa, Alloh uni sevadi:
1. Taqvo.
2. Go'zal xulq.
Kimda ikki xislat bo'lsa, odamlar uni sevishadi:
1. Saxovat.
2. Yaxshi amallarni ko'paytirish.
Arab hikmatlaridan
***
Zulm – bunyodkorlik va taraqqiyotni barbod qilishga chaqiruvchi jarchidir.
Ibn Haldun
***
Donishmand bilan qurilgan birgina suhbat bir oylik mutolaadan afzaldir.
Sharq hikmatlaridan
***
Sizni tark etgan insonlarni aslida siz tark etgan bo'lasiz.
Men seni juda yaxshi bilaman deysizmi? Oh-ho! Siz avliyo ekansizku. Aytingchi, men kecha nimadan hayratlandim, bugun nimadan aziyat chekyapman, nimalar mening dilimni vayron qilmoqda, qalbimda nimalar yashiringan..?
Sayyid Abror Umar
***
Yaxshilik qil, jahon yaxshilik olsin,
Yaxshilar boshiga yaxshilik solsin.
Mol-dunyo barchadin - sendan ham qolur,
Yaxshisi mol emas, yaxshilik qolsin.
Abdurahmon Jomiy
***
«Yaxshilik va taqvo yo'lida hamkorlik qiling. Gunoh va dushmanlik yo'lida hamkorlik qilmang».
(Moida surasi, 2-oyat)
***
Manbalar asosida Saidabror Umarov tayyorladi
Tinchlik qaror topgan yurtda xotirjamlik hukm suradi, farzandlar emin-erkin kamolga erishadi, oqibatda, jamiyatda har tomonlama yuksalish va rivojlanish ro‘y beradi. Demak, dunyoda hayotning bir maromda davom etishi, xalqning Haq taolo buyurgan ishlarini mukammal va xotirjam ado etishlari uchun tinchlik va osoyishtalik lozim. Yaratgan Parvardigor Qur’oni karimda ana shu tinchlikni saqlash va qadrlash vazifasini inson zimmasiga yuklab, Islom dini tinchlikka targ‘ib qilishini, shaytoniy yo‘llarga ergashmaslik lozimligini ta’kidlagan: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga itoatga kirishingiz va shaytonning izidan ergashmangiz! Albatta, u sizlarga aniq dushmandir” (Baqara, 208 oyat).
Tinchlik Alloh taolo butun insoniyatga in’om etgan eng ulug‘ ne’matdir. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam tinchlik va xotirjamlik haqida Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda bunday deganlar: “Tinchlik va xotirjamlik ikki ulug‘ ne’matdirki, bundan ko‘p odamlar bebahradirlar” Shunday ekan, insonlar nafaqat mavjud tinchlikning qadriga yetib, shukrini ado etishlari, balki unga noshukrlik qilib putur yetkazishdan ham saqlanishlari lozim.
Alloh taolo O‘zining fazlu karami ila inson zotini aql va idrok sohibi qilib yaratdi va unga behisob ne’matlarni ato qildi. Shu bilan birga bergan ne’matlariga shukr aytishga ham buyurib, muborak kalomida shukr qiluvchilarga ne’matlarini yanada ziyoda qilish va’da qildi:
Alloh taolo Quroni karimda shunday marhamat qiladi: “Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim juda qattiqdir” (Ibrohim surasi 7-oyat). Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga biror xursandchilik ish bo‘lsa yoki xabar berishsa Allohga shukr qilib sajda qilar edilar. Demak, Parvardigorimiz biz bandalarga bergan tansihatlik, farovonlik, baxtu saodat, tinchlik va osoyishtalik kabi ulug‘ ne’matlarga shukr aytsak, qadriga yetsak – Alloh buni ne’matni bardavom etadi.
Shunday ekan, Yaratgandan bir-birimizga tinchlik, amniyat, xotirjamlik tilaylik! Alloh taolo tinchlik-osoyishtaligimizni hamisha barqaror aylasin. Yurtimizni tinch, mehnatsevar xalqimiz hayotini farovon aylasin!
Abdulbosit Xamdamov, Yangi Namangan tumani
"Usmon Zunnuroyn" jome masjidi imom xatibi
Manba: @SOFTALIMOTLAR