Islom olami uyushmasi Pokiston Islom Respublikasida o'tkazilgan Qur'oni karim musobaqasida g'olib bo'lgan yosh qori va qoriyalar mukofotlar bilan taqdirladi.
Shu munosabat bilan Islom olami uyushmasining Islomoboddagi mintaqaviy vakolatxonasida tashkil etilgan tadbir Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Doktor Arif Alaviy rahbarligida o'tkazildi.
Tadbirda Pokistonning Din ishlari bo'yicha vaziri Nurulhaq Qodiriy, Islom olami uyushmasi kotibi yordamchisi, doktor Abdurrohman bin Abdulloh az-Zayd va Saudiya Arabistoni Podshohligining Pokiston islom Respublikasidagi elchisi Navvof bin Said Al-Malikiy va Uyushmaning Pokistondagi mintaqaviy vakolatxonasi direktori Saad bin Masu'd Al-Harsiylar qatnashdi.
Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Doktor Arif Alaviy Islom olami uyushmasi Qur'oni karimni yod olish bo'yicha musobaqalarni Pokistonda tashkillashtirayotgani uchun minnatdorchilik bildirib, musobaqa g'oliblarini samimiy tabrikladi.
Halqaro aloqalar bo'limi mutaxassisi
Ilyosxon Ahmedov tayyorladi
Savol: Islomda yangi kun qaysi soatdan boshlab kiradi? Masalan, shartli qabul qilingan tartib bo‘yicha soat 00:00 yangi kunning boshlanishi sanaladi? Islomda yangi kunning boshlanishi va tugashi qaysi vaqtdan e’tiborga olinadi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizga ko‘ra, kun shom vaqtidan boshlanadi va keyingi shomgacha davom etadi. Boshqacha qilib aytganda, islomda kun kecha bilan boshlanadi va uning ertasida kun botib, kunduz tugaganida, o‘sha kun ham yakunlanadi. Bunga oyat va hadislardan ko‘plab dalillar bor.
Faqat ayrim ahkomlarda kunning boshlanishi bomdod namozining vaqti kirishi (subhi sodiq)dan boshlanadi va kun keyingi bomdod vaqtigacha davom etadi. Masalan, Hajda Arafot vodiysida turishda hukm shunday.
Shuningdek, ayrim hollarda “kun” tushunchasi yuqoridagidek, 24 soatdan iborat (sutka) ma’nosida emas, balki tunga muqobil – qarama-qarshi ma’noda qo‘llanilishi ham mumkin. Bu holda kun boshlanishi bomdod vaqtidan to quyosh botgunigacha bo‘lgan muddat, ya’ni kunduzdan iborat bo‘ladi. Bunga misol uchun “bir kun ro‘za tutish” deganda aynan shu muddat nazarda tutiladi.
Xulosa qilib aytganda, dinimizdagi umumiy qoidaga ko‘ra, kunning boshlanishi kun botganidan boshlanib, keyingi kun botishigacha davom etadi. Ayrim istisno qilingan holatlarda kunning qachon boshlanib, qachon tugashi dindagi hukmlarga qarab farq qiladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.