Joriy yilning 20 yanvar' kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Oliy majlisga Murojaatnomasida bayon etilgan diniy-ma'rifiy hayotimizning ustuvor yo'nalishlari O'zbekiston musulmonlari idorasida tashkil etilgan tadbirda muhokama qilindi.
Anjumanda Diniy idora va tizim tarkibiga kiruvchi bo'linmalar rahbariyati, xodimlari, shuningdek, O'zbekiston Davlat san'at va madaniyat instituti vakillari ishtirok etdi.
Tadbir an'anaga muvofiq, Qur'oni karim tilovati va xayrli duo bilan boshlandi. Shundan so'ng yig'ilishni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari Ibrohimjon Inomov ochib berdi.
O'zbekiston Davlat san'at va madaniyat instituti katta o'qituvchisi O'tkir Mavlonov Prezidentimiz Murojaatnomasida ijtimoiy-ma'naviy, diniy-ma'rifiy va madaniy-gumanitar sohalardagi keng ko'lamli islohotlarni davom ettirish bo'yicha belgilangan asosiy vazifalar haqida so'zlab berdi.
Shuningdek, yig'ilishda so'zga chiqqanlar bugungi kunda yurtimizda yoshlarni ilm-ma'rifatli, odob-axloqli etib tarbiyalashga alohida e'tibor qaratilayotgani, bunda yigit-qizlarimiz ilm-ma'rifat egallashlari uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilayotgani, buning natijasida yoshlarimiz ilm-ma'rifat bilan ulkan muvaffaqiyatlarga erishayotganlarini ta'kidladilar.
Dinimizda yoshlarning odob-axloqli bo'lishi, ilm olishi eng muhim shartlardan hisoblanadi. Hadisi sharifda: “Ilm Chin-Mochin (Hitoy)da bo'lsa ham, uni izlab topib, egallangiz. Zero, ilmni talab qilish har bir musulmonga farzdir”, deyilgan.
Har inson yurtiga o'zining ilmi, ish yuritish tartibi, samara beradigan amaliy ishlari bilan yurtimiz taraqqiyoti hissa qo'shishi kerak. Ushbu fikr-mulohazalar yig'ilish ishtirokchilarining yakuniy xulosasi bo'ldi.
Yig'ilish yakunida Ibrohimjon domla Inomov duo-xayrlar qildilar.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bugun, 19 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari juma namozini Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi "Rakat" jome masjidida ado etdilar.
Muftiy hazratlari juma namozidan oldin yig‘ilgan jamoatga mav’iza qilib berdilar. Musulmonning musulmonga ehtiromi mavzusida qilingan go‘zal suhbat davomida Alloh taolo inson zotini azizu mukarram etib, borliqdagi barcha narsani insonga xizmat qildirib qo‘ygani, shunday ekan, insonlar ham o‘zaro ahl-inoq, mehr-muhabbatli, bir-birlariga doimo yordamchi bo‘lib hayot kechirishlari dinimiz amri ekani eslatib o‘tildi.
Ma’ruza asnosida Qur’oni karim va hadisi shariflar keltirib o‘tildi. Jumladan, mashhur sahobiy Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan keltirilgan hadisda bunday deyiladi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Ka’ba atrofida tavof qilayotganlarini ko‘rdim. U zot Ka’baga qarab bunday der edilar: "Sen va sening hiding qanday ham go‘zal! Sen qanday ulug‘san va sening hurmating qanday buyuk! (Lekin) Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, Alloh nazdida mo‘minning hurmati sening hurmatingdan ham ulug‘dir" (Imom Ibn Moja rivoyati).
Musulmon kishining Alloh nazdidagi hurmati mana shunday baland ekan, o‘zaro hurmat-ehtiromi ham shunga monand bo‘lishi ta’kidlandi. Manfaatli suhbat yakunida butun dunyo musulmonlari, xususan, xalqimizning o‘zaro ahil-inoqligi bundan ham ziyoda bo‘lishini so‘rab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati