Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Iyul, 2025   |   16 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:18
Quyosh
05:00
Peshin
12:34
Asr
17:41
Shom
20:01
Xufton
21:35
Bismillah
11 Iyul, 2025, 16 Muharram, 1447

Mirziyoev “Turkiy dunyo oliy ordeni” bilan mukofotlandi

03.11.2023   1584   2 min.
Mirziyoev “Turkiy dunyo oliy ordeni” bilan mukofotlandi

Bugun, 3 noyabr' kuni Turkiy davlatlar tashkiloti Davlatlar rahbarlari kengashi yig'ilishi doirasida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevga turkiy xalqlar oilasining birligini mustahkamlashga, turkiy mamlakatlarning manfaatlari va qarashlarini xalqaro maydonda faol ilgari surishga qo'shgan ulkan hissasi uchun yuksak mukofot – “Turkiy dunyoning oliy ordeni”ni tantanali topshirish marosimi bo'lib o'tdi.

Tadbirda Qozog'iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart To'qayev, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Qirg'iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo'g'an, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban, Turkman xalqining milliy etakchisi, Turkmaniston Halq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov ishtirok etdi.

Tashkilot davlatlari rahbarlari nomidan mukofotni Qozog'iston Prezidenti topshirdi.

“Bu mukofotni men birinchi navbatda chinakam birodarlik rishtalari asosida yangidan yuksalayotgan yaqin do'stligimiz va hamkorligimiz ramzi, deb bilaman”, deydi marosimda O'zbekiston rahbari.

Oxirgi davrda Turkiy dunyoning nufuzi va salohiyati har qachongidan ham ko'proq yuksalayotgani alohida qayd etildi. O'zbekiston 2019 yilda TDTga a'zo bo'lib kirganidan buyon mamlakatimiz tomonidan turkiy mamlakatlar o'rtasida do'stlik, yaxshi qo'shnichilik va ko'p qirrali hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan 50 dan ortiq taklif va tashabbuslar ilgari surildi.

O'zbekistonning tashkilotga raisligi davrida 100 dan ziyod turli tadbirlar o'tkazildi, amaliy hamkorlikning yangi samarali mexanizmlari yaratildi, nufuzli global va mintaqaviy tuzilmalar bilan yaqin sheriklik aloqalari yo'lga qo'yildi.

Tashkilotga a'zo barcha davlatlar bilan ko'p qirrali va o'zaro manfaatli aloqalar izchil kengaymoqda, strategik sheriklik munosabatlari o'rnatildi, savdo hajmlari ortmoqda, kooperatsiya kuchaymoqda.

“Barchamizning orzu va maqsadlarimiz, intilish va harakatlarimiz uyg'un va hamohangdir. Azaldan do'st va qardosh bo'lgan turkiy xalqlarimiz bundan keyin ham ahil va hamjihat bo'lib, yorug' kelajakni birgalikda bunyod etadilar”, deydi Mirziyoev. 

Eslatib o'tamiz, joriy yilning 13 oktyabr' kuni Bishkek shahrida bo'lib o'tgan MDH davlat rahbarlarining sammitida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligining Faxriy ko'krak nishoni bilan taqdirlandi.

.      

 

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

​Jamoat haqining gunohi og‘ir!

10.07.2025   3060   4 min.
​Jamoat haqining gunohi og‘ir!

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xabar berishicha, may oyining 13-sanasida bir kunda 3 mlrd so‘mlik energoresurslarini talon-toroj qilish holatlari aniqlangan. Afsuski, bugun bunday gaz va elektr energiyaga yashirincha ulanib, davlatga milliardlab zarar yetkazgan kimsalar haqidagi xabarlarni tez-tez o‘qib qolamiz.
 

Birovning, ayniqsa, xalq haqidan qo‘rqmay o‘g‘rilik orqali manfaat topmoqchi bo‘layotgan insonlar oramizda ko‘plab topiladi. Bundaylarning nazdida gaz, suv, elektr energiya tuganmas boylik. Undan har kim o‘z manfaati yo‘lida foydalanishi mumkin. Biroq bu ne’matlar xonadonlarga kirib borishi uchun minglab insonlar mehnat qilishini, davlat esa milliardlab mablag‘ sarflashini, ular ham bir kun tugab qolishini xayoliga ham keltirmaydi.


Aslida ushbu ne’matlardan oqilona foydalanish, isrof qilmaslik nafaqat fuqarolik majburiyatimiz, balki insoniy vazifamiz, mo‘minlik burchimizdir.


Aytish joizki, uyda, ishda, ko‘chada kommunal to‘lovlar atrofida aylanayotgan qator muammolar haqida ko‘p eshitamiz, ba’zan o‘zimiz uning guvohi yoki bevosita ishtirokchisiga aylanamiz. Lekin bu muammolar to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirmaslik yoki ayrim nobop kimsalarning qilmishi oqibatida yuzaga chiqayotgani yodimizga ham kelmaydi. To‘lovlarni imkon bo‘la turib asossiz bahonalar yoki o‘z vaqtida to‘lamaslik yoki hisoblagich jihozlarini teskariga aylantirish yoxud har xil hiylalar ishlatib, ularni to‘lashdan qochish davlatning va xalqning haqini yeyish hisoblanadi. Chunki tabiiy boyliklar davlat va xalq mulkidir.


Qolaversa, kommunal xizmatlardan foydalanish uchun har bir xonadon ta’minotchilar bilan shartnoma tuzib, qo‘l qo‘ygan va o‘zaro kelishuvda to‘lovni o‘z vaqtida ado etishga kelishgan. Shu bois to‘lovlarni vaqtida ado etishimiz shar’an ham joiz. 


Ta’kidlash lozimki, xalqning mulkida barcha fuqarolar, xususan, kam ta’minlanganlar, nogironlar, yetim-yesirlar, keksalarning haqi bor. Ulardan foydalanishga kelganda faol bo‘lib, to‘lovga kelganda qochayotgan, paysalga solayotganlar yuqorida zikr etilgan qatlamlarning ham haqini o‘zlashtirib, nohaq yeyayotganini bilib olsinlar. Zero, Qur’oni karimda: Ey iymon keltirganlar, bir-birlaringizning mollaringizni botil yo‘l bilan yemanglar (Niso surasi 29-oyat), deya ogohlantirilgan. Shunday bo‘lgach, har bir fuqaro o‘zgalarning moliga, ayniqsa, jamoat mulkiga xiyonat etmasligi darkor! Bunga e’tiborsizlik oxiratda yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin.


Havla binti Amr roziyallohu anho rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: Ba’zi bir odamlar Allohning mulki (jamoat pullari)ga xiyonat qiladi. Qiyomat kuni ular jahannamga ravona bo‘lishadi (Imom Buxoriy rivoyati). Shunday ekan, bu masalaga jiddiy yondashishimizga to‘g‘ri keladi.


Shuningdek, gaz, elektr energiya va suv kabi ne’matlardan oqilona foydalanish ham dinimiz talabidir. Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Iqtisod qilgan kimsa kambag‘al bo‘lmas, maslahat qilgan pushaymon bo‘lmas” (“Mushkotul nasobih”), deb tavsiya  berganlar.


Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Solih hidoyat, go‘zal ko‘rinish va iqtisodli bo‘lish nabiylikning yetmishdan bir juzidir”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).


Demak, doim ahli solihlardan bo‘lib, tejamkor bo‘lish, isrofga yo‘l qo‘ymaslik, har bir narsani o‘z o‘rnida, me’yorida tasarruf qilish, keragidan ortiq, behudaga sarflamaslik nabiylikning yetmish juzidan bir juz, yetmish bo‘lagidan bir bo‘lak ekan. Buni har bir mo‘min-musulmon yaxshi anglab, hayotiga tatbiq qilishi lozim.


Xulosa qilib aytganda, halollik inson hayotini xotirjam, osoyishta va farovon qiladi. Shunday ekan, kommunal to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab, xalq haqiga xiyonat qilmaylik, azizlar!

 

G‘ayrat BOZOROV,

Dehqonobod tumani

“Oqrabot ota” jome masjidi

imom-xatibi

Maqolalar