Imom Termiziy rahmatullohi alayhning “Sunani Termiziy” asarlariga Habibur Rohman Al-Hoyrobodiy hazratlari “Miskush shaziy” nomli sharh bitmishlar. Hazrat ushbu kitoblarida bir hadisni sharhlab, qiziq va ibratlarga to'la bir voqeani keltiradilar. O'sha ibratli voqeani sizlarga ham aytib bergim keldi...
“Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar:“Imomdan ilgari boshini ko'targuvchi kishi Alloh uning boshini eshakning boshiga o'xshatib qo'yishidan qo'rqmaydimi?!” (Hasan-Sahih hadis).
Ushbu hadisni sharhlab Hazrat quyidagilarni aytadilar: “Ba'zi muhaddislar hikoya qilib beradilar. Ulardan biri hadis ilmida dong'i va shuhrati ovoza bo'lgan bir shayxning huzuriga Damashqqa qarab yo'l oladi. Shayxning dargohiga etgach, uning talabasi bo'lish baxtiga erishadi. Talabalik vaqtlarida hadislarni mukammal tarzda o'rganib, shayxning “hadis maktabi”ni bitirib chiqadi.
Shuncha yillar o'tsa hamki, shogird biror marta ustozining yuzini ko'rmagan, chunki ustozi niqob tutib yurar edi. Hech kim uni yuzini ko'rolmasdi. Boyagi shogird boshqa tolibi ilmlarga qaraganda ustoziga o'zini juda yaqin tutar, xizmatini ham qilar, unga qattiq ixlos ko'rsatar edi. Uning samimiy munosabati va hadis o'rganishga kuchli ishtiyoqini ko'rgan ustoz qadrli shogirdiga bir kun o'z sirini ochdi – yuzidan niqobini tortdi. Ne ko'z bilan ko'rsinki, ustozining yuzi eshakning yuziga o'xshab turar edi. (Allohu Akbar!) Ustoz so'zladi: “Ey, o'g'lim, sen mening holimga tushib qolmaslik uchun men qilgan xatoni qila ko'rmagin! Men “Imomdan ilgari bosh ko'tarmaslik” haqidagi hadisni o'qiganimda, imomdan oldinga o'tib ketuvchining oqibati haqiqatda shunaqa bo'larmikin, deya ishonqiramay qaradim va namozdagi amallarda imomdan oldinga o'tib kettim. Mana, ko'rib turganingdek, yuzim shu holga kelib qoldi”. Ustozini diqqat bilan tinglagan sofdil shogird Allohga duo qildi va unga shifo tiladi. Alloh taolo shogirdning ustoziga qilgan duosini ijobat ayladi – shayx yana asl holiga qaytdi”... (Laa havla va laa quvvata illa billah!)
Ushbu hadis va uning ajib sharhida bir qancha ibratlar bor.
Janobimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Alloh taoloning haq va rostgo'y Payg'ambaridirlar. Hech qachon havoi nafsdan so'zlamaydilar. U zot sollallohu alayhi vasallamning so'zlariga aslo shak qilib bo'lmas. Ishonmaslik va tajriba qilib ko'rish oqibati esa yuqoridagi shayx qissasida o'tdi.
Endi tasavvur qiling-a, kimningdir boshiga ushbu shayxning holatidek kulfat tushsa, deylik birortamiz shu imtihonga duchor bo'lsak, nima qilar edik?! Qilayotgan kasbimiz, olayotgan ilmimiz ham ko'zimizga ko'rinmay, dod solib, yig'lab, holatimizdan o'takamiz yorilib, telba bo'lib qolsak kerak?! (Alloh saqlasin!) Ho'sh, shayx qanday yo'l tutgan edi? Avvalo shayx xato qilganini angladi va darhol tavba qildi.
So'ngra, o'zini yo'qotmadi. Allohdan yaxshi gumonda bo'ldi. Hunuk yuziga niqob tortib bo'lsada, yana o'z ishini davom ettirdi. Tarki dunyo qilmadi. Chunki u Habibimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislari, ularni o'rganish va o'rgatish sharafini anglagan, buning uchun butun umrni sarf etishni maqsad qilgandi. Shu holida bo'lsa ham ta'limni davom ettirdi. Sirini, dardini birovga bildirmadi. Birgina xatosini deya, ortga qaytmadi. Yaxshi hamki ortga qaytmagani va Allohdan yaxshi gumonda bo'lgani! Alloh taolo unga samimiy va muxlis bir shogirdni ro'baro etdi. Agar o'z holidan uyalib ilmni tashlab ketganida, balki hech qachon bu yigitni uchratmas, mustajob duosiga erishmas edi. Qilingan xatolarga tavba qilish, Haq taolodan yaxshi gumonda bo'lish hamda ilm uchun umrni baxshida etish kishining yaxshilik ustida ekanligiga bir belgidir.
Yana o'ylab ko'raylik, biz ixlos qilgan ustozimiz, deylik biror domlamiz qandaydir xato qilsa, hayotda, oilasida biz o'ylagandek bo'lib chiqmasa, nima deymiz? Taxminan quyidagicha: “Suf-e, hali shu odamga ergashib, gapini tinglab yuribman-mi? Oddiy odamlardan farqi yo'g'akan. Yana domla emish...” deya xafsalamiz pir bo'ladi. Ixlosimiz o'sha ondayoq so'nadi.
Ne samimiyatkim, yuqoridagi hadis tolibi Damashqqa safar etdi. Uzoq yillar bir shayxning etagidan tutdi. Taxminan biz o'qiydigan o'rta va oliy ta'limni ustozining dargohida tamomladi. Bitiruvdan keyin ham yonida ancha yillar qolib ketdi. Shuncha muddat ustozidan: “Nega niqob taqib oldingiz?” deb so'rab ham ko'rmadi. Sababini bilish uchun payt ham poylamadi. Ustoz aytmaguncha, bilishga intilmadi. Shayx niqobini echgach, shuncha yil yonida yurgani bir “eshak nusxa” bo'lsada, uni tark etmadi va ixlosini qo'ldan boy bermadi. Aksincha, Allohga munojaat aylab, ustozining haqiga duo qildi. Shayxning bu sodiq shogirdi aslida ilm va hadis talabida ustoziga muhabbatli edi. Kimdan emas, nimani o'rganayotganiga ahamiyat berar edi.
Haqiqiy shogirdlar shunday bo'lsa kerak: ustozining boru yo'g'ni, kamu ko'stini qabul qilib, uning haqqiga duo qiladi. Mukammalik kutmaydi. O'rgangan ilmiga amal qiladi. Muallimning ta'limini qadrlaydi. O'zi aytishni xohlamagan sirlarini so'ramaydi, birovlardan bilishga intilmaydi. Maqsad – ilm o'rganish, ustoz yoki imomni o'rganish emas!
Bu dunyoda ilm olish va uni ta'lim berishdan ko'ra sharafli vazifa bo'lmasa kerak. Ayniqsa, Allohning kalomi va Payg'ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamning hadislari hamda ularga aloqador barcha ilmlarning qadri va fazli juda balanddir. Buni muallimlar ham, tolibi ilmlar ham teng anglashlari, Alloh qo'ygan maqomlaridan yuz o'girmasliklari, shu o'ringa munosib bo'lishlari, ilm berish va olish mashaqqatiga sabr qilishlari, ustoz va shogird faqatgina Alloh rizosi uchun muhabbat qilishlari darkor.
Allohim, bizni ilm yo'lida yashaydigan xolis qullaringdan ayla! Hayrli ilm va solih ustozlar ila ne'matlantirgin...
Nilufar SAIDAKBAROVA,
Toshkent islom instituti o'qituvchisi.
Inson qadri ulug‘lanayotgan Yangi O‘zbekistonda odamlarni hayotdan rozi qilish, har bir odamning huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda turli soha vakillariga ehtirom ko‘rsatish muhim vazifa etib belgilangan.
Ayniqsa, yon-atrofimizni obod va ozoda qiladigan kasb egalarini qadrlash — insonparvar jamiyatning asosiy belgisidir.
Shu maqsadda, 30 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan "Hazrati Imom" majmuasida poytaxtimiz obodligi va ko‘rkamligiga hissa qo‘shib kelayotgan obodonlashtirish xodimlari uchun ehson dasturxoni yozilib, iliq so‘zlar ila hadyalar ulashildi.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Toshkent shahar Obodonlashtirish bosh boshqarmasi mas’ullari va 200 nafardan ziyod xodimlar ishtirok etdi.
Muftiy hazratlari o‘z so‘zlarida so‘nggi yillarda yurtimizda Davlatimiz Rahbari tomonidan inson qadrini yuksaltirish yo‘lida ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirilayotgani va bu har bir hamyurtimiz hayotida o‘z aksini topayotganini alohida ta’kidlash barobarida mazkur kasb egalarining jamiyat hayotidagi o‘rni beqiyos ekani, ular tufayli yurtimiz obod, ko‘chalarimiz orasta, atrof-muhitimiz pokiza va qalblarimiz ravshan bo‘lishini alohida qayd etdilar.
Shuningdek, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari so‘zlarida ana shunday fidoyi insonlar dinimizda yuksak qadrlanishini ta’kidlab, yo‘ldan ozorni ketkazish ham iymondan sanalishini, Islomda poklikka alohida e’tibor qaratilishi uning iymon bilan bog‘langanidan ham yaqqol ko‘rinishini aytib o‘tdilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning: “Poklik iymonning yarmidir”, degan hadislarini yodga oldilar.
Muxtasar qilib aytganda, tadbirda jamiyat farovonligi, avvalo, insonga bo‘lgan e’tibor, uning mehnatini qadrlash va munosib rag‘batlantirishdan boshlanishi ta’kidlandi. Poytaxtimiz obodligi yo‘lida sidqidildan xizmat qilayotgan obodonlashtirish xodimlariga ko‘rsatilayotgan bunday ehtirom va g‘amxo‘rlik davlatimizda har bir insonning mehnati va qadri e’zozlanishining yaqqol namunasi ekani qayd etildi.
Tadbir yakunida Muftiy hazratlari tomonidan sohada faollik ko‘rsatayotgan jonkuyar xodimlarga qimmatbaho sovg‘alar, barcha ishtirokchilarga esa oziq-ovqat jamlanmalari hadya etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati