Oxirgi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda aholini sarosima va tashvishga soladigan turli noxolis va yolg'on xabarlar tarqatishga moyil guruhlar paydo bo'lmoqda. Noxolis axborot tarqatuvchilarga nisbatan qonunchilikda belgilangan choralar xususida AOKAda o'tkazilgan brifingda Adliya vazirligi matbuot kotibi Sevara O'rinboyeva batafsil ma'lumot berdi.
Mulozimning ta'kidlashicha, ijtimoiy tarmoqlar orqali ishlab chiqaruvchi yoki raqobatchini obro'sizlantirish yoxud iqtisodiy zarba berish maqsadida asoslanmagan, yolg'on ovozli, foto va videoxabarlarni tarqatish Jinoyat kodeksining 192-moddasida belgilangan javobgarlik bilan jazolanadi.
Tuhmat, ya'ni bila turib boshqa shaxsni sharmanda qiladigan uydirmalarni tarqatganlik uchun Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 40-moddasida hamda Jinoyat kodeksining 139-moddasida javobgarlik belgilangan.
Shuningdek, yolg'on xabar tarqatganlik uchun fuqaroviy javobgarlik ham mavjud. Hususan, Fuqarolik kodeksining 102(1)-moddasida shaxsning or-nomusi, sha'ni va qadr-qimmati hamda ishchanlik obro'sini haqoratlovchi ma'lumotlarni tarqatish tufayli ma'naviy zarar etkazilgan bo'lsa, etkazuvchining aybidan qat'iy nazar qoplanishi lozimligi ko'rsatib o'tilgan.
Yolg'on xabarlar tarqalishini oldini olish va uni tarqatgan shaxslarni javobgarlikka tortish maqsadida 2020 yil 25 dekabr' kuni qabul qilingan O'RQ 658-son Qonuni bilan yolg'on axborot tarqatganlik uchun javobgarlik belgilandi.
Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 202 moddasiga ko'ra jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg'on axborotni tarqatish, shu jumladan, OAV, telekommunikatsiya tarmoqlari yoki bnternet jahon axborot tarmog'ida tarqatish BHMning 50 (11 mln 150 ming so'm) baravaridan 100 (22 mln 300 ming so'm) baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo'ladi.
Shuningdek, Jinoyat kodeksining 244 moddasiga muvofiq ma'muriy jazo qo'llanilganidan keyin ham ushbu xatti-harakatlar takror sodir etilsa, BHMning 200 baravarigacha (44 mln 600 ming so'm) miqdorda jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.
Ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qilinib borilayotgan xabarlarni tarqatish, ommaga etkazishda hushyorlikni oshirish, avvalambor xabarning aniqligi va ishonchligini rasmiy manbaalar orqali tekshirib olish tavsiya etiladi.
azon.uz
2025 yil 10 iyul kuni Qur’oni Karim xodimi, ustoz, shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum boshchiligida «Qur’on va tajvidni o‘rgatish» bo‘limi xodimlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasiga tashrif buyurishdi.
Ma’lumki, kutubxonada turli mavzudagi nodir qo‘lyozma asarlar, Qur’oni Karim qo‘lyozma nusxalarining namunalari saqlanadi. Mana shunday nodir manbalardan biri Hazrati Usmon mus'hafi hisoblanadi. Qur’oni Karimning ushbu noyob va qadimiy qo‘lyozma nusxasi tadqiqotchilar va keng jamoatchilikning doimiy e’tiborida bo‘lib kelgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2023 yil 22 dekabr kuni o‘tkazilgan Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida muzeylar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha yetti yillik dastur qabul qilinishi e’lon qilindi. Ushbu yig‘ilish davomida berilgan topshiriqlar bo‘yicha 50-son Bayonnomaning 47-bandida Muqaddas kitob – Usmon Qur’oni sahifalarining konservatsiya va restavratsiya qilinishini ta’minlash belgilangan. Mazkur dasturni amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi qo‘llab quvvatlovi ostida xorijlik mutaxassislar, jumladan, Kembrij universitetidan Kristine Rose, fransiyalik restavratorlar Aksell Deleau va Koraliye Barbe, Istanbul qo‘lyozmalar ustaxonasi va arxiv bo‘limi mudiri Nil Baydar Usmon mus'hafini bosqichma-bosqich ta’mirlash rejasini ishlab chiqib, kelgusida muhofaza qilish bo‘yicha tavsiyalarni berdilar. Jumladan, «yengil restavratsiya ishlari»ni amalga oshirishdan avval Hazrati Usmon Qur’oni sahifalarini skaner qilish va matnini kodikologik tadqiq qilish bo‘yicha yo‘nalishlar belgilab olindi.
Ushbu xayrli ishlarning davomi sifatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida Hazrati Usmon Mus'hafi matnini kodikologik tadqiq qilish bo‘yicha muhim yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda «Qur’on va tajvidni o‘rgatish» bo‘limi mudiri shayx Alijon qori Fayzulloh va Kutubxona mudiri Kamoliddin Mahkamov boshchiligida bo‘lim xodimlari ishtirok etishdi. Yig‘ilishda «Mo‘yi muborak» madrasa-muzeyida saqlanayotgan Hazrati Usmon Mus'hafining tarixi va bugungi kundagi ahamiyati haqida so‘z yuritilib, uni kelajak avlodlar asrab-avaylashga xizmat qiladigan muhim masalalar muhokama qilindi. Jumladan, Hazrati Usmon Qur’oni sahifalari va fondda saqlanayotgan 1905 yilda Sankt-Peterburgda olingan nusxasini kodikologik tadqiq qilish bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirilib, kelgusida qilinadigan ishlar rejalashtirildi.
AlQuranuz