OZ-OZ O'RGANIB DONO BO'LUR...
* * *
ZahiruddinMuhammad Bobur xazinalari
* * *
MUBAYYaN VA NASRIY BAYoNI
* * *
IYMON-E_''TIQOD KITOBI
* * *
NAZM
Beshinchi mu'man bihning sharhi
Yana oxir kunining iymoni,
Budur, aytay, eshitingiz oni.
Burnog'i manzil anda go'rdurur,
Go'r elidin Hudoy so'rdurur.
Ul so'riqchi ikki farishtadur,
Kim, burun bo'ldi otlari mazkur.
Der, Hudoying, payg'ambaring kimdur?
Diningu rohu rahbaring kimdur?
Gar javobini basavob degay,
Na alam ko'rgayu na g'ussa egay.
Qabrini keng Hudoy qilg'ay anga,
Ravzan uchmoq sari ochilg'ay anga.
Kecha-kunduz anga ayon bo'lg'ay –
Kim, eri ravzada qayon bo'lg'ay.
Gar javobini yaxshi aytmasa,
Tengri aning sarig'a qaytmasa,
Boshig'a ohanin chumoq egay,
Rohatu ayshi al-firoq, degay.
Unini topqonida gurz asari,
Eshitur g'ayri odamiy-pariy.
Gar pariyu bashar eshitkaylar,
G'ussadin jonlarin eritkaylar.
Qabr ul nav' zo'r ila siqqay,
Bir-biriga so'ngaklarin tiqqay.
Ravzan o'lg'ay anga saqar sarig'a,
Yuz tuman ranju sharar sarig'a.
Yerini do'zax ichra ko'rgay ul,
Gah o'tu gah yax ichra ko'rgay ul.
NASRIY BAYoN
Iymon keltirish shart bo'lgan beshinchi narsaning sharhi
(Iymonning beshinchi sharti)
Yana oxirat kuniga ishonmoq shartdir, men aytayin, siz buni eshit(ib eslab qol)ing.
Oxiratning birinchi manzili qabrdir. Qabr ahlini Alloh ta'olo (ikki farishta orqali) so'roq qildiradi. So'raydigan u zotlar esa ikki farishtadirki, oldinroq nomlari (Munkar va Nakir deb) zikr qilindi.
Ular: “Rabbing kim? Payg'ambaring kim? Dining qaysi? Yo'ling qaysi va rahbaring kim? (Qiblang qayer?)” deb so'raydilar. Agar kishi javobini to'g'ri ayta olsa, u na alam-azob ko'radi, na g'am-g'ussa chekadi.
Alloh qabrini unga (ko'zi etadigan joygacha) keng qilib qo'yadi va jannat sari (jannatdagi manzilini ko'rib turishi uchun) unga qabrdan bir darcha ochib qo'yiladi. Har kecha-kunduz unga jannatdagi joyi qayerda ekanligi ayon bo'lib turadi.
Agar (qabrdagi odam ikki farishta so'rog'iga) javobini yaxshi ayta olmasa, Alloh u tomonga qaytmasa, ya'ni undan yuz o'girsa, u boshiga temir gurzidan zarbalar eydi. Rahmati va yaxshi hayoti unga al-firoq (al-vido) deydi. (Chumoq – olti qirrali temir gurzi. – “G'iyos ul-lug'ot”)
Gurzi asari etib, u dodu faryod qilganida, uning fig'onu nolasini odamzod va jin qavmidan boshqa barcha mavjudotu maxluqot eshitadi. Agar uni jin qavmi va odamzod qavmi eshitsa edi, g'ussadan (qayg'udan) jonlari erib ketar edi.
Qabr uni kuch bilan shu qadar qattiq qisadiki, har qisganida suyaklarini bir-biriga kiritib yuboradi. Unga do'zaxdagi joyi tomon, yuz ming azob va olov-alanga tomon bir darcha ochib qo'yiladi. U do'zax ichidagi o'z joyini goh olov, goh muz ichida ko'rib turadi.
Nasriy bayon va sharh muallifi:
Mirzo KYeNJABYeK
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Fotiha surasi yetti oyatdan, yigirma yetti so‘z va bir yuz qirq harfdan iboratdir. Ibn Abbos, Qatoda va Abul Oliya Fotiha surasi Makkada nozil bo‘lgan, deydi. Fotiha surasining nomi ko‘pligi uning sharafi va fazlining yuqoriligiga dalildir.
Fotiha surasi bilan namozning har bir rakati avvalida o‘qilishi va Qur’oni karim u bilan boshlangani uchun “Fotiha” (ochuvchi) deb nomlanadi.
Anas, Hasan va Ibn Sirin bu surani “Ummul Kitob”, ya’ni Kitob (Qur’on) onasi deyishgan.
Imom Termiziy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alhamdulillahi Robbil a’lamiyn Ummul Qur’on, Ummul Kitob, Sab’ul masoniy (yetti takrorlanuvchi) va Al-Qur’anul a’ziym (ulug‘ Qur’on)dir”, dedilar. Yana “As-solat” (namoz) deb ham nomlanadi. Chunki u namozning shartlaridan biridir.
Ushbu sura “Shifo” deb ham nomlangan. Imom Dorimiy Abu Sa’id roziyallohu anhudan marfu’ holatda rivoyat qilgan hadisda: “Fotihatul Kitob – har bir zaharga shifodir”, deyilgan.
Bu sura “Ruqiya” deb ham nomlanadi. So‘fyon ibn Uyayna Fotihani “Voqiya”, Yahyo ibn Abi Kasir esa “Kofiya” degan. Yana u “Namoz va xazina” ham deyiladi. Buni Imom Zamaxshariy o‘zining “Kashshof” tafsirida keltirgan.
Davron NURMUHAMMAD