O'zbekistonliklar topgan pulini endi dabdabali to'y o'tkazishga emas, farzandining ilm olishiga sarflashi maqsadga muvofiqdir. Bu haqda O'zbekiston madaniyat vaziri, O'zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov «Daryo» muxbiri bilan suhbatda aytib o'tdi.
Pandemiya davrida joriy etilgan karantin choralari doirasida O'zbekistonda to'y-marosimlarni mehmonlar soni cheklangan holda — 30 kishi bilan o'tkazish tartibi yo'lga qo'yildi. Ushbu tartibga to'laqonli amal qilinmayotgan (va unga amal qilinishi ustidan to'laqonli nazorat ham yo'q) bo'lsa-da, umuman olganda, jamoatchilik to'ylarning ko'lami, unga ketadigan sarf-xarajat bir qadar qisqarganidan mamnun.
Vazir Ozodbek Nazarbekov ham to'ylarning ixchamlashganini fuqaro sifatida qo'llab-quvvatlashini bildirdi.
«Katta-katta to'yxonalar kafe yoki restoranga aylantirilib, faoliyatini bemalol davom ettirsa ham bo'ladi. Shaxsan men fuqaro sifatida ixcham to'ylarni qo'llab-quvvatlayman. Chunki o'zim bu sohada ancha vaqt yurganman, juda ko'p holatlarda odamlarga rahmim kelgan. Besh yil Rossiyada yurib, qora mehnat qilib, o'sha erda kasal orttirib, lekin topganini bir kunlik to'yda yo'q qilish va ishlagani yana xorijga ketish holatlariga shaxsan guvoh bo'lganman. Halqimiz orasida katta to'y qilish bir majburiyatdek qabul qilinib, allaqachon shakllanib bo'lgan. Aqlan olib qaralsa, bu majburiyat emas. Qurbi etmasa ham qarz olib, dabdabali to'y qilgandan ko'ra, odamlar topgan pulini farzandlarini o'qitishga, ilm olishiga va shu kabi narsalarga yo'naltirsa, o'ylaymanki, o'zlari uchun ham, jamiyatimiz uchun ham foydali bo'ladi. Milliy g'oyani shakllantirish birgina davlatning o'zini qo'lidan kelmaydi. Milliy g'oyani xalq, aniqrog'i, davlat va jamiyat birgalikda shakllantiradi. Buning uchun esa faqatgina ilm olishimiz kerak, nazarimda. Rosa o'ynab-kuldik, katta-katta to'ylar qildik, to'ylarimizda hatto vertolyot ham ishlatib ko'rdik — hamma narsa qilib ko'rdik. Bizda qilingan to'ylarni dunyoda hali hech kim qilgani yo'q, eng yuqorilarini ham qildik. Bundan buyog'iga faqat dabdabali to'y o'tkazishga emas, balki ilm-fanga ko'proq ahamiyat bersak, xalqimiz ham buni to'g'ri tushunib, topgan ortiqcha sarmoyasini farzandining ilmi uchun sarflasa, menimcha, to'g'ri bo'ladi», - dedi O'zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
2025 yil 10 iyul kuni Qur’oni Karim xodimi, ustoz, shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum boshchiligida «Qur’on va tajvidni o‘rgatish» bo‘limi xodimlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasiga tashrif buyurishdi.
Ma’lumki, kutubxonada turli mavzudagi nodir qo‘lyozma asarlar, Qur’oni Karim qo‘lyozma nusxalarining namunalari saqlanadi. Mana shunday nodir manbalardan biri Hazrati Usmon mus'hafi hisoblanadi. Qur’oni Karimning ushbu noyob va qadimiy qo‘lyozma nusxasi tadqiqotchilar va keng jamoatchilikning doimiy e’tiborida bo‘lib kelgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2023 yil 22 dekabr kuni o‘tkazilgan Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida muzeylar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha yetti yillik dastur qabul qilinishi e’lon qilindi. Ushbu yig‘ilish davomida berilgan topshiriqlar bo‘yicha 50-son Bayonnomaning 47-bandida Muqaddas kitob – Usmon Qur’oni sahifalarining konservatsiya va restavratsiya qilinishini ta’minlash belgilangan. Mazkur dasturni amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi qo‘llab quvvatlovi ostida xorijlik mutaxassislar, jumladan, Kembrij universitetidan Kristine Rose, fransiyalik restavratorlar Aksell Deleau va Koraliye Barbe, Istanbul qo‘lyozmalar ustaxonasi va arxiv bo‘limi mudiri Nil Baydar Usmon mus'hafini bosqichma-bosqich ta’mirlash rejasini ishlab chiqib, kelgusida muhofaza qilish bo‘yicha tavsiyalarni berdilar. Jumladan, «yengil restavratsiya ishlari»ni amalga oshirishdan avval Hazrati Usmon Qur’oni sahifalarini skaner qilish va matnini kodikologik tadqiq qilish bo‘yicha yo‘nalishlar belgilab olindi.
Ushbu xayrli ishlarning davomi sifatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida Hazrati Usmon Mus'hafi matnini kodikologik tadqiq qilish bo‘yicha muhim yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda «Qur’on va tajvidni o‘rgatish» bo‘limi mudiri shayx Alijon qori Fayzulloh va Kutubxona mudiri Kamoliddin Mahkamov boshchiligida bo‘lim xodimlari ishtirok etishdi. Yig‘ilishda «Mo‘yi muborak» madrasa-muzeyida saqlanayotgan Hazrati Usmon Mus'hafining tarixi va bugungi kundagi ahamiyati haqida so‘z yuritilib, uni kelajak avlodlar asrab-avaylashga xizmat qiladigan muhim masalalar muhokama qilindi. Jumladan, Hazrati Usmon Qur’oni sahifalari va fondda saqlanayotgan 1905 yilda Sankt-Peterburgda olingan nusxasini kodikologik tadqiq qilish bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirilib, kelgusida qilinadigan ishlar rejalashtirildi.
AlQuranuz