Musulmonlar Quraysh karvoniga ega chiqish uchun Madinadan tashqariga chiqishdi. Chunki Makkalik mushriklar ularning bor-budini tortib olgan edi. Qurayshning kattalari ularning molini musodara qilgan edi. Ammo Abu Sufyon musulmonlardan karvonni olib qochib uzoqroq joyga tushdi va Makkadan yordam kuchi so'rab kishi jo'natdi. Qo'shin keldi.
Musulmonlar o'zlari o'ylamagan jang oldida turishar edi. Jang boshlanishidan oldin Sa'd ibn Muoz roziyollohu anhu kuchlar nisbatiga boqib mushriklarning ko'pligini aniqladi. Ular juda qattiq tayyorgarlik bilan jangga kelishgan edi. Musulmonlar esa oz bo'lib ular faqat karvonni maqsad qilishgan edi. Sa'd roziyollohu anhu Rasululloh sallollohu alayhi va sallamga biror zarar etishidan qo'rqib dedi:
– Ey Allohning Rasuli! Sizga bir chayla qurib beramiz. U erda ulovingizni hozirlab qo'yamiz. Agar dushmanga yo'liqqanimizda Alloh bizga nusrat bersa bu biz sevgan ish bo'ladi. Agar boshqacha ish bo'lsa ulovga o'tirib ortimizdagi musulmonlarga etib olasiz. Ortimizda sizni bizdan ham ko'proq sevadigan kishilar turishibdi. Ular sizning bu urushga kirishishingizni bilishganlarida Madinada qolishmas edilar.
Rasululloh sallollohu alayhi va sallam Sa'd roziyollohu anhuning haqqiga duoyi xayrlar qildilar. So'ngra Rasululloh sallollohu alayhi va sallamga chayla qurib berishdi. Jang boshlandi. Rasululloh sallollohu alayhi va sallam ham tushib musulmonlarga yordam berdilar. Alloh musulmonlarga nusrat berdi.
Sa'd roziyollohu anhuning rejasi Rasululloh sallollohu alayhi va sallamni urushga qatnashtirmaslik edi. U zotni qo'shin ortida chaylada turishlarini istagan edi. Oldilarida yugurik ot hozir edi. Agar musulmonlar mag'lub bo'lishsa Madinaga qaytishlari lozim edi. Chunki islomning taqdiri u zot sallollohu alayhi va sallamga bog'liq edi.
Sa'd roziyollohu anhu Madinada qolgan musulmonlarni Rasululloh sallolohu alayhi va sallamga: “Ko'rdingizmi, ular siz bilan chiqishmadi. Siz bilan biz chiqdik. Biz sizni ulardan ko'ra ko'proq sevamiz!”, demadi. Balki, oppoq qalb bilan, chiroyli gumon bilan Madinada qolganlar Rasululloh sallollohu alayhi va sallamni bu erdagilardan ko'proq yaxshi ko'rishlarini, ular Rasulullohning faqatgina karvonni olish uchun kelgan deb o'ylab ortda qolishganini, Quraysh bilan urush bo'lishidan bexabar ekanliklarini aytdi.
Biz ortda turib bir-birimizni muhofaza qilganmizmi? Huzurimizda bo'lmaganlarning fazilatlarini gapirganmizmi? Yoki fursatni g'animat bilib o'zgalarni yomonlab, o'zimizni ko'targanmizmi?
Ota-onangni shifokorga olib borsang qolgan aka-ukalaringni malomat qilma. Ajringni zoye qilma. Ota –onangga: “Sizlarga faqat men qarayapman. Boshqa aka-ukalarim qarashmayapti” , dema. Balki, “ularning ishlari bor ekan, sharoitlari xizmat qilishga yo'l bermayapti. Agar imkonlari bo'lganida ular ham xizmat qilgan bo'lishar edi. Ular sizni mendan ham ko'proq yaxshi ko'rishadi”, degin.
Agar faqirlarga yordam bersang “faqat biz yordam beramiz. Boshqalar yordam berishmaydi”, dema. Balki “falonchilarning ham sadaqa berishga imkonlari boru, ammo sharoitlari hozir shunaqa bo'lib qolgan. Yo'qsa ular bizdan ko'ra saxiyroqdirlar”, degin.
Biz bir yaxshi ish qilsak va so'ngra o'sha ishimiz kabi ishlarni qilmaganlarni gapirsak, yomonlasak va g'iybat qilsak, tanqid qilsak go'yo uni qilmagandek bo'lamiz.
Yaxshiliklarimizni zoye qilamiz.
Sheroziy rohimahulloh aytadi:
“Bir kecha otam bilan tahajjudga turdim. Atrofimizda kishilar uxlab yotishar edi. Otam namoz o'qidilar. Men ham o'qidim. So'ngra otamga: “Bular ham turib ikki rakaat namoz o'qisalar bo'lmaydimi?!”, dedim. Shunda otam: “Ey o'g'lim! Ularni gapirganingdan ko'ra uxlaganing sen uchun yaxshiroq edi!”, dedilar.
Abdulqodir Polvonov
#xabar #muftiy #juma #masjid
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bugun, 13 fevral kuni juma namozini poytaxtimizning Bektemir tumanida qayta qurilib, foydalanishga topshirilgan "Abduqodir hoji ota" (avvalgi nomi "Xuton") jome masjidida ado etdilar.
Muftiy hazratlari juma namozidan oldin jamoatga Qur’onda ta’kidlangan ikki ulug‘ amal – zikr va salavot aytishning fazilatlari haqida ma’rifiy suhbat qilib berdilar.
Darhaqiqat, inson turli yumushlar bilan ovora bo‘lib, ba’zan ruhiy tarbiyadan, qalbiga ozuqa bo‘ladigan amallardan uzilib qoladi. Holbuki, zikr va salavotlar qalbni sayqallab, musaffo va nurli qiladi.
Ma’ruzada aytilganidek, Alloh taolo Qur’oni karimning o‘n olti joyida zikrga buyurgan: “Bas, Meni yod etingiz, (Men ham) sizlarni yod eturman. Menga shukr qilingiz, noshukrchilik qilmangiz!” (Baqara surasi, 152-oyat). Demak, zikrning eng katta foydasi – bandaning gunohlari afv etilishiga, Robbi ham uni yod etishiga sabab bo‘ladi.
Ammo ba’zi insonlar “zikr qilishim kerak ekan” deya kundalik kasbu kor qilishdan ham o‘zlarini tortib, ahli oilasini tang ahvolga tushirib qo‘yganlarini eshitib qolamiz. Bu xato tushuncha bo‘lib, aslida ishlab turib ham qalbni zikr bilan mashg‘ul qilish mumkin. Bahouddin Naqshband hazrat: “Diling Allohda, qo‘ling ishda bo‘lsin”, deganida shunga dalolat etganlar.
Shuningdek, salavot ham yaxshiliklar vasilasi, Allohning roziligiga olib boruvchi, ko‘plab ajr-savoblar eshigidir. Salavot aytishning nechog‘lik ulug‘ amal ekani Qur’oni karimda ta’kidlangan: “Albatta, Alloh va Uning farishtalari Payg‘ambarga salavot ayturlar. Ey, mo‘minlar! (Sizlar ham) unga salavot va salom aytingiz!” (Ahzob surasi, 56-oyat).
Zero, Payg‘ambar alayhissalom bunday marhamat qilganlar: “Menga salavot aytinglar, chunki qayerda bo‘lsangiz ham salavotlaringiz menga yetib keladi” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Manfaatli ma’ruza so‘ngida barcha mo‘min-musulmonlar Allohning zikri va Payg‘ambar alayhissalomga salavot aytishda peshqadam bo‘lishini so‘rab duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati