Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Zararberishvazararlanish (islomda) yo'q” dedilar (Imom Ibn Moja rivoyati). Shu bois har bir musulmon kishi zararlanishning oldini olish maqsadida badantarbiya bilan shug'ullanib, sog'lom turmush tarziga o'tishi lozim bo'ladi.
Sahobalardan Salama ibn Akva' roziyallohu anhu aytadilar: “Biz yo'lda yurib borardik. Ansoriylardan musobaqalarda hech engilmagan bir kishi: Madinagacha musobaqalashuvchi bormi? Kim musobaqa qila oladi?”, dedi. “Hurmatli kishining hurmati, sharaflining sharafini rioya qilmaysanmi?”, dedim. “Faqatgina Rasululloh sallollohu alayhi vasallamni”, dedi. “Yo Allohning rasuli, ota-onam sizga fido bo'lsin! Qo'yib bering, shu odam bilan musobaqalashay”, dedim. “Hohishing bo'lsa, mayli”, dedilar u zot. Madiniga undan avval etib bordim”. Ushbu rivoyatda badantarbiyaga, jismoniy musobaqalarga qiziqtirish va shu orqali sog'lom turmush tarziga chaqiriq bor.
Mashhur tabib Abu Ali Ibn Sino: “Badantarbiya bilan muntazam shug'ullangan inson hech qanday dori-darmonga muhtoj bo'lmaydi”, degan.
Shu yil 30 oktyabr' kuni Yurtboshimiz “Sog'lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmonni imzoladi. Bundan jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shug'ullanish hamda sog'lom turmush tarzi bo'yicha hayotiy ko'nikmalarni shakllantirish orqali har bir fuqaroda kasallikka qarshi kuchli immun tizimi paydo bo'lishini ta'minlash, zararli odatlardan voz kechish, to'g'ri ovqatlanish tamoyillariga amal qilish, tiklash va reabilitatsiya ishlari hamda ommaviy jismoniy faollik tadbirlarini tizimli va samarali tashkil qilish, bu borada tegishli infratuzilma va boshqa zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsad qilingan.
Pandemiya davrida ko'pchiligikning jismoniy salomatligi, sog'lom hayot darajamiz zaif ekanligi sezildi. Ayni davrda ushbu farmon kuchga kirgani muhim ahamiyat kasb etdi. Aziz yurtdoshlarimizni hozirda mamlakatimizda ommaviy tarzda o'tkazilayotgan yurish, yugurish, velosport mashg'ulotlarida faol ishtirok etishga chaqirib qolaman.
Alloh taolo yurtimizni tinch, xalqimizni hifzi himoyasida asrasin, o'zimizni isloh qilib, sog'lom turmush tarzini yo'lga qo'yishimizda kuch-quvvat ato etsin!
Abdullaxon MIRZAYeV,
Denov tumanidagi
“Muhammadqul” jome masjidi imom-xatibi
Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtincha bo‘lib turgan fuqarolarimiz bilan doimiy muloqotni qo‘llab-quvvatlab turish, ularning haq-huquqlarini himoya qilish, ma’rifiy suhbatlar o‘tkazish maqsadida joriy yilning 29 iyun – 2 iyul kunlari O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Vladivostok shahrida xizmat safarida bo‘lishdi. Delegatsiya tarkibida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari O.Abdullayev, O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi favqulodda va muxtor elchisi B.Asadov, O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi Bosh konsuli M.Xayriddinov kabi nufuzli vakillar qatorida O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili Ibrohimjon domla Inomov ham ishtirok etdi.
Safar davomida Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligining Vladivostok shahridagi pasport-viza xizmatida, Vladivostok, Xabarovsk shaharlaridagi o‘zbek diasporasi rahbarlari va Primorsk o‘lkasidagi o‘zbek diasporasi vakillari, o‘zbekistonlik talabalar, turli xizmatlarda faoliyat ko‘rsatayotgan migrantlar bilan, Vladivostokdagi “Vladtorg” savdo kompaniyasida, Vladivostokda OOO “Viktoriya” qurilish firmasida, Primorsk o‘lkasidagi “Dobroflot” baliqovlash kompaniyasi zavodlarida xizmat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi.
“Milliy va diniy qadriyatlarimiz”, “Aqidada adashmaylik!”, “Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish odobi”, “Islomda bag‘rikenglik”, “Islomda vatanparvarlik tushunchasi” kabi mavzularda o‘tgan suhbatlardan yurtdoshlarimiz kerakli tushunchalar hosil qilib, mamnun bo‘lishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati