— Ko'pincha chaqaloqlarning orqasi ko'karib tug'iladi, buning sababini kattalar: “Bola tug'ilayotgan payt farishta kelib, uning orqasidan itarib yuboradi, ya'ni tug'ilishiga yordam beradi, o'sha ko'kargan joy farishtalarning qo'l izi bo'ladi”, deb aytishadi. Shu gap qanchalik rost?
— Yo'q, hech qanday farishta tug'ilayotgan bolaning orqasidan itarmaydi. Balki bola tug'ilgan paytda shayton uni chimchilaydi. Shuning uchun chaqaloqlar qichqiradi va orqasi ko'karadi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qay bir bola tug'ilsa ham, albatta, tug'ilish paytida uni shayton tutadi. Shayton uni tutganidan qichqirib ovoz chiqaradi. Illo, Maryam va uning o'g'li unday bo'lmaydi. Agar istasangiz, “Va albatta, men Sendan unga va uning zurriyotiga shaytonir rojim sharridan panoh tilarman”ni qiroat qiling”, dedilar” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Muhammad Ayyub HOMIDOV
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
U kishi aytadilar: Bir kampir Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga keldi. U zot mening huzurimda edilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: — «Siz kimsiz?» — dedilar. U: — «Men Jusama al-Muzaniyyaman», — dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: — «Yo‘q, siz — Hasona al-Muzaniyyasiz! O‘zingiz qandaysiz? Ahvollaringiz qanday? Biz ketgandan keyin qanday yashayapsizlar?» — dedilar. U: — «Yaxshimiz, otam va onam sizga fido bo‘lsin, ey Rasululloh sollallohu alayhi vasallam», — dedi.
Kampir chiqib ketgach, men dedim: — «Yo Rasululloh, shu kampirga bunchalik iliq munosabat ko‘rsatmasangiz?» Shunda u zot: — «U Xadicha zamonida uyimizga kelib turar edi. Eski tanishlar bilan chiroyli muomala qilish iymondandir», dedilar.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV