Malayziya chegaralari 2021 yil 31 mart kunigacha yopilganiga qaramasdan, mamlakatimiz rahbariyati tomonidan yurtimizga sayyohlar oqimini yanada oshirish, O'zbekistonning ziyorat turizmi imkoniyatlarini keng targ'ib qilish bo'yicha belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida diplomatik missiya jamoasi o'zbekistonlik va malayziyalik sheriklar bilan birgalikda mazkur sohadagi hamkorlikni rivojlantirish bo'yicha yangi hukumatlararo bitim tuzish ustida ish olib bormoqda.
Bu haqda “Dunyo” axborot agentligiga interv'yuda O'zbekistonning Malayziyadagi elchisi Ravshan Usmonov ma'lum qildi.
“Mazkur hujjat Malayziya masjidlarida juma namozlari chog'ida mamlakatimizning ma'naviy-ma'rifiy merosini keng targ'ib qilish, O'zbekiston turizm sanoati vakillari uchun vebinarlar tashkil etish, «muslim friendly» va «halal tourism» standartlarini joriy etish bo'yicha tajriba almashish, Malayziya islom turizmi markazi ekspertlarini jalb etgan holda malay tili o'quv kurslarini tashkil etish, shuningdek malayziyalik sheriklar bilan hamkorlikda O'zbekistonda “ziyorat turizmi” sohasida kadrlar malakasini oshirish maqsadida O'zbekiston-Malayziya markazini ochish kabi loyihalarni o'z ichiga oladi”, - aniqlik kiritdi elchi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Savol: Islomda yangi kun qaysi soatdan boshlab kiradi? Masalan, shartli qabul qilingan tartib bo‘yicha soat 00:00 yangi kunning boshlanishi sanaladi? Islomda yangi kunning boshlanishi va tugashi qaysi vaqtdan e’tiborga olinadi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizga ko‘ra, kun shom vaqtidan boshlanadi va keyingi shomgacha davom etadi. Boshqacha qilib aytganda, islomda kun kecha bilan boshlanadi va uning ertasida kun botib, kunduz tugaganida, o‘sha kun ham yakunlanadi. Bunga oyat va hadislardan ko‘plab dalillar bor.
Faqat ayrim ahkomlarda kunning boshlanishi bomdod namozining vaqti kirishi (subhi sodiq)dan boshlanadi va kun keyingi bomdod vaqtigacha davom etadi. Masalan, Hajda Arafot vodiysida turishda hukm shunday.
Shuningdek, ayrim hollarda “kun” tushunchasi yuqoridagidek, 24 soatdan iborat (sutka) ma’nosida emas, balki tunga muqobil – qarama-qarshi ma’noda qo‘llanilishi ham mumkin. Bu holda kun boshlanishi bomdod vaqtidan to quyosh botgunigacha bo‘lgan muddat, ya’ni kunduzdan iborat bo‘ladi. Bunga misol uchun “bir kun ro‘za tutish” deganda aynan shu muddat nazarda tutiladi.
Xulosa qilib aytganda, dinimizdagi umumiy qoidaga ko‘ra, kunning boshlanishi kun botganidan boshlanib, keyingi kun botishigacha davom etadi. Ayrim istisno qilingan holatlarda kunning qachon boshlanib, qachon tugashi dindagi hukmlarga qarab farq qiladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.