Taqvodor insonning sifatlari quyidagilar:
– Ota-onaga yaxshilik qilish.
– Qarindoshlik rishtalarini bog'lash.
– Qo'shnilarga yaxshi muomalada bo'lish.
– Shijoatli, kechirimli bo'lish.
– Odil, shirinso'z bo'lish.
– O'zgalarni o'zidan ustun qo'yish.
– Allohning azobidan qo'rqish.
– Iffatli bo'lish, ko'zi, qulog'i, tili va boshqa a'zolarini Alloh harom qilgan narsalardan tiyish...
Insondagi taqvo alomatlari
– Islom shariati belgilagan chegaradan chiqmaydi.
– Allohga bandalik izhor qiladi.
– Qalbi kek, adovat, nafrat, hasaddan salomat bo'lib, muhabbat, muloyimlik va mehrga to'la, Allohning zikri bilan obod bo'ladi.
– Ilm-ma'rifat, yaxshilik, fazilatlarni yoyadi. Odamlarning orasini isloh qiladi.
– O'zgalarga yordam beradi, manfaat ulashadi.
Taqvodorlarning ajr-savobi
– Alloh taolo taqvodorlarni O'ziga do'st, valiy qilib oladi. U Zot: «Uning valiylari faqatgina taqvodorlardir», degan. (Anfol surasi, 34-oyat).
– Alloh taqvodorlarni suyadi. U Zot: «Yo'q! Kim ahdiga vafo qilsa va taqvo qilsa, Alloh taqvodorlarni sevadir», degan. (Oli Imron surasi, 76-oyat).
– Alloh solih amallarni qabul qiladi. U Zot: «Albatta, Alloh taqvodorlardangina qabul qiladir», degan. (Moida surasi, 27-oyat).
– Yaxshi oqibat. Alloh taolo: «Va oqibat taqvodorlarnikidir», degan (A'rof surasi, 128-oyat).
– Jannat. Alloh taolo: «Albatta, taqvodorlar jannatlar va chashmalardadir», degan. (Hijr surasi, 45-oyat).
– Allohning roziligiga erishadi, savob tarozisi og'ir keladi, omonlik maqomida bo'ladi. Alloh taolo: «Albatta, taqvodorlar omonlik maqomidalar», degan. (Duxon surasi, 51-oyat).
– Qiyomat kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yaqin bo'ladi, chunki u komil iymon egasidir.
– Oxiratdagi martabasi ulug' bo'ladi. Dunyoda odamlarning muhabbatini qozonadi.
– Umri barakali bo'ladi.
– Yo'li ochiq, rizqi keng bo'ladi. Alloh taolo: «Kim Allohga taqvo qilsa, uning yo'lini ochib qo'yadir va unga o'zi o'ylamagan tarafdan rizq berur», degan. (Taloq surasi, 2-3-oyatlar).
Muhammad Ali Muhammad Yusuf
tayyorladi
Bugun, 15 sentyabr kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Boku shahrida bo‘lib o‘tayotgan Turkiy davlatlar muftiylari yig‘ilishi va xalqaro anjumanning nufuzli ishtirokchilarini qabul qildi.
Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan muloqotda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Ozarbayjon yetakchisiga Davlatimiz Rahbarining samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdilar.
Uchrashuvda qardosh davlat Rahbari nutq so‘zlab, xalqaro anjumanlarning ahamiyatiga to‘xtaldi. Muloqot chog‘ida so‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik va do‘stona aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilgani alohida e’tirof etildi.
Turkiy davlatlar yetakchilarining qat’iy siyosiy irodasi va sa’y-harakatlari natijasida ilm-fan, ta’lim, madaniy-gumanitar hamda diniy-ma’rifiy jabhalarda hamkorlik jadal sur’atlarda rivojlanayotgani ta’kidlandi. Bu ezgu sa’y-harakatlar Diniy idoralar rahbarlarining mushtarak maqsadlar yo‘lida birlashishi, xalqlarimiz o‘rtasidagi qardoshlik rishtalarini yanada mustahkamlash, tinchlik-osoyishtalikni asrash hamda zamonning dolzarb masalalari bo‘yicha mushtarak fatvo va bayonotlar qabul qilishda muhim poydevor bo‘layotgani qayd etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati