So'nggi uch yil ma'lum ma'noda masjidlarni ta'mirlash, obod etish davri bo'lyapti, desak mubolag'a bo'lmaydi. Bu vaqt oralig'ida yurtimizda 256 ta masjid qaytadan qurildi, 308 tasi esa kapital ta'mirlandi. Binolari eskirib, nurab qolgan, shuningdek, namozxonlar uchun torlik qilayotgan kichik ibodat uylari o'rnida shaharsozlik andozalariga mos zamonaviy talablar asosida keng va shinam jomelar qad ko'tarmoqda. Ba'zilari katta yo'l bo'ylariga chiqarib qurilmoqda. Bu esa ichki va tashqi ziyorat turizmi doirasida qo'shimcha imkoniyat va qulayliklar tug'diradi.
Ayni paytda 218 ta masjid butunlay yangi loyiha asosida qaytadan qurilmoqda. Ularning bir qismi shu yili bitkazilib, mo'min-musulmonlarni o'z bag'riga chorlaydi, yangicha imkoniyatlarda huzur-halovat ila ibodat quvonchiga sabab bo'ladi.
Quyida 2021 yilda foydalanishga topshiriladigan markaziy masjidlar haqida hikoya qilamiz:
1. "Honobod" masjidi
Manzil: Toshkent viloyati Ohangaron shahri
Sig'imi: 4000 kishi
Me'moriyuslubi: Eklektika
Foydalanishgatopshirilishvaqti: 2021 yil avgust oyi
Qo'shimchaimkoniyatlari: anjumanlar zali, ayollar uchun tahoratxona va namozxona.
Bu yili Ohangaron shahri markazi, Toshkent-O'sh A373 magistral yo'lida katta masjid foydalanishga topshiriladi. 2020 yilda shaharni ijtimoiy–iqtisodiy rivojlantirish bo'yicha davlat dasturi doirasida qo'shimcha er maydoni ajratilib, masjidni yangidan qurish ishlari boshlab yuborildi. Bugungi kunga kelib 53 metrlik minora qurilishini hisobga olmaganda, asosiy ishlar nihoyasiga etib bormoqda. Masjid yo'l bo'yida ekanini hisobga olib, ayollar uchun alohida tahoratxona va namozxona o'rin olgan. Rejalar esa ulkan. Keyingi bosqichda bu erda ziyorat turizmi doirasida halol standartlari asosida mehmonxona va oshxona qurilishi rejalashtirilgan.
2. "Akbaraliota" masjidi
Manzil: Sirdaryo viloyati Guliston tumani
Sig'imi: 1500 kishi
Me'moriyuslubi: sakkiz burchak
Foydalanishgatopshirishvaqti: 2021 yil aprel' (Ramazon) oyi
Qo'shimchaimkoniyatlari: kutubxona, keng avtoturargoh
“Soyibobod” qishlog'i aholisi 5-6 yildan beri avariya holatiga kelib qolgan masjidni yangidan qurishni orzu qiladi. Biroq doim qator muammolar xalaqit berib keldi: moliyaviy imkoniyatlar, er va qurilishga ruxsat masalasi. Nihoyat o'tgan yili barchasi hal etilib, ikki qavatli zamonaviy masjid qurilish ishlari boshlab yuborildi. Hozirda birinchi qavatda ishlar yakunlangan. Qishloq ahli xursand, odamlar hatto o'z erlarini masjidga hadya etish hisobidan oxiratlariga ulkan savoblarni to'plamoqdalar. Ramazon oyiga ochilishi rejalashtirilayotgan yangi jome Gulistonning bezagi bo'lishi shubhasiz. Chunki joylashgan o'rniga ko'ra u Guliston shahri va tumani kesishmasi oralig'idadir.
3. "HojiAbdullohalAnsoriy" masjidi
Manzil: Farg'ona viloyati, Oltiariq tumani
Sig'imi: 2000 kishi
Me'moriyuslubi: Eklektika
Foydalanishgatopshirishvaqti: 2021 yil dekabr' oyi
Qo'shimchaimkoniyatlari: uch tomonlama kirish yo'li, keng avtoturargoh
Ko'rinishi va bezak uslublari “Masjidun Nabaviy”ni eslatib turuvchi ushbu masjid avvalgi joylashgan o'rnidan 500 metr masofada, Marg'ilon-Qo'qon katta avtomobil yo'li yoqasida qurilmoqda. Dastlab, er olish masalasida qiyinchiliklarga duch kelingan bo'lsada, bugun bari ortda qoldi. Hatto ismini oshkor etishni xohlamagan himmati baland kishilarning ko'magi bilan 50 sotix maydonda bino ko'tarilib, tom qismini yopib bo'lindi. Masjid loyihasini arxitektor Fahriddin Abdullatipov ishlab chiqqan.
4. "Qorashbuva" masjidi
Manzil: Farg'ona viloyati Qo'shtepa tumani
Sig'imi: 1500 kishi
Me'moriyuslubi: Yangi klassika
Foydalanishgatopshirishvaqti: 2021 yil sentyabr' oyi
Qo'shtepa tumanining serqatnov Shijoatkor ko'chasida joylashgan masjidning eski binosiga namozxonlar sig'may qolishdi. Jamoatning aksariyat qismini yo'lovichilar tashkil etadi. Buning ustiga masjid qiblasi ham to'g'ri emas edi. 250 o'rinlik masjid o'rnida 1500 kishini sig'dira oladigan, betakror ulubdagi namozgoh istiqlolimizning 30 yillik sanasi arafasida mo'min-musulmonlarga tuhfa etilishi rejalashtirilmoqda.
5. "O'tovliEshon" masjidi
Manzil: Horazm viloyati Tuproqqal'a tumani
Sig'imi: 250 kishi
Me'moriyuslubi: an'anaviy-tarixiy
Foydalanishgatopshirishvaqti: 2021 yil may oyi (Ramazon hayiti)
Horazm-Buxoro viloyatlari chegarasida joylashgan Tuproqqal'a maskani, Sarimoy, Nukus, Hazorasp mahallalari ahlining ko'p yillik orzulari ushaladigan bo'ldi. 9 ming aholi istiqomat qiladigan to'rt hududda birorta masjid yo'q edi, eng yaqini Hazorasp tumanidagi “Shayx Qosim bobo” masjidi bo'lib, 120 kilometr masofani tashkil etadi. Masjid uchun “Tuproqqal'a maskani” mahallasidan 60 sotix er ajratildi.
Ibodatgoh Horazm me'morchilik an'analari asosida zamonaviy talablar uyg'unligida barpo etiladi. Honaqoh 160 kishiga mo'ljallangan bo'lsa, hovli va atrof sahnlari bilan 250 ga yaqin namozxonni sig'diradi.
6. "Devonaboy" masjidi
Manzil: Andijon viloyati Andijon shahri
Sig'imi: 15000 kishi
Me'moriyuslubi: an'anaviy-tarixiy
Foydalanishgatopshirishmuddati: 2021 yil Aprel' (Ramazon) oyi
Qo'shimchaimkoniyatlari: Veb-sayt faoliyati uchun aloxida xona, anjumanlar zali, ayollar uchun tahoratxona va namozxona.
Sig'imi bo'yicha nafaqat Andijon, balki, O'zbekistondagi eng katta masjid bo'lishi kutilayotgan ushbu jomeni kengaytirish ishlari bu yili yakunlanadi. Aslida 2020 yilda bitkazilishi rejalashtirilgan edi. Biroq, har bir sohaga ta'sir o'tkazgan pandemiya masjidlardagi qurilish jarayonini ham chetlab o'tmadi. Yangi bino uch qavatdan iborat. Ta'kidlanganidek, hozircha O'zbekistondagi eng katta jomening ichki va tashqi bezaklarida Farg'ona, Samarqand, Buxoro, Horazm naqsh va o'ymakorlik san'at namunalarining barchasidan foydalanilgan. Bugungi qadar 90% ish yakunlandi. Masjid loyihasini Obloqul Mirzayev ishlab chiqqan.
Qadim o'zbek me'morchilik san'atining silsilasi sifatida qad rostlayotgan mazkur ibodatgoh ko'pdan-ko'p avlodlar uchun muqaddas maskan bo'lishini Alloh taolo nasib etsin!
7. "Abdulhamidqori" masjidi
Manzil: Andijon viloyati viloyati Honobod shahri
Sig'imi: 3000 kishi
Me'moriyuslubi: an'anaviy-milliy
Foydalanishgatopshirishvaqti: 2021 yil sentyabr' oyi
Qo'shimchaimkoniyatlari: ayollar uchun tahoratxona va namozxona
Namozdan so'nggi tasbeh miqdoriga teng gumbazlariga ega masjid. Aniqroq aytilsa, 33 ta katta-kichik gumbazdan iborat ajoyib me'moriy echim o'ziga xos ramziy ma'noga ega. Arxitektor Saidakbarxon Murtazoxo'jayev boshchiligida ishlab chiqilgan loyiha asosida qurilayotgan ushbu masjid Andijon suv ombori yo'lidan o'tayotgan har qanday kishining e'tiborini tortishi, unga bir bor kirish istagini uyg'otishi tabiiy. Masjidning Telegram messenjerida ochilgan kanalida qurilish uchun kunlik qilingan xayriyalar e'lon qilinib boriladi. Yaqinda asosiy gumbazga hilol ramzini o'rnatish uchun kanalda o'ziga xos “kim oshdi savdosi” tashkil etildi.
8. "Sarimozor" masjidi
Manzili: Surxondaryo viloyati Boysun tumani
Sig'imi: 5000 kishi
Memoriyuslubi: Eklektika
Foydalanishgatopshirishvakti: 2021 yil avgust oyi
Qo'shimchaimkoniyatlari: anjumanlar zali, oshxona, ayollar uchun tahoratxona va namozxona
Boysunning markaziy masjidi mana shunday ko'rinishda bo'ladi. Eski masjid 2000-2500 kishini sig'dirsada, juma namozlarida 5000 namozxon kelar edi. 2019 yilda masjid uchun shahar markazi, M19 magistral yo'li yoqasidan viloyat hokimligi tomonidan oz emas, 2 ga er ajratildi. Yirik masjid loyihasi ham o'sha vaqtdagi viloyat hokimi tomonidan tayyorlandi. Bu joyda ko'plab infratuzilma ob'ektlari barpo etila boshlandi. Shahar ma'lum ma'noda yangi manzilga ko'chirildi. Hozirda ko'plab masjidlarda avtomobillarni joylashtirish bilan bog'liq muammolar yuzaga kelayotgan bir vaqtda, bu erda avtoturargoh uchun 80 sotix maydon ajratilgan.
9. "QilichbekQo'rg'oncha" masjidi
Manzil: Qashqadaryo viloyati Qarshi shahri
Sig'imi: 1800 kishi
Me'moriyuslubi: Eklektika
Foydalanishgatopshirishvaqti: 2021 yil dekabr' oyi
Qo'shimchaimkoniyatlari: kutubxona, kitob do'koni.
XIX asr bekliklaridan birining nomi bilan atalguvchi ushbu masjid nihoyatda tor va nurab qolgan edi. Yangi holatidagi sig'imidan o'n barobar kam namozxongina sig'ar edi unga. Alloh taoloning marhamati ila bu yili mahalla ahli yangi zamonaviy masjidga ega bo'ladi. Sakkiz burchak uslubidagi masjid Qashqadaryo viloyati uchun ham o'ziga xos yangilik bo'ladi.
10. "Boymoqli" masjidi
Manzil: Jizzax viloyati Zomin tumani
Sig'imi: 860 kishi
Me'moriyuslubi: Sakkiz burchak
Foydalanishgatopshirishvaqti: 2021 yil avgust oyi.
Qo'shimchaimkoniyatlari: anjumanlar zali, kutubxona, ayollar uchun alohida tahoratxona va namozxona.
Tez orada Zomin tumanidagi beshta qishloq uchun durdona masjid qurib bitkaziladi. Bugungi islohotlarning asl maqsadi chekka hududlardagi aholining ham turmushini yaxshilash, etarli shart-sharoit yaratib berishdan iborat. Zamonaviylik faqat shaharlarda emas. Sakkiz burchak uslubida, to'rtta yirik portali bilan alohida mahobat kasb etadigan Boymoqli masjidi yangi avlod masjidlarining ko'pgina detallarini o'zida jamlaydi. Sakkiz tomonidan shaxtasimon o'rnatilgan havoni shamollatish tizimi fikrimiz misolidir. Bir vaqtlar bir qarich tsement ustiga loydan qurilgan, qurilish idoralari shikoyat qilaverib charchagan uvada holiga kelgan imoratning yaqin yillarda mana shunday betakror san'at asariga aylanishini biror kimsa tasavvur qilganmikin?! Shubhasiz, Allohning baytini O'ziga va oxiratga iymon keltirganlar obod etadilar.
11. "Dilkusho" masjidi
Manzil: Buxoro viloyati Buxoro shahar
Sig'imi: 2000 kishi
Me'moriyuslubi: tarixiy-an'anaviy
Foydalanishgatopshirishvaqti: 2021 yil mart oyi
Qo'shimchaimkoniyatlari: Yirik kutubxona, 2 kishilik dam olish xonasi (mehmonxona), ayollar uchun namozxona
Buxoroning asl me'moriy an'analari asosida bunyod bo'layotgan ushbu masjidni kengaytirishga ehtiyoj mavjud edi. 2019 yilgacha to'rtta alohida kichik pastqam xonaqohlardan iborat ibodat uyi jamoat to'plansa, havo etishmas darajada isib ketar edi. Subhon Odilov va boshqalarning loyihasi asosida islom qubbati marjonlari safiga yana bir sadafning qo'shilishiga juda oz vaqt qoldi...
12. "Siroj solih" masjidi
Manzil: Toshkent shahar Olmazor tumani
Sig'imi: 4000 kishi
Me'moriy uslubi: Eklektika
Foydalanishga topshirish vaqti: 2021 yil aprel' (Ramazon) oyi Qo'shimcha imkoniyatlari: anjumanlar zali, veb-sayt faoliyati uchun videostudiya
Eklektika - milliy va zamonaviy uslublarning o'zaro uyg'unligi. Bugun aksariyat qurilayotgan masjidlar arxitekturasida shunday uslub tanlanyapti. Qoraqamish 2/3 mavzesida chiroy ochajak “Siroj solih” masjidi loyihasi “Etalon Projest” muassasasi mahsuloti. Minoralar “Harami sharif”ni eslatib yuboradi. Yurtimizdagi taniqli ulamolardan, masjid imom-xatibi Hasan domla Qodirovning tashabbusi bilan o'rin olgan tasvirga olish videostudiya xonalari ham o'ziga xos yangilik bo'lmoqda.
13. "Kulol qo'rg'on" masjidi
Manzil: Toshkent shahar Yunusobod tumani
Sig'imi: 3500 kishi
Me'moriy uslubi: Eklektika
Foydalanishga topshirish vaqti: 2021 yil aprel' (Ramazon) oyi
Qo'shimcha imkoniyatlari: sartaroshxona, 30-35 sig'imli ichki avtoturargoh (“parkovka”), kitob do'koni, ayollar uchun tahoratxona va namozxona
“Masjid qurilishini boshlaginu, barcha sabablarini qilgan holda O'ziga tavakkul qil. Bayti uchun O'zi etkazadi.” Bu iborani xuddi shu masjidga nisbatan ishlatish mumkin. Shaharning turli nuqtalariga qo'yilgan ehson qutilari evaziga bunyod bo'ldi bu namozgoh. Poytaxt masjidlari doimo e'tibor va andozada bo'lib kelgan. Kichik bir mavzeda bo'lsa ham azim shaharda masjid qurilayotganidan ko'pchilik xabar topadi va imkoni qadar o'z hissasini qo'shishga intiladi. Yuqorida ta'kidlaganimizdek, bugun masjidlarda avtomobillarni qo'yish bilan bog'liq muammolar mavjud. Avtoturargohlar kichiklik qilmoqda, kattasiga esa ortiqcha er maydoni zarur. Bu holat ayniqsa Toshkent shahrida yaqqol ko'zga tashlanadi. Loyihada esa muammoga zamonaviy echim berilib, erto'la qismga “parking” joylashtirilgan. Hozirda masjidda 75% ish tugallangan. Uchqahramon ahlini yangi masjid bilan qutlash tez orada nasib etsin!
Ta'kidlash kerakki, bu ishlar sahovatpesha insonlar, mehnatsevar xalqimizning hashari bilan bo'lmoqda. Muxlis elimiz qayerdaki masjid qurilishi haqida darak topsa, “Allohning uyini obod etishga men ham hissamni qo'shsam”, degan ilinjda baholiqudrat xizmatga bel bog'lamoqdalar, ijtimoiy tarmoqlarda dalolat qilmoqdalar. Siz-chi, aziz vatandosh, chetda qolib ketmadingizmi? Bordiyu shunday bo'lsa, imkoniyat bor, fursat bor. Kimnidir emas, olamlar Robbisining xizmatiga sizni taklif etamiz!
Zoirjon Sodiqov
Masjidlar bo'limi mutaxassisi
Shukuh
Mamlakatimizda muborak Qurbon hayitini ko‘tarinki kayfiyatda nishonlash yaxshi an’anaga aylangan. Bayram kunlari yurtimizda mehr-oqibat, insonparvarlik, shukronalik, saxovat va bag‘rikenglik kabi xalqimizga xos ezgu fazilatlar yanada yorqin namoyon bo‘ladi.
Ushbu muborak ayyomda qarindosh-urug‘lar, yaqinlar, yolg‘iz keksalar holidan xabar olinadi, ko‘makka muhtoj insonlarga yordam beriladi, qisqacha aytganda, jamiyatda birdamlik va ahillik muhiti yana ham mustahkamlanadi.
Kezi kelganda, bugun mamlakatimiz yangi taraqqiyot bosqichiga chiqqanini, barcha sohalar qatori diniy-ma’rifiy jabhada ham ko‘plab islohotlar amalga oshirilayotganini, yutuqlarga erishilayotganini alohida qayd etish lozim.
Yangi O‘zbekistondagi bu muvaffaqiyatlar zamirida fuqarolarning vijdon erkinligi huquqlarini ta’minlash borasidagi yangilik va yengilliklarni alohida qayd etish, xususan, ikki muhim hujjatni eslab o‘tish lozim.
Birinchisi — “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qonun, ikkinchisi — Prezidentimizning “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni. Ushbu ikki muhim hujjat tom ma’noda diniy-ma’rifiy soha samaradorligini yangi bosqichga olib chiqishning mustahkam huquqiy asosi bo‘ldi.
Farmonga asosan, ko‘hna Buxoroda Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi. Bu xalqimiz, xususan, diniy-ma’rifiy soha vakillari uchun katta xushxabardir. Ushbu markaz tom ma’noda buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati allomalarining yuksak insonparvarlik g‘oyalarini ilmiy asosda o‘rganish, yosh avlodni bag‘rikenglik hamda o‘zaro hurmat ruhida tarbiyalashda muhim o‘rin tutadi. Shuningdek, tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini ilmiy tadqiq etish, “Yetti pir” allomalari va aziz avliyolarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish kabi asosiy vazifalarni bajaradi. Naqshbandiylik ta’limotining ezgu g‘oyalarini tadqiq etish uchun ilmiy-nazariy va uslubiy masalalarga bag‘ishlangan anjuman, konferensiya, ko‘rgazma, seminar-trening, tanlovlar hamda boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etadi. Tasavvuf ta’limotining ilmiy asoslangan g‘oyalarini targ‘ib qiladi va soxta tariqatchilikning oldini olish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqadi.
Sirasini aytganda, ushbu markaz ham Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari hamda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi singari uchinchi Renessansni qaror toptirish yo‘lidagi yana bir mustahkam ilm va aql markazi bo‘ladi, albatta.
Shu o‘rinda, O‘zbekiston Prezidentining Qurbon hayiti munosabati bilan yo‘llagan tabrigida ta’kidlanganidek, buyuk tariximiz va madaniyatimiz durdonalarini, mashhur allomalarimizning boy merosini to‘plash va keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, ko‘hna Sharq mo‘jizasi — Samarqand shahri 2025 yilda Islom madaniyati poytaxti, deb e’lon qilindi, ulug‘ vatandoshimiz Imom Moturidiyning 1155 yillik tavallud sanasi yurtimiz bo‘ylab keng nishonlanmoqda.
Poytaxtimizda bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy-ma’naviy yo‘nalishdagi ulkan va noyob loyiha sifatida el-yurtimiz hamda xalqaro jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Bu muazzam maskan ko‘p ming yillik qadimiy tariximiz, boy va betakror milliy madaniyatimizning yorqin timsoli sifatida yangi O‘zbekiston hayotidagi g‘oyat muhim voqeaga aylanajak, albatta.
Shukrki, maqtansak arziydigan bu kabi xushxabar va yangiliklar bisyor. Ayniqsa, ayni hayit kunlarida bu yurtdoshlarimiz kayfiyatini yanada ko‘tarishi, bayramga o‘zgacha shukuh qo‘shishi muqarrar.
Kezi kelganda aytish joizki, muborak Qurbon hayitining ahamiyati yangi O‘zbekistonda ijtimoiy davlat barpo etish jarayonlari hal qiluvchi bosqichga kirayotgan bugungi sharoitda tobora ortib bormoqda. Bu muborak kunda yaqinlar bilan ko‘rishish, uzoqlashgan do‘stlar bilan yarashish, qarindosh-urug‘larga ziyoratga borish — barchasi mehr-oqibat va insonlar o‘rtasidagi uzviy aloqalarni mustahkamlaydi.
Hayit faqat bayramgina emas, balki ming yillar davomida shakllangan qadriyatlarimiz tarannumi hisoblanadi. Odatda ushbu ayyomda hamma bir-birini bayram bilan samimiy muborakbod etadi, qurbonliklar qilinadi. Qurbonlik go‘shtidan va taomidan ehtiyojmand, kam ta’minlangan insonlar, turli millat va din vakillariga ulashiladi. Bu, o‘z navbatida, saxiylik, shukronalik, jamiyatdagi tenglikni ta’minlashga qaratilgan ulkan ibrat hamda muhtojlar, yetim-yesirlar va e’tiborga muhtoj insonlar haqida qayg‘urishning amaliy ifodasi, qolaversa, o‘zaro mehr-oqibat rishtalarining yanada mustahkamlanishiga sabab bo‘ladi.
Hayit ayyomingiz muborak bo‘lsin!
Homidjon ISHMATBЕKOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari.