Ayni kunlarda O'zbekiston musulmonlari idorasi tashabbusi bilan yurtimizning chekka hududlaridagi masjidlarni ta'mirlash va qayta qurish ishlari jadal davom etmoqda. Ushbu xayrli ishlarda saxovatpesha hamyurtlarimiz imkoniyat doirasida homiylik qilmoqda. Ushbu ko'maklar bilan masjidlar barpo etilib, namozxonlar uchun keng sharoitlar muhayyo qilinmoqda. Mana shunday yangidan qad rostlagan jomelardan biri Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi “Chim” masjididir.
Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi “Chim” jome masjidi 1991 yilda hashar yo'li bilan barpo etilgan. Aholisi yigirma mingdan ziyod Chim qishlog'i oqsoqollaridan bo'lgan marhum ustozimiz, ushbu masjidga ko'p yillar imom-xatiblik qilgan mulla Hudoyberdi bobo Abdullayev sa'y-harakatlari bilan ikki yuz nafar namozxonga mo'ljallab qurilgan edi. Biroq bugungi davr talablari va namozxonlar sonining ortib borishi masjidning yangi binosi barpo etilishiga sabab bo'ldi.
Qishloq Surxondaryo va Samarqand viloyatlarini hamda Qarshi shahri bilan Shahrisabz, Kitob, Yakkabog', Chiroqchi tumanlarini bog'lovchi katta magistral yo'llar kesishgan nuqtada joylashgan. Bu o'z navbatida yurtimizda ziyorat turizmini rivojlanishiga katta hissa qo'shib, sayyohlarga qulay sharoit hozirlaydi.
Buning ustiga, yon-atrofdagi boshqa qishloqlarda jome masjid bo'lmagani uchun ham jamoat namozlari, xususan ikki hayit va juma kunlari namozxonlar eski xonaqoga sig'may qolishayotgan edi. Shuning uchun O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari tavsiyalari bilan yangi xonaqo qurib bitkazildi.
To'rt yuz kishiga mo'ljallangan, ikki yoni va oldi ham tekislanib, hovlisiga yana olti yuz kishini sig'dirishga sharoit yaratilgan ushbu masjid binosi foydalanishga topshirildi. Eski xonaqo esa yo'lovchi ayollar uchun masjid sifatida qoldirildi.
O'tgan juma kuni bo'lib o'tgan ochilish marosimida O'zbekiston musulmonlari idorasi bosh mutaxassisi Iskandar domla Halilov, viloyat va tuman imomlari, ahli ilmlar, qishloq nuroniylari qatnashdi. Ehson dasturxonidan so'ng Qur'oni karim oyatlari o'qilib, xayrli duolar qilindi. Juma namoziga kelgan jamoatning o'zi yangi xonaqo va ayvonni to'ldirgani ko'ngillarni xushnud etdi.
Juma namozi so'nggidagi duolarda Iskandar domla Halilov masjid qurilishiga moddiy va ma'naviy yordam berayotgan barcha insonlarning haqiga duo xayrlar qilindi. Jumladan, masjid barpo etilishiga juda katta hissa qo'shgan insonlar, quruvchi-muhandislar, saxovatpesha kishilarning haqlariga ko'pdan-ko'p duolar qilindi.
Darhaqiqat, Allohning uyi bo'lgan masjid qurishning savobi ulug' ekani mo''tabar manbalarda bayon etilgan. Qur'oni karimda marhamat qilinadi: “Allohning masjidlarini faqat Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan, namozni to'kis ado etgan, zakotni (haqdorlarga) ato qilgan va yolg'iz Allohdangina qo'rqadigan zotlargina obod qilurlar. Ana o'shalar hidoyat topuvchi zotlar bo'lsalar ajabmas” (Tavba surasi, 18-oyat).
Hazrati Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislarida ham masjid qurish va uni obod qilish borasida ko'plab targ'iblar kelgan. Hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Nabiy alayhissalom shunday dedilar: “Kim Alloh uchun bir masjid qursa, Alloh jannatda shuning mislicha uy bunyod qiladi” (Muttafaqun alayh).
Masjid qurish va uni obod etish mana shunday ulug' savobli amal ekanini chin qalbidan his etgan muxlis xalqimiz masjidlar binosini yangidan barpo etish ishlarida faol ishtirok etmoqdalar.
Oliyhimmat insonlarimiz sabab diyorimizdagi masjidlar mo'min-musulmonlar uchun qulay va shinam bo'lmoqda, xonaqohlari keng va yorug' qilinmoqda, atroflari obod va ko'rkam etilmoqda hamda qurilish ishlarini zamonaviylik va milliylikka uyg'un holda olib borilmoqda.
Alloh taolo mana shunday jomelarni xalqimizga muborak aylasin.
Shomurod MIRZAYeV,
“Chim” jome masjidi imom noibi
#Xatmona_2025 #Bitiruvchilar
Shu yil 11 iyun kuni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida 2021-2025 o‘quv yilida ta’lim olgan talabalarining “Xatmona – 2025” bitiruv tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Davlat madhiyasi yangragach, bitiruvchi kurs talabasi Saidburxon qori Fazliddinovning Qur’on tilovati va xayrli duolari bilan tadbir boshlandi.
Dastlab O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov so‘zga chiqib bitiruvchilarni tabrikladi. So‘ng Diniy idora raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov muftiy, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining bitiruvchilarga yo‘llagan tabriklarini o‘qib eshittirdi.
Shundan so‘ng Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov bitiruvchilarni tabriklab so‘zga chiqdi.
Shuningdek, Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un domla G‘afurovning bitiruvchilarga tabrik so‘zlari ham yetkazildi.
Ma’lumot o‘rnida, Toshkent islom institutini 2024-2025 o‘quv yilida 78 nafar talaba tamomlamoqda. Shundan 8 nafari ayol-qizlar sanaladi.
Oliymahad.uz