Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Iyun, 2025   |   14 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:50
Peshin
12:28
Asr
17:37
Shom
19:59
Xufton
21:36
Bismillah
10 Iyun, 2025, 14 Zulhijja, 1446

O'zbekistonda diniy-ma'rifiy sohada amalga oshirilgan islohotlar xalqaro jamoatchilik e'tirofida

04.01.2021   2279   5 min.
O'zbekistonda diniy-ma'rifiy sohada amalga oshirilgan islohotlar xalqaro jamoatchilik e'tirofida

Bugungi kunda mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari, 16 ta diniy konfessiya a'zolari bag'rikenglik tamoyili asosida tinch-totuv yashab kelishmoqda. Turli millat va din vakillarining har qanday tajovuzdan bexavotir o'z ibodatlarini emin-erkin ado etishlari jamiyat barqarorligining muhim ko'rsatkichlaridan sanaladi.
O'zbekistonda islom ma'rifatini tarqatish, o'tmish ajdodlarning boy ma'naviy merosini yanada chuqur o'rganish olib borilayotgan diniy-ma'rifiy sohadagi islohotlarning asosiy yo'nalishlaridan sanaladi. Bu borada O'zbekiston Halqaro islom akademiyasi va Islom tsivilizatsiyasi markazining tashkil etilishi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatini yo'lga qo'yilishi tarixiy ahamiyat kasb etadi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining «Diniy-ma'rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi farmonida ham «jaholatga qarshi ma'rifat» degan ulug'vor g'oya asosida din sohasidagi ilmiy-ma'rifiy faoliyatni jadal tashkil etish, buzg'unchi g'oyalarning asl mohiyati va maqsadlari haqida aholi, ayniqsa, yoshlarning xabardorlik darajasini oshirish kabi ustuvor yo'nalishlar e'tirof etilgan.
O'zbekistonda o'tgan uch yilda ekstremistik guruhlarga aloqadorligi uchun nazoratga olingan 20 mingdan ziyod fuqaro «maxsus hisoblar»dan chiqarildi. Taqiqlangan tashkilotlarga adashib kirib qolgan, qilmishiga pushaymon bo'lib, tuzalish yo'liga qat'iy o'tgan jazo muddatini o'tayotgan 1000 ga yaqin fuqaro Prezidentning afv etish haqidagi farmonlari asosida har yili ozodlikka chiqarilmoqda.
Shuningdek, 2019-2020 yillarda tashkil etilgan «Mehr» operatsiyasi doirasida Yaqin Sharqning jangovar harakatlar olib borilayotgan hududlaridan 318 nafar ayollar va bolalar Vatanga qaytarildi. Taqiqlangan diniy oqimlar safiga qo'shilib qolgan fuqarolarni jamiyatga qayta moslashtirish bilan bog'liq tizimli ishlar muntazam olib borilmoqda.
O'z navbatida, hukumat tomonidan islom dinini musaffoligini asrash, uni turli buzg'unchi oqimlar g'oyalaridan ayri ekanini yosh avlodga singdirishga qaratilgan tadbirlar ham tashkil etilmoqda. Bu borada O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida so'zlagan tarixiy nutqi alohida e'tiborga molik. Yurtboshimiz o'z nutqida islom dinini zo'ravonlik va qon to'kish bilan bir qatorga qo'yadiganlarni qoralab, ular bilan hech qachon murosa qilib bo'lmasligini ta'kidlagan edi. Bu fikrning amaliy ifodasi o'laroq BMT Havfsizlik Kengashining 2017 yil 21 dekabrdagi 2396-sonli rezolyutsiyasida: «Terrorizm, zo'ravon ekstremizm hech bir din, millat va tsivilizatsiya bilan aloqador emas va bog'liq holda talqin qilinmasligi kerak», deya qayd etildi.
Shu bilan birga O'zbekiston tashabbusi bilan ishlab chiqilgan «Ma'rifat va diniy bag'rikenglik» rezolyutsiyasi BMT Bosh Assambleyasining 2018 yil 12 dekabr' kunidagi yalpi sessiyasida qo'llab-quvvatlanib, bir ovozdan qabul qilindi.
O'zbekiston tomonidan ilgari surilayotgan bu kabi ezgu g'oyalar dunyoning nufuzli siyosatchilari, davlat va jamoat arboblari tomonidan ko'tarinkilik bilan kutib olinmoqda. Hususan, BMTning Inson huquqlari bo'yicha Bosh komissari Zayd al-Husayn o'z interv'yusida bugungi dinlararo va millatlararo notinchlik bo'lib turgan tahlikali zamonda O'zbekistondagi mavjud dinlararo va millatlaro totuvlik va diniy-ma'rifiy sohadagi islohotlar turli davlatlar uchun o'rnak bo'lishga loyiq ekanligini qayd etib o'tdi.
AQShning J.Hopkins universiteti huzuridagi Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti prezidenti Frederik Starr hamda institut direktori Svante Kornell “O'zbekiston: musulmon dunyosidagi islohotlar uchun yangi model'” sarlavhali maqolada “Mintaqa islomning e'tiqodiy markazi sifatida qaraladigan Yaqin Sharqdan qolishmagan holda, tarixiy, diniy va intellektual asoslariga ko'ra, musulmon dunyosining markazi bo'lishga haqli”, deya ta'kidlagan.

O'z navbatida bu o'zgarishlar respublikamizning xalqaro imijini yanada yuksalishiga zamin hozirlaydi. Jumladan, 2020 yil dekabr' oyida AQShning Halqaro diniy erkinlik bo'yicha komissiyasi (USCIRF) O'zbekistonni maxsus kuzatuvdagi mamlakatlar ro'yxatidan olib tashladi. Bu haqidagi xabarni AQSh davlat kotibi Maykl Pompeo ma'lum qilgan.
Hususan, Pompeo o'z bayonotda diniy erkinlik bu insonning ajralmas huquqi ekanini alohida ta'kidlab, «Maxsus kuzatuvdagi davlatlar ro'yxati»da o'zgarishlar bo'lganini aytib o'tgan.
«So'nggi bir yil ichida O'zbekiston hukumati erishgan muhim, aniq yutuqlarga asoslanib, O'zbekistonni maxsus kuzatuv ro'yxatidan chiqarilganligini e'lon qilishdan mamnunman. O'zbekistonning qonunlari va amaliyotdagi jasoratli islohotlari boshqalar uchun namuna bo'lmoqda», deya Maykl Pompeo respublikamiz erishayotgan yutuqlarni e'tirof etib o'tgan.
Qayd etish lozimki, O'zbekiston 2006 yildan 2018 yilgacha
«alohida xavotirdagi mamlakatlar ro'yxati»da edi. Diniy erkinliklar borasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida mamlakatimiz 12 yildan so'ng ushbu ro'yxatdan chiqarilib, «Maxsus kuzatuvdagi davlatlar ro'yxati»ga o'tkazildi. Oradan ikki yil o'tib, O'zbekiston mazkur ro'yxatdan to'liq chiqarildi. Ushbu jarayon respublikamizda olib borilayotgan islohotlarning xalqaro e'tirofi va ortga qaytmasligining tasdig'idir.

Shukrullo Jo'rayev,
O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot
markazi bosh ilmiy xodimi.


O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati

Boshqa maqolalar
Maqolalar

EZGULIK, BAG‘RIKЕNGLIK VA MЕHR-OQIBAT BAYRAMI

06.06.2025   809   4 min.
EZGULIK, BAG‘RIKЕNGLIK VA MЕHR-OQIBAT BAYRAMI

Munosabat

 

Avvalo, barcha yurtdoshlarimizni xursandchilik ayyomi – Qurbon hayiti bayrami bilan samimiy muborakbod etaman!

Mamlakatimizda Qurbon hayiti nafaqat diniy, balki umummilliy bayram sifatida ham keng nishonlanadi. Zero, ushbu kunda yurtdoshlarimiz bir-birini hayit bilan samimiy tabriklab, o‘zaro sovg‘alar ulashadi, millati, tili va dinidan qat’i nazar, yolg‘iz keksalar, kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olinib, xayriya ishlari amalga oshiriladi.

Shu ma’noda, ushbu qutlug‘ bayram insonparvarlik va bag‘rikenglik ramzi bo‘lish bilan birga, insonlar o‘rtasida o‘zaro mehr-muhabbat va hamjihatlik kabi fazilatlarni ham o‘zida mujassam etadi.

Yurtimizda hayit bayramini munosib kutib olish va o‘tkazish, shuningdek, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, xalqimizning ko‘p asrlik an’ana va urf-odatlariga uyg‘un holda o‘tkazilishiga alohida e’tibor qaratiladi. Buning uchun barcha zarur tayyorgarliklar ko‘riladi, mamlakatimizning barcha hududlarida tom ma’noda bayram shukuhi hukm suradi.

Kezi kelganda yurtimizda “Inson qadri uchun” degan ulug‘vor g‘oya asosida barcha sohalar qatori diniy-ma’rifiy jabhada ham katta islohotlar amalga oshirilayotgani, normativ-huquqiy hujjatlar takomillashtirilib, soha faoliyati samaradorligi yangi bosqichga chiqarilayotganini alohida qayd etish lozim.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan oxirgi yillarda yurtimizning har bir go‘shasidagi ulkan bunyodkorlik ishlari izchil davom ettirilmoqda. Xususan, Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi binosi qurilishi yakuniga yetib bormoqda, Samarqandda Imom Buxoriy majmuasi qad rostlamoqda.

Yaqinda Prezidentimiz ushbu majmuaga tashrif buyurib, u yerdagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi, zarur ko‘rsatmalar berdi. Zero, bu  davlatimiz rahbarining uzoqni ko‘ra bilishi, ulug‘ ajdodlarga yuksak ehtiromining yorqin ifodasidir.

E’tiborga sazovor jihatlardan yana biri shuki, Prezidentimiz qo‘ng‘iroq qilib, hojilarimiz uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ularning salomatligi va kayfiyati haqida so‘radi. Bundan hojilarimiz behad mamnun bo‘ldi, e’tibor va ehtiromdan xursand bo‘lgan ziyoratchilarimiz ko‘zlarida yosh bilan duo qildilar.

Arafot maydonida, duolar mustajob bo‘ladigan ayni onlarda Prezidentimizning Qurbon hayiti munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan tabrigini katta hayajon bilan eshitdik. Yaratgandan yurtimizga tinchlik, xalqimizga farovonlik so‘rab, duolar qildik.

Ayniqsa, tabrikda hojilarimiz alohida eslab o‘tilgani ziyoratchilarimizni cheksiz quvontirdi.

Barcha yurtdoshlarimiz qatori hojilarimiz ham ushbu tabrikdagi olijanob g‘oya va tashabbuslarga befarq emasligini izhor qildi.

Tabrikdagi “Inson qadri uchun, inson baxti uchun!” degan olijanob g‘oya barcha jabhalardagi islohotlarning asosi ekanini alohida e’tirof etish va hojilarimizning tashabbuslari ham ushbu g‘oyaga hamohang ekanini qayd etish lozim.

Bu Arafot maydonida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga hojilarimizning murojaatida ham o‘z aksini topdi. Jumladan, mazkur murojaatda hojilarimiz yurtga qaytgach, “Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari” degan ezgu tashabbusni bir ovozdan ilgari surib, Uchinchi Renessans yaratuvchilarini tarbiyalashda Prezidentimizga ko‘makchi bo‘lamiz, deb va’da berdi.

Shuningdek, Vatanimiz taraqqiyotiga xolis xizmat qilish, mahallalarda tinchlik va birdamlikni mustahkamlash, tinchlik-osoyishtalikning qadriga yetish, xalqimizni ma’nan yuksaltirish, jamiyatdagi islohotlarga daxldorlik hissini oshirish kabilarni targ‘ib etish borasida faol bo‘lishni aytib o‘tdi.

O‘z navbatida, hojilarimiz kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ilm-ma’rifatga homiylikda namuna bo‘lish, to‘ylar, oilaviy tadbirlar va marosimlarda me’yorga amal qilgan holda kamxarj va ixcham o‘tkazishda bosh-qosh bo‘lish, mahallalardagi notinch oilalar, shu jumladan, tarbiyasida muammosi bor yoshlar o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish, hududlardagi maktablarning ta’mirga muhtoj qismini joriy ta’mirlash ishlariga ko‘maklashish, xayriya, mehr-muruvvat va yordam ko‘rsatish ishlarini ko‘paytirish kabi tashabbuslarni qat’iy amalga oshirishga ahd qildi.

Aziz yurtdoshlar! Shubhasiz, ushbu shukuhli kunlar tom ma’noda barchamiz uchun katta bayram, xursandchilik onlaridir. Mo‘tabar manbalarda saodatli damlarni shodu xurramlik bilan o‘tkazish bo‘yicha ko‘p tavsiyalar kelgan. Ulamolarimiz: “Hayit kunlari shodlikni izhor qilish dinning shiorlaridan”, deyishadi. Demak, Qurbon hayiti kunlarida quvonchimizni, saxovatimizni har qachongidan ko‘ra ko‘proq namoyon qilishimiz lozim. Ayniqsa, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarga yordam ko‘rsatishga shoshilishimiz lozim.

Ushbu fazilatli kunlarda muborak manzillarda turib, ona Vatanimizga tinchlik-osoyishtalik, xalqimizga yanada farovon hayot, farzandlarimizga baxtu saodat so‘rab, duolar qilmoqdamiz!

Qurbon hayitingiz muborak bo‘lsin!

Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy

 

Maqolalar