— Ho'jayinim do'konlarga tamaki mahsulotlarini etkazib berish bilan shug'ullanadi. Sigaret ham aroq kabi harom deb eshitganman. Ho'jayinimga: “Bu ishni qilmang, harom bo'lishi mumkin”, desam u kishi: “Bunday emas, sigaret harom emasligi haqida fatvolar chiqqan”, deydi. Oilamga harom luqma kelishidan, uni bolalarimga edirishdan qo'rqaman, shuni o'ylab xavotirdaman. Men shu vaziyatda nima qilishim kerak?
— Eringiz noto'g'ri aytibdi. Aroqning haromligi qadimdan Qur'on va Sunnatda sobitdir. Tamakining haromligi oxirgi paytda ulamolarning fatvosi orqali bo'lgan. Ikkisining orasidagi farq shunda. Shuningdek, insonning tanasi, aqli va ish qobiliyatiga zarar qiladigan narsalar ham man qilingan. Alloh taolo Qur'oni karimning “Baqara” surasida: “O'zingizni halokatga tashlamang”, deb buyurgan. Tamaki kabi zararli narsalar shu tarafdan ham joiz bo'lmaydi. Eringiz boshqa ish topsin.
Muhammad Ayyub HOMIDOV
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: «Alloh azza va jalla (farishtalarga) aytadi: «Bandam biror yomonlikka shaylansa, uni yozmanglar. Agar uni qilsa, bitta yomonlik yozinglar. Agar biror yaxshilikka shaylansa-yu, uni qilmasa, bitta yaxshilik deb yozinglar. Agar uni qilsa, o‘nta (yaxshilik) yozinglar» (Imom Muslim rivoyati).