Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yomg'ir yog'a boshlaganda quyidagi duoni o'qir edilar: "Allohumma, inniy asaluka xoyrohaa va xoyro maa fiihaa va xoyro maa ursilat bih va a'uuzu bika min sharrihaa va sharri maa fiihaa va sharri maa ursilat bih".
"Allohim, Sendan buning (shamolning) yaxshisini, undagi yaxshilikni va u bilan yuborilgan narsaning (yomg'irning) yaxshisini so'rayman. Sendan uning yomonidan, undagi yomonlikdan va u bilan yuborilgan narsaning yomonidan panoh so'rayman".
Yomg'ir rahmat yoki balo bo'lib kelishi mumkin bo'lgani sababli Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shamol boshlansa, (yomg'ir yaqinlashib kelayotganining alomati bo'lgani uchun) kayfiyatlari o'zgarib, bezovta bo'la boshlardilar. "Nega xavotirga tushdingiz?" deb so'rashsa, u zot sollallohu alayhi vasallam:"Ummatimga jazo kelmadimikin deb qo'rqaman", deya javob berardilar.
Anas roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan turganimizda yomg'irda qoldik. Bas, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o'zlariga yomg'ir tegishi uchun kiyimlarini shimardilar. Biz: "Yo Allohning Rasuli, nega bundoq qildingiz?" dedik. U zot: "Chunki u (yomg'ir) hozirgina Robbimning huzuridan (dargohidan) keldi", dedilar» (Imom Muslim rivoyati).
Bu ish yilning birinchi yomg'iri yog'ishni boshlaganda qilinadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:"...yomg'ir paytidagi duo rad qilinmaydi", dedilar.
Qarang, bu juda ham oson, ammo savobi ulkan, gunohlarni ketkazuvchi, jannatga etkazuvchi bo'lgan amaldir. Lekin dangasaligimiz, beparvoligimiz oqibatida bunga e'tibor bermaymiz, amal qilmaymiz. Ko'pchiligimiz hatto bilmaymiz ham. Avval bilmasak, endi bilib oldik. Endi bilganimizga amal qilaylik va boshqalarga ham etkazaylik.
Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini yoyilishiga xizmat qilish u zotga bo'lgan muhabbat va ehtiromning yuksak namunasi hisoblanadi. U zot sollallohu alayhi vasallam sunnatlarini aniqlik bilan etkazganlarning haqqiga: “Mening gapimni eshitib, yodlab, singdirib, so'ngra etkazgan odamni Alloh ne'matlantirsin”, deb duo qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Keling, biz ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga muvofiq yomg'irni duolar bilan qarshi olaylik.
Alloh taolo barchamizga har bir ishda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilishimizga tavfiq ato etsin, omiyn!
Allohumma solli va sallim 'ala Muhammadin va 'ala oli Muhammad
Davron NURMUHAMMAD
Savol: Islomda yangi kun qaysi soatdan boshlab kiradi? Masalan, shartli qabul qilingan tartib bo‘yicha soat 00:00 yangi kunning boshlanishi sanaladi? Islomda yangi kunning boshlanishi va tugashi qaysi vaqtdan e’tiborga olinadi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizga ko‘ra, kun shom vaqtidan boshlanadi va keyingi shomgacha davom etadi. Boshqacha qilib aytganda, islomda kun kecha bilan boshlanadi va uning ertasida kun botib, kunduz tugaganida, o‘sha kun ham yakunlanadi. Bunga oyat va hadislardan ko‘plab dalillar bor.
Faqat ayrim ahkomlarda kunning boshlanishi bomdod namozining vaqti kirishi (subhi sodiq)dan boshlanadi va kun keyingi bomdod vaqtigacha davom etadi. Masalan, Hajda Arafot vodiysida turishda hukm shunday.
Shuningdek, ayrim hollarda “kun” tushunchasi yuqoridagidek, 24 soatdan iborat (sutka) ma’nosida emas, balki tunga muqobil – qarama-qarshi ma’noda qo‘llanilishi ham mumkin. Bu holda kun boshlanishi bomdod vaqtidan to quyosh botgunigacha bo‘lgan muddat, ya’ni kunduzdan iborat bo‘ladi. Bunga misol uchun “bir kun ro‘za tutish” deganda aynan shu muddat nazarda tutiladi.
Xulosa qilib aytganda, dinimizdagi umumiy qoidaga ko‘ra, kunning boshlanishi kun botganidan boshlanib, keyingi kun botishigacha davom etadi. Ayrim istisno qilingan holatlarda kunning qachon boshlanib, qachon tugashi dindagi hukmlarga qarab farq qiladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.