Falastinlik qochqinlarga yordam berish va ishlarni tashkil etish bo'yicha BMT Yaqin Sharq agentligi tomonidan olib borilayotgan Falastin xalqi uchun gumanitar yordam ko'rsatish tadbirlarini moliyaviy qo'llab-quvvatlash maqsadida agentlikka gumanitar yordam ko'rsatish uchun 1,5 million dollar ajratiladi.
“Falastinlik qochqinlarga yordam berish va ishlarni tashkil etish bo'yicha Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yaqin Sharq agentligiga gumanitar yordam ajratish to'g'risida”gi prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko'ra, falastinlik qochqinlarga yordam berish va ishlarni tashkil etish bo'yicha Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yaqin Sharq agentligi (UNRWA) tomonidan olib borilayotgan Falastin xalqi uchun gumanitar yordam ko'rsatish tadbirlarini moliyaviy qo'llab-quvvatlash maqsadida agentlikka gumanitar yordam ko'rsatish uchun 1,5 million AQSh dollari ajratiladi.
Bundan oldin Shavkat Mirziyoev hozirgi kunda butun dunyoda katta tashvish va xavotir uyg'otayotgan masalaga to'xtalib o'tgandi.
«Ma'lumki, Isroil armiyasi va HAMAS harakati o'rtasida davom etayotgan qurolli to'qnashuvlar gumanitar inqirozni chuqurlashtirmoqda, tinch, begunoh aholi orasida ko'p sonli qurbonlarga olib kelmoqda.
Bolalar va ayollar halok bo'lmoqda, odamlar boshpanasidan ayrilmoqda, o'z uylarini tashlab ketishga majbur bo'lmoqda.
Biz Falastin va Isroil tomonidan qurbon bo'lgan barcha insonlarning oilalariga chin dildan ta'ziya va hamdardlik izhor etamiz.
Men G'azo sektori aholisiga baholi qudrat yordam ko'rsatish uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yaqin Sharq agentligiga 1 million 500 ming dollar ajratish haqida qaror qabul qildim.
Biz Falastin xalqi bilan birdam ekanimizni qat'iy bildiramiz va uning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi va Havfsizlik Kengashining ilgari qabul qilingan rezolyutsiyalariga muvofiq o'z mustaqil davlatini barpo etishga bo'lgan huquqini qo'llab-quvvatlaymiz», - dedi prezident.
kun.uz
Islom dini biror shaxs, guruh, mol-dunyoga nisbatan va obro‘-e’tibor topish uchun qilinadigan har qanday mutaassiblik va firqalarga bo‘linishni qoralaydi, tarafkashlikni johiliyat holatiga o‘xshatadi.
Mutaassiblikning turli ko‘rinishlari bor bo‘lib, ular kishining o‘zi, mol-dunyosi, farzandlari, millatini boshqalardan afzal bilib, bu yo‘lda ashaddiy ravishda kurashishi demakdir. Mo‘tabar manbalarimizda ota-bobolari va o‘zining nasabi bilan faxrlanish tuyg‘usi kishini do‘zaxga tortadi deb ta’kidlangan.
Mutaassiblik turlaridan biri bu diniy mutaassiblikdir. Diniy mutaassiblik deganda, ma’lum bir dinda asos bo‘lgan, ushbu din vakillari amal qiladigan ta’limot va qoidalarga qarshi chiqish, diniy tushunchalarni shariat ko‘rsatmalariga zid ravishda o‘zicha talqin qilib, boshqalarni unga ergashishga chorlash nazarda tutiladi. Diniy mutaassiblikning eng katta xatarlaridan biri bu, dinlararo muloqotga rahna solishdir.
Dinda mutaassibona harakat, dinda chuqur ketish, haddan oshish, Qur’on va Sunnatda kelgan ta’limotlarga zid ravishda o‘z fikriga ergashishni qattiq qoralanadi. Dinda haddan oshish deganda shariat belgilab qo‘ygan chegaradan chiqib ketish tushuniladi. Bu ish aqidada bo‘lsin, so‘z yoki amalda bo‘lsin, baribir. Bu borada Alloh taolo Baqara surasida “Ushbular Allohning chegaralaridir. Bas, ulardan tajovuz qilmang. Va kim Allohning chegaralaridan tajovuz qilsa, bas, o‘shalar, ana o‘shalar, zolimlardir”, deb marhamat qiladi.
Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam: “Dinda haddan oshishdan ehtiyot bo‘linglar. Chunki, sizlardan oldin o‘tganlarni dinda haddan oshishlik halok qilgandir” deb uqtirganlar.
Shunday ekan, bugungi kundagi ko‘plab muammolarning ildizi mutaassiblik va haddan oshish ekanligini hammamiz chuqur anglashimiz lozim. Xulosa o‘rnida, bu kabi muammolarning yechimi sifatida Faqih doktor Vahba Mustafo Zuhayliy janoblarining ushbu so‘zlarini keltirish bilan yakunlaymiz: “Islom mo‘tadil din bo‘lib haqiqatlardan birortasida chetga chiqishga yoki haddan oshishga yo‘l qo‘ymasligini anglatadi. Islomda va boshqa dinlarda dinda haddan oshish ham, e’tiqodda bir taraflama va g‘ayritabiiy bo‘lish ham, haddan tashqari qattiq olish ham, juda bo‘sh qo‘yib yuborish ham yo‘q…”.
Alloh ta’olo barchamizni haq yo‘ldan adashtirmasin.
Kosonsoy tumani "Sodod" jome masjidi imom-xatibi
Bahodir Mirfayziyev
Manba: @Softalimotlar