Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Iyun, 2025   |   20 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:29
Asr
17:39
Shom
20:01
Xufton
21:40
Bismillah
16 Iyun, 2025, 20 Zulhijja, 1446

Qo'shningiz sizdan omondami?

31.12.2020   2451   4 min.
Qo'shningiz sizdan omondami?

Islom ta'limoti insoniyatni o'zaro yaxshi aloqada, yaxshi muomalada bo'lishga chaqiradi. Hususan, qo'shnichilik xaq-huquqlari borasida ham talaygina ta'limotlar bor. Har bir musulmon oila bu ilmni o'rganib amal qilib yashar ekan najot topadi. El-yurt, mahalla-ko'y oldida namunali oila bo'ladi.

Qo'shnichilikda hatto u g'ayridin bo'lsa ham, qo'shnilik xaqqi borligi uchun u bilan ham go'zal muomala va aloqada bo'lishlik dinimizda ta'kidlanadi. Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu qo'y so'yganlarida o'ziga yomonlik qilib yurgan yahudiy qo'shniga go'sht berishni qayta-qayta tayinlaganlar. Bizchi? Ozgina xatolik o'tgan qo'shnimizni yomon ko'ramiz, aloqani uzamiz. Qani bizdagi musulmonlik hulqi va odobi?

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan" Yo Rasululloh, mening ikkita qo'shnim bor, qaysi biriga hadya beray?" deb so'radilar. U zot sollallohu alayhi vasallam: "Senga eshigi yaqinrog'iga", dedilar.

Hadya berish uzoqdagi qo'shnidan boshlansa yon qo'shnining ko'ngli og'rishi, ozorlanishi mumkin. Ijtimoiy aloqalarga putur etsa odamlar orasiga sovuqchilik tushadi. Bu musulmonlarni parokanda bo'lishiga sabab bo'luvchi omillardandir. Nabiy alayhissalomning qo'shnichilik borasida yana ko'p va ho'p ko'rsatmalari bor. O'zi to'q bo'lib qo'shnisi och qolgan mo'min emasligi, qiyomat kunida qo'shnisining bo'yniga osilib olishi bor xaqiqatlar. Agar qo'shni yordam so'rab chiqsa, imkon bo'lib turib yordam qo'lini cho'zmay yuziga eshik yopishlik ham bandani qiyomat kunida yuzini qaro qiladi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Ey, Abu Zarr! Sho'rva qilsang, suvini ko'paytirgin, qo'shnilaringdan xabar ol", deganlar. Bundan ko'rinadiki, ko'rinmay qolgan qo'shnidan xabar olib, hol-ahvolini so'rashlik uning xaqlaridan ekan. Bugungi qo'shnichilik ahvolimiz shariat ko'rsatmalaridan afsuski olisda. Qo'shnilar bor, bir-birini tanimaydi. Hatto uyida o'lib qolsa haftalab birov bilmay qolgan kunlarda yashayapmiz. Shuning uchun ham o'zaro munosabatlarimizda iliqlik va oqibat yo'q. Oxiratini unutgan odamgina bechorahol qo'shnilarini holiga tashlab qo'yadi. Allohdan umidi bor qo'shni albatta ularga ham rag'bat va muruvvat ko'rsatadi.

Musulmon odam aslo qo'shnilariga ozor bermasligi kerak. Bir ayoliki, kechasi bilan namoz o'qiydi, nafl ro'zalar tutadi va falon yaxshiliklarni qiladi-yu, lekin qo'shnisiga ozor etkazishini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga aytganlarida, u zot alayhissalom: "U ayolda yaxshilik yo'q. U do'zah ahlidandir", dedilar. Alloh saqlasin. Qarang! Shuncha ibodatlarni birgina tili ila ozor berishi bilan yo'qqa chiqarib" do'zah ahli"dan bo'lishi achinarli hol.

Bugun qo'shnisining tilidan tinchligi va xotirjamligini yo'qotganlar yo'q deysizmi?

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kimning qo'shnisi uning yomonligidan omonda bo'lmasa u jannatga kirmaydi", dedilar.

Ha, birovning oilasini tinchini buzib, ozor bersa tavba qilmay, kechirim so'ramay vafot etsa, u inson uchun endi jannat begona ekan.

Qo'shningizga ozor bermang. Qiyomat kuni qo'shningiz sizni zinhor: "Yomon qo'shni edi", demasin. Qo'shnichilik xaqqini buzish zulmdir. U yomon bo'lsa siz ham yomonlik qilasizmi? Qo'shningiz balki bu ta'limotlarni bilmas, endi siz bilib, o'qib turib yana yomonligiga yaxshilik ila javob bermas ekansiz, sizda ham yaxshilik yo'q ekan. Ertangi kunda sizning hisobingiz qo'shningiznikidan og'irroq bo'ladi.

 

Abdurahmon ARTIQOV,

Andijon shahar"Uyg'ur" jome masjidi imom-xatibi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Fotiha surasining shifo ekanini qayerdan bilding?

13.06.2025   4773   2 min.
Fotiha surasining shifo ekanini qayerdan bilding?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan bir nechtasi safarga chiqishdi. Ular arab mahallalaridan biriga tushib, mehmon qilishini so‘rashdi. Mahalladagilar esa ularni mehmon qilishdan bosh tortishdi. Nogahon, ana shu mahalla oqsoqolini bir narsa chaqib oldi. Unga hamma narsani qilib ko‘rishdi, ammo foyda bermadi. Ba’zilar: «Ana u mehmonlarga boringlar-chi, shoyad, ularda biror narsa bo‘lsa?» deyishdi. Ular borib: «Ey mehmonlar jamoasi, bizning boshlig‘imizni bir narsa chaqib oldi. Hamma harakatni qilib ko‘rdik, ammo foyda bermadi. Sizlarda biror narsa bormi?» deb so‘rashdi.

Mehmonlardan bittasi: «Allohga qasamki, men dam solinadigan bir duoni bilaman. Lekin sizlardan bizni mehmon qilishingizni so‘raganimizda, rad etdinglar. Bizga bu duoning evaziga biror narsa bermasanglar, uni aytmayman», dedi. Ular bir to‘da qo‘y berishga kelishib olishdi. Shunda u sahoba «Alhamdu lillahi Robbil ’alamiyn»ni (ya’ni, Fotiha surasini) o‘qib sufladi. Oqsoqol go‘yo arqon yechilganidek harakatga keldi. Unda biror og‘riq qolmay yurib ketdi. Keyin ular kelishilgan narsani berishdi. Sahobalar: «Uni taqsimlanglar», deyishgan edi, dam solgan kishi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan bu to‘g‘rida so‘rab, bizga biror narsani buyurmagunlaricha taqsimlamanglar», dedi. Sahobalar Nabiy sollallohu alayhi vasallam huzurlariga borib, bu voqeani aytib berishdi. Shunda u zot: «Sen uning (Fotiha surasining) shifo ekanini qayerdan bilding? - dedilar, so‘ngra to‘g‘ri qilibsizlar, ularni taqsimlanglar. Menga ham ulush ajratinglar», deb Nabiy sollallohu alayhi vasallam kulib qo‘ydilar».

Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari.

Mana shu imom Buxoriyning rivoyatlari mukammalroqdir.

Boshqa rivoyatda esa: «Fotihani o‘qib, tufugini to‘plab suflab qo‘ydi. So‘ng haligi kishi tuzalib ketdi», deyiladi.

Imom Navaviyning «Al-Azkor» kitobidan