SAVOL: «Hazrat payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam zamonlarida tasbeh bo'lmagan, tasbeh keyinchalik qo'llangan «bid'at» deyishadi. Shunga nima deysiz?»
Javob: Tasbeh – bid'at emas. Hazrat payg'ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam zamonlarida ham tasbeh bor edi. Hurmo danaklaridan, mayda toshchalardan tasbeh o'rnida foydalanishardi. Abu Hurayra roziyallohu anhu bir ipni bir-biriga tugib chiqqanlar. U kishining ikki ming tugunli tasbehlari bor edi? Tasbehni bid'at deyish noto'g'ri, chunki, dinda bo'lmagan narsalarga bid'at, ya'ni, yangilik deyiladi!
Yuqorida aytilgan xurmo danaklari, mayda toshchalar, ip tugunlari sahobai kiromlar tomonidan tasbehlarni va zikrlarni sanash maqsadida foydalangan vositalardir.
Hazrat payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam zamonlarida ham barmoq bilan sanaganlar. Bu ham bir tasbeh. O'n to'rt bo'g'in o'ng qo'lda, o'n to'rt bo'g'in chap qo'lda, jami 28 bo'g'in. Bunga 5 ni qo'shsak, 33 ta bo'ladi, ammo 100 gacha, 1000 gacha barmoqlar bilan sanashda adashasiz. Shuning uchun tasbehlardan foydalanasiz.
Hazrat payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ummu Honiy roziyallohu anhoga «har kuni 100 marta «Laa iloha illalloh» degin» deb aytganlar. Ummatlariga «har kuni 100 marta «astag'firulloh» ni aytinglar, men ham aytaman», – deganlar.
Endi bu 100 martani adashtirmaslik uchun insonning imkonida 100 bo'g'inli bir narsaning bo'lishiga nima zaruriyat bor? Zaruriyat shuki, bu sunnat amalning go'zal bir shaklda bajarilishi uchun vositadir. Yetmish to'qqiz, sakson... deb sanog'u hisobga mashg'ul bo'lmasdan tasbeh bilan sanasangiz, diqqatingiz ko'proq zikrda bo'ladi? Hisobda adashmayin desang fikring chalg'iydi. Butun diqqat-e'tiborni zikrga berishda tasbehning bizga foydasi ko'p. Shu sababli ham tasbeh – bid'at emas.
"Islom va axloq" kitobidan olindi
Bir kuni Umar roziyallohu anhu masjidga chiqdilar, u yerda Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qabrlari yonida yig‘lab turgan holda ko‘rdilar.
Umar raziyallohu anhu undan: "Ey Muoz, nima uchun yig‘layapsan?" deb so‘radilar.
Shunda Muoz roziyallohu anhu javob berdilar: "Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan bir hadis tufayli yig‘layapman. U zot alayhissalom aytgan edilar: "Riyoning ozginasi ham shirkdir. Kimki Allohning do‘stlariga dushmanlik qilsa, bilib qo‘ysinki, u Allohga qarshi urush ochibdi. Albatta, Alloh taolo abror, taqvodor, o‘zini pinhon tutadigan bandalarni yaxshi ko‘radi. Ular shunday kishilarki, yo‘qliklarida, hech kim ularni axtarmaydi, hozir bo‘lganlarida ham hech kim ularni tanimaydi. Ularning qalblari hidoyat chirog‘laridir. Ular har qanday qorong‘u va g‘uborlik holatdan yo‘l topib chiqa oladilar".
Homidjon qori ISHMATBЕKOV