Islom dini qarindoshlar orasini yaxshilik va mehr bilan bog'lashga targ'ib qiladi. Nafaqat targ'ib qiladi balki bu ishga buyurib ibodat darajasiga chiqargan.
Alloh taolo bandalarini qarindoshlik rishtalarini bog'lash va mustahkamlashga buyurib, Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi: “Sizdan (ey, Muhammad!) qanday ehson qilishni so'raydilar. Ayting: “Nimaniki xayr-ehson qilsangiz, ota-ona, qarindoshlar, etimlar, miskinlar va musofirlarga qilingiz! Alloh har qanday qilgan ehsonlaringizni bilib turuvchidir” (Baqara surasi 215-oyat).
Shu bilan birga qarindoshlik rishtalarini uzish eng og'ir gunohlardan va yomon fe'llardan hisoblanib, toshbag'irlik va hissiyotsizlik deb baholanadi. Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Haqiqiy silai rahm qiluvchi kishi qarindoshlari tarafidan unga qilingan aloqaga javob tariqasida (bordi-keldi) aloqa qilayotgan odam emas, balki ular tarafidan aloqa uzilgan paytda ularga aloqani bog'lagan odamdir” (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, bir-birimizga qanchalik yaxshilik va rahm-shafqat qilsak, Allohning rahmati bizlarga shunchalar yaqin bo'laveradi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shunday deganlarini eshitganman: “Kim rizqi mo'l-ko'l qilinishini va umri uzaytirilishini istasa, silai rahm (qarindoshlari bilan aloqa) qilsin!” (Imom Buxoriy rivoyati).
Quyidagi hadisi sharifda silai rahm qilish iymondan ekanligi va iymon dalolati esa silai rahm bilan bo'lishini aytiladi. Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan bo'lsa, silai rahm qilsin”, deganlar (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
Bugungi kunda tirikchilik, nafaqai ro'zg'or ilinjida chet-ellarda yillar davomida qolib ketib, ota-ona va farzandlarining holidan xabar olmay, hatto butunlay aloqani uzub yuborgan yurtdoshlarimiz ham yo'q emas. Silai rahm eng avvalo kishining o'z oila a'zolaridan boshlanadi. Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalom ummatlarini silai rahmga chaqirib, o'z yaqinlaridan aloqalarini uzganlarni oxiratda og'ir azob-qiynoqlar kutayotgani haqida ogohlantirganlar. Abu Bakr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Payg'ambar sollallohu alayhi va sallam: “Qarindoshlik aloqasini uzish va zulmdan ko'ra egasiga tez uqubat etkazadigan va qolgani oxiratga saqlab qo'yiladigan gunoh yo'q”, deganlar” (Abu Dovud, Termiziy va ibn Moja rivoyat qilgan). Qarindoshlik aloqalarini uzish hattoki insonning jannatga kirishiga to'siq bo'lib uni Allohning rahmatidan uzoqlashtirar ekan.
Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan boshqa bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Silai rahm qilmagan odam jannatga kirmaydi”, deganlar. Insonni jamiyat bilan uzviy bog'laydigan rishtalar juda ko'p va turlichadir. Bularning ichida eng muhimi qon va nasab qarindoshligidir.
Alloh taolo marhamat qiladi: “Albatta, Alloh adolatga, ezgu ishlarga va qarindoshga yaxshilik qilishga buyuradi hamda buzg'unchilik yovuz ishlar va zulumdan qaytaradi. Eslatma olursiz deb (U) sizlarga (doimo) nasihat qilur!.” (Nahl 90-oyat) Inson qarindoshlari bilan ziyorat qilish va hadyalar berish ila bordi-keldi qilib turishi vojib. Agar hadya berishga qodir bo'lmasa, ziyorat qilishi, ishlariga ko'maklashib, holidan xabar olishi lozim bo'ladi, buni ham iloji bo'lmasa so'zlashuv orqali bog'lanib turishi kerak. Hullas mo'minman degan kishi qarindoshlar bilan aloqalarini yaxshilashi lozim.
B.Abdullayev
Hazorasp tumani “Shayx Husayin bobo” masjidi imom-xatibi
Oila – inson hayotidagi ma’naviy suyanch, ijtimoiy tartib, nasl davomiyligini ta’minlovchi qo‘rg‘on va mehr-muhabbat maskanidir.
Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi: “Uning alomatlaridan (yana biri) – sizlar (nafsni qondirish jihatidan) taskin topishingiz uchun o‘zlaringizdan juftlar yaratgani va o‘rtangizda inoqlik va mehribonlik paydo qilganidir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan kishilar uchun alomatlar bordir” (Rum surasi, 21-oyat).
Bu oyat oila qurishning ilohiy hikmatga ega ekanini, er-xotin munosabatida muhabbat va mehr-shafqat asosiy omil bo‘lishini anglatadi.
Islom nikohni faqat shaxsiy xohish emas, balki ma’naviy, axloqiy va ijtimoiy majburiyat sifatida qabul qilgan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Nikoh mening sunnatimdir. Kim sunnatimdan yuz o‘girsa, mendan emas”, deganlar (Muttafaqun alayh).
Bu hadisga ko‘ra, nikoh musulmon hayotidagi ibodat hisoblanadi. Uning asosiy maqsadlari nafsni halol yo‘l bilan qondirish, nasliy poklik, farzand tarbiyasi va jamiyat barqarorligini ta’minlashdir.
Islomda er va xotinning vazifalari bir-birini to‘ldiruvchi xususiyatga ega. Alloh taolo erkakni mas’uliyatli rahbar, ayolni esa oila mustahkamligini ta’minlovchi qilib yaratgan: “Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig‘i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sabab – Alloh ularning ayrimlari (erkaklar)ni ayrimlari (ayollar)dan (ba’zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o‘z oilasiga) o‘z mol-mulklaridan sarf qilib turishlaridir” (Niso surasi, 34-oyat).
Erkak ayoldan ba’zi xususiyatlarda ortiq qilib yaratilganida bir necha hikmatlar bor. Mufassir ulamolar, jumladan, quyidagi shar’iy nuqtayi nazardan erkaklarga xos xususiyatlarni qayd etishgan: payg‘ambarlik, jismoniy kuch-quvvat, oila nafaqasiga mas’ullik, aqlu idrok, xotira va tafakkurning ziyodaligi, imom-xatiblik, muazzinlik, jamoat bilan namoz o‘qish, juma namozining vojib bo‘lishi, tashriq takbirini aytish, janglarda qatnashish, to‘liq guvohlik, taloq berish huquqiga ega bo‘lish, oilaning unga nisbat berilishi, namoz va ro‘zani uzrsiz ado etish kabilar.
Shu jihatlarni hisobga olib, ayol kishi eriga nisbatan itoatli, hamiyatli va iffatli bo‘lib, oila totuvligi yo‘lida doimiy harakatda bo‘lishi juda matlub ishdir.
Rasuli akram sollallohu alayhi va sallam: “Sizlarning eng yaxshilaringiz o‘z ahliga yaxshilik qiluvchilaringizdir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Erkak oila boshlig‘i sifatida adolatli, g‘amxo‘r va mehribon bo‘lishi kerak. U o‘z ayoli va farzandlarining ehtiyojlarini ta’minlab, ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlashi lozim.
Xotinning vazifalari – oilada sog‘lom muhit yaratish, erga itoat va uning sha’nini asrash. U oila tinchligi va farovonligi uchun intilishi, eriga vafodor bo‘lib, farzandlar tarbiyasida fidoyilik ko‘rsatishi lozim.
Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: “Ular sizlarning libosingiz, sizlar ularga libossiz” (Baqara surasi, 187-oyat).
Bu oyat nikohdagi juftlarning bir-biriga muhtojligi va ular o‘rtasidagi yaqinlikni ta’riflaydi.
Nikoh faqatgina ikki insonning emas, balki oilalar va jamiyatning ham mas’uliyatidir. Ko‘p hollarda ota-onalar, qarindoshlar va jamiyatning qo‘llab-quvvatlashi nikohning mustahkamligida muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda ko‘pchilik oilaviy muammolar uchinchi tomonlarning (qaynona-qaynota, yaqinlar, do‘stlar) chuqur va nomunosib aralashuvi oqibatida kelib chiqmoqda. Har bir inson o‘ziga tegishli chegarani bilishi zarur.
Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Odamlarning arazlashganlarini yarashtirib qo‘yish nafl namoz o‘qishdan va nafl ro‘za tutishdan ko‘ra savobliroqdir”, deganlar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Ota-onalar, qarindoshlar – yoshlar hayotiga rahbar sifatida kerakli maslahat beradilar, ammo ularning shaxsiy munosabatlariga befarq yoki ortiqcha aralashish – oilaviy muhitni buzishi, o‘rtadagi muhabbatni so‘ndirishi mumkin.
Ko‘pincha oilada ota-ona va farzandlar, oilaning boshqa a’zolari orasida ham turli kelishmovchilik bo‘lib turadi. Arzimagan sabab-bahonalar bilan tinch xonadonlar mojarolar maskaniga aylanadi. Bir-biriga yaqin, qadrdon, qarindoshlar o‘rtasida mehr-oqibat ko‘tariladi.
Kechira olish – go‘zal fazilat, dinimizda maqtalgan sifatlardan. Bir qarashda oniy yutqazishday ko‘ringan kechira olish katta mojarolarning oldini oladi, g‘alabani ta’minlaydi. “Er-xotinning urishi – doka ro‘molning qurishi” deganlariday, ikki oshufta qalbning arazi uzoqqa bormasligi kunday ravshan.
Sal ixtilof chiqdimi, bir tomon darrov murosa-kelishuv yo‘lini ko‘rishi kerak. Bir tomonning aql-idrok bilan ish tutishi shaytonning bo‘ynini sindirib, katta mojarolarning oldini oladi.
Joriy yilning birinchi choragida viloyat imom-xatiblari, otinoyilari 838 ta ana shunday nizomi oilani yarashtirishib, yoshlarning baxtli hayot kechirishiga sababchi bo‘ldilar.
Xulosa shuki, Islom oilaga yuksak maqom bergan, uni jamiyatning yuragi deb baholagan. Biz oyat va hadislar asosida shu muqaddas ne’matni asrash, mustahkamlash va yoshlarga to‘g‘ri yetkazish yo‘lida jiddiy harakat qilishimiz kerak.
Ubaydulloh ABDULLAYEV,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi