Bugun, 24 dekabr' kuni Qashqadaryo viloyati vakilligi binosida tuman va shahar bosh otinoyilari ishtirokida 2020 yilda qilingan ishlar, 2021 yilda bajarilishi lozim bo'lgan vazifalarga bag'ishlangan tadbir bo'lib o'tdi. Unda O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari Ibrohimjon Inomov, Qashqadaryo viloyati bosh imom-xatibining xotin-qizlar masalalari bo'yicha yordamchisi Sh.Karamova ishtirok etdi.
Yil yakuniga bag'ishlangan yig'ilishda so'zga chiqqan O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari Ibrohimjon domla Inomov otinoyilarning vazifalari, jumladan, xotin-qizlar o'rtasida turli bid'at-xurofot va salbiy holatlarning oldini olishda otinoyilar o'rni masalasi yuzasidan tavsiyalar berdi.
Shuningdek, mamlakatimizdagi islohotlarga otinoyilar xalqimizning diniy-ma'rifiy savodxonligini oshirish orqali faol ishtirok etishi lozimligi, buning uchun ular diniy va dunyoviy ilmlarni egallashi, dunyodagi yangiliklardan xabardor bo'lishi, tariximizni yaxshi bilishi, fidokor, xalqparvar bo'lish talab etilishini ta'kidladi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Samarqand viloyati, Bulung‘ur tumani "Suluvqo‘rg‘on" jome masjidi imom noibi Rahmonberdi domla Umrzoqovning hamda Toyloq tumani "O‘rta" masjidi mutavallisi Dilmurod G‘affarovning vafoti munosabati bilan marhumning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhumlarni O‘z mag‘firatiga olsin, iymonlarini salomat qilsin, solih amallarini o‘zlariga hamroh etsin. Din rivoji, xalq ma’rifati va Vatan ravnaqi yo‘lida qilgan barcha xizmatlarini Alloh qabul aylasin!
Haq taolo marhum diniy soha xodimlarining ahli oilasi, farzandu arjumandlari, safdoshlari, shogirdlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin. Biz Buyuk Parvardigordan duo qilib so‘raymizki, marhumlarni o‘zining cheksiz rahmatiga olsin, jannat bog‘lariga doxil etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Rahmonberdi Umrzoqov hamda Dilmurod G‘affarovning oila a’zolari, yor-birodarlari, safdoshlari va yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Muslim.uz