Ummu Dardo roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: "Musulmon kishining birodari haqqiga qilgan g'oyibona duosi ijobat qilinuvchidir, uning boshi ustida bir farishta turadi, qachon birodariga yaxshilik tilab duo qilsa, farishta: «Omiyn, senga ham o'shancha bo'lsin», deydi"(Imom Muslim rivoyati).
Hazrat Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu: "Alloh yo'lidagi birodarning duosi ijobat qilinadi", deganlar.
Kishi o'z do'sti haqiga uning tirikligida ham, mamotidan keyin ham duo qilib turish mas'uliyatidadir. O'ziga nimani so'rab duo qilsa, do'stiga ham shuni so'rab duo qiladi.
Qarang, bu juda ham oson, ammo savobi ulkan, gunohlarni ketkazuvchi, jannatga etkazuvchi bo'lgan amaldir. Lekin dangasaligimiz, beparvoligimiz oqibatida bunga e'tibor bermaymiz, amal qilmaymiz. Ko'pchiligimiz hatto bilmaymiz ham. Avval bilmasak, endi bilib oldik. Endi bilganimizga amal qilaylik va boshqalarga ham etkazaylik.
Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini yoyilishiga xizmat qilish u zotga bo'lgan muhabbat va ehtiromning yuksak namunasi hisoblanadi. U zot sollallohu alayhi vasallam sunnatlarini aniqlik bilan etkazganlarning haqqiga: “Mening gapimni eshitib, yodlab, singdirib, so'ngra etkazgan odamni Alloh ne'matlantirsin”, deb duo qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Alloh taolo barchamizga har bir ishda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilishimizga tavfiq ato etsin, omiyn!
Allohumma solli va sallim 'ala Muhammadin va 'ala oli Muhammad
Davron NURMUHAMMAD
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati