Sayt test holatida ishlamoqda!
25 May, 2025   |   27 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:17
Quyosh
04:56
Peshin
12:25
Asr
17:30
Shom
19:47
Xufton
21:20
Bismillah
25 May, 2025, 27 Zulqa`da, 1446

Jinlarning taomi

22.12.2020   3935   7 min.
Jinlarning taomi

BISMILLAHIR ROHMANIR ROHIYM

Mo'min-musulmonlar jin deb ataluvchi maxluqotlar borligiga iymon keltiradilar. Ularni oddiy holatlarda ko'rib bo'lmaydi. Biz ular haqidagi ma'lumotlarni eng ishonchli manbalar, Qur'oni Karim va hadisi shariflardan olamiz. Qur'oni Karim nozil bo'layotgan paytda arab qabilalari jinlarga maxfiy, noravshan xudolar deb e'tiqod qilardilar. Ular jinlarning nasabi Alloh taologa etib boradi, uning jinlardan sheriklari bor, degan buzuq e'tiqodga ham bo'ysunishardi. Shuningdek, arablar jinlar g'oyibdan xabardor, folbin va munajjimlarga osmon sirlarini aytib turishadi degan o'yda edilar. Arablarda jinlarning hukmi er yuzida o'tadi, degan xom xayol bo'lib, agar ulardan birortalari ma'lum bir erga borib yotib qolmoqchi bo'lsalar, «Ushbu joyning xo'jayin jinidan panoh so'rayman», degan ma'nodagi duoni qilishardi. Bizning yurtlarda ham hatto hozirgi vaqtgacha kishilarda yuqorida aytilganga o'xshash turli-tuman buzuq, bid'at-xurofotdan iborat tushunchalar mavjud va ular bu yolg'on e'tiqodga bo'ysunadilar. Ayniqsa, keyingi paytda kishilarda ruhiy bo'shliq haddan tashqari ziyoda bo'lganligidan bu ma'nodagi gap-so'zlar ko'payib ketdi. Agar ularga quloq osadigan bo'lsak, xuddi butun dunyoni jinlar boshqarib turganga o'xshaydi (astag'firulloh). Shu bilan birga qadimda ham, hozirda ham jinlarni umuman inkor etadiganlar bor. Ular jin haqidagi har bir so'zni afsona, bekorchi gap deyishadi. Jinlar haqidagi hodisalarning guvohi bo'lgan kishilarni jinniga, miyasi ayniganga chiqarishadi.

Islom esa jin haqida xuddi boshqa masalalardagi kabi haqiqatni bayon qiladi. Islom jin borligini isbot qilib, u haqidagi to'g'ri tasavvurni bayon etib, noto'g'ri tushunchalarni rad etadi. Shu bilan birga jinlardan kutiladigan mavhum qo'rqinch va xavfu xatarni ham rad etadi.
Jinlar haqiqatda bor mavjudotlar bo'lib, asli o'tdan yaratilgan. Jin so'zining lug'aviy ma'nosi esa «to'silgan» degani, ya'ni, odamlar ko'zidan to'silgan narsa. Shu sababli ham u insonlarga ko'rinmaydi. Ular o'zlari ko'rinmay turib, bizlarni va boshqa narsalarni ko'rishlari mumkin. Shu bilan birga turli shakllarga kirishlari ham mumkin. Ularning ichida ham xuddi odamlarga o'xshab iymonsiz-iymonli, yaxshi-yomon, adashgan va hidoyatda yurganlari, firibgar va soddalari bor. Jinlardan ham Qur'onga, Payg'ambar alayhissalomga iymon keltirib yaxshi yo'lda yurganlari jannatga, iymonsiz bo'lib yomon yo'lda yurganlari do'zaxga tushadilar. Ular odamlarga hech qachon yordam bera olmaydilar va g'oyib sirlarini bilmaydilar, chunki Qur'oni Karim nozil bo'lgandan so'ng ular bu xislatlardan mahrum bo'lganlar...

Alloh taolo “A'rof” surasida marhamat qiladi:

«Ey Odam bolalari! Shayton ota-onangizni avratlarini o'zlariga ko'rsatish uchun ustilaridan liboslarini echib, jannatdan chiqarganidek, sizni ham fitnaga solmasin. Albatta, u va uning to'dasi sizni siz ko'rmaydigan tomondan ko'radi. Biz, albatta, shaytonlarni iymon keltirmaydiganlarga do'st qilganmiz» (27-oyat).

Demak, jinning imkoniyatlari insonnikiga nisbatan ko'proq. Inson shaytonni ko'rmaydi, ammo u insonni ko'radi. Bu esa, o'z navbatida, unga qo'shimcha imkoniyat beradi, insondan esa qo'shimcha hushyorlik talab qilinadi. Chunki ochiq-oydin dushman bo'lgan shaytonning yomonligidan doimo ehtiyot bo'lib turish kerak. Buning uchun kuchli iymon va sof e'tiqod zarur.

Jinlarning ichida mo'minlari ham, kofirlari ham bo'ladi.

Alloh taolo Jin surasida marhamat qiladi:

«Ayt: «Menga vahiy qilindiki, albatta, jinlardan bir necha nafari quloq osdilar va dedilar: «Biz ajoyib Qur'onni eshitdik. «U to'g'ri yo'lga hidoyat qiladir. Bas, biz unga iymon keltirdik va o'z Robbimizga hech kimni sherik keltirmasmiz» (1-2-oyatlar).

Bu ikki oyatda Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamga xitob qilib, aytishlari kerak bo'lgan ma'noni ham bayon qiladi, ya'ni vahiy orqali etti nafar jin u kishining qiroatlariga quloq osgani va qavmlariga borib, «Biz ajoyib Qur'on eshitdik», deb xabar berganlari haqida aytishni buyuradi.

Demak, jinlar Qur'oni karim tilovatini eshitishlari bilan bu oddiy so'z emasligini, dunyoda yangi olamshumul voqea ro'y berganligini fahmlab, bu voqea jinlar hayotida ham katta o'zgarish bo'lishiga sabab bo'lganini darhol tushunib etganlar.

Ikkinchi oyatda mazkur jinlarning o'z qavmlariga aytgan gaplari davom etadi:

«U to'g'ri yo'lga hidoyat qiladir. Bas, biz unga iymon keltirdik va o'z Robbimizga hech kimni shirk keltirmasmiz».

Jinlar o'z aql-farosatlari ila Qur'onni nozil qilgan Alloh ularning Robblari ekani va Unga sherik bo'lishi mumkin emasligini ham tushunib etadilar. Mushriklar kabi Allohga shirk keltirmasliklarini ta'kidlaydilar.

Jinlarning taom eyishlari ham bor.

Ammo ularning taomlanishi qanday va uning mohiyati nima ekanini bilmaymiz.

Ibn Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

«Tezak bilan ham, suyak bilan ham istinjo qilmanglar. Ular jin birodarlaringizning zodi(ozuqasi)dir», deganlar».

Imom Muslim va Termiziy rivoyat qilishgan.

 

Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga jinlar hay'ati kelganda: «Ey Allohning Rasuli, ummatingizni suyak, tezak va ko'mir bilan istinjo qilishdan qaytaring. Alloh bizning rizqimizni o'shalarda qilgan», deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizlarni o'sha narsalardan qaytardilar». 

Roviylar ulug' sahobiy Abdulloh Ibn Mas'uddan rivoyat qiladilarki:
«Rasululloh bir kuni sahobalarga, kim jinlar ishiga hozir bo'lishni istasa, bu kecha marhamat qilsin, dedilar. Mendan boshqa hech kim bormadi. Yurib borib Makkaning yuqorisiga etganimizda oyoqlari bilan menga chiziq chizib berdilar-da, shundan chiqmay o'tir, dedilar. O'zlari uzoqroq borib Qur'on o'qiy boshladilar. Bir zumda u kishini qora narsalar o'rab, ikkovimizning oramizni to'sib qo'ydi, men ovozlarini ham eshitmay qoldim. So'ngra haligi qora narsalar bulutga o'xshab parcha-parcha bo'linib, tarqab keta boshladi. Faqat bir bo'lagi qolganda Rasululloh bomdod namozini tugatdilar, borib tahorat ushatdilar va mening oldimga kelib, haligilar nima qildi, deb so'radilar. Men, hov ana, turishibdi, dedim. Payg'ambar alayhissalom ularga suyak va tezakni berdilar. Bizni esa suyak va tezak bilan istinjo qilishdan qaytardilar».

“Folbinlik, sehrgarlik, jin chiqarish va noan'naviy davolash kabi ishlarning haqiqati” kitobidan

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Mazhablar deganda nimani tushunasiz?

23.05.2025   3789   1 min.
Mazhablar deganda nimani tushunasiz?

Abdulhakim Supiyev, Pop tumani bosh imom-xatibi