O'zbekiston musulmonlari idorasi kitob fondida saqlanayotgan qo'lyozmalarni o'rganish va xalqimizga tanitish maqsadida,“Eng noyob qo'lyozma asarlar” nomli yangi rukn ostida kutilmagan nodir topilmalar to'g'risida ajoyib maqolalar va fotolavhalar e'lon qilinadi.
Yurtimizda eng boy qo'lyozmalar jamlangan bo'lib, ularning bir qismi Diniy idora kutubxona-muzeyida saqlanadi. Qo'lyozmalar fondi alohida bo'limlardan tashkil topgan bo'lib, ularda arab, fors-tojik, eski o'zbek tili va boshqa sharq tillarida bitilgan 3 mingdan ziyod qo'lyozma, 9 mingdan ortiq toshbosma va 9 mingdan ko'p yangi nashr kitoblar mavjud.
Kutubxona-muzeyi mutaxassislari qadimiy qo'lyozmalar va boshqa yozma manbalarni saqlash, o'rganish, ilmiy asosda tadqiq etish va xalqimizga etkazish borasida yangi izlanishlarni boshlab yubordilar.
Oliy va o'rta maxsus diniy ta'lim muassasalari va ixtisoslashgan oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlikda qo'lyozma manbalar bilan ishlashga tayyorligimizni bildiramiz. Shuningdek, qo'lyozma asarlarni tadqiqotchi va bitiruvchi talabalar dissertatsiya mavzusi sifatida ilmiy muomalaga kiritish eng foydali va muhim ish ekanini alohida ta'kidlaymiz.
Ilk tadqiqot manbasi
Dastlabki o'rganadigan qo'lyozma manbaimiz – O'zbekiston musulmonlari idorasining kutubxona-muzeyida 1490-inventar raqami bilan saqlanayotgan Mahmud az-Zamaxshariyning ربيع الأبرار و نصوص الأخبار - “Rabi' ul-abror va nusus ul-axyor” (“Yaxshilar rivoyati va fikrlar bayoni”) qo'lyozma asaridir.
Muallif to'g'risida
“Rabi' ul-abror va nusus ul-axyor” asari muallifi Abul-Qosim Mahmud ibn Amr az-Zamaxshariy – O'rta Osiyolik alloma, arab tilshunosligi va grammatikasi asoschisi, xattot, arab-fors-turkiy lug'atlarning muallifidir.
U milodiy 1075 yil 18 martda, hijriy 467 yil Rajab oyining 27 kuni Horazmning qadimgi Zamaxshar qishlog'ida tug'ilib, boshlang'ich saboqni otasidan olganlar. Ilm-fanni chuqur o'rganish maqsadida Buxoroda bir qancha muddat Horazmshohlar davrida ijod bilan mashg'ul bo'ladi.
Otasi savodli, taqvodor, diyonatli kishi bo'lgan va ko'p vaqtini Qur'oni karim tilovati-yu namoz o'qish bilan o'tkazib, Zamaxshar qishlog'idagi bir masjidda imomlik ham qilgan.
Az-Zamaxshariy Marv, Nishopur, Isfahon, Suriya, Bog'dod, Hijoz va ikki marta Makka shahrida bo'lgan. Qayerda bo'lishidan qat'i nazar, arab tili lug'ati va grammatikasini, mahalliy aholi shevalari, maqollari, urf-odatlarini chuqur o'rganishni davom ettirgan.
Alloma ko'p asarlarini Makka shahrida yozadi. U erda u “Allohning qo'shnisi”, “Butun dunyo o'qituvchisi”, “Barcha arablar va boshqa xalqlarning ustozi”, “Horazmning shon-sharafi” kabi unvonlarga sazovor bo'lgan.
Az-Zamaxshariy mantiq, grammatika, din, lug'atlar, adabiyot, pedagogika, tarix va jo'g'rofiyaga oid 60 dan ortiq asarlar yozib, ilm-fan sohasiga katta hissa qo'shadi. Uning asarlari dunyoning ko'plab tillariga tarjima qilingan. Bugungi kunda «al-Kashshof» qo'lyozmasining 100 dan ortiq nusxasi va unga yozilgan 20 dan ortiq sharhlari dunyo fondlarida saqlanmoqda.
Mahmudaz-Zamaxshariy 538 hijriy yilda vafot etgan.
Qo'lyozma asar haqida
Kitobning nomi “Rabi' ul-abror va nusus ul-axyor” bo'lib, unda borliq hodisalarining hikmatlari hamda din va dunyo odoblari bayon etilgan. Shuningdek, asarda adabiyot, tarix va boshqa fanlarga oid hikoyalar, latifalar, suhbatlarning eng saralari jamlangan.
Uning yozilgan sanasi hozircha noma'lum. Kitob yaxshi saqlangan, muqovasi qog'oz karton, orqa jildi esa matodan qilingan. Sahifalarning holati butun, lekin teshilgan va yirtilgan joylari bor.
Asar 5 ta bo'limdan iborat bo'lib, 98 ta bobni o'z ichiga oladi (ba'zi olimlar esa “92 bobdan tashkil topgan” ham deyishgan). O'lchami bo'yi 26,5 sm. 17,5 sm. 5,5 sm.sahifalarsoni 403 ta. Nasx xatida yozilgan. Bu kitobning qo'lyozma nusxasi dunyoda kam topiladi. Toshbosma nusxasi Bayrut shahrida 1991-1992 yillar (1412-1413 hijriy)da nashr qilingan.
Bu asarning nodir qo'lyozma nusxalari O'zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutining asosiy fondida ham 2384-inventar raqami ostida saqlanadi. Shuningdek, Gollandiyaning Leyden shahri va Germaniyaning Berlin shahri kutubxonalarida ham ushbu asarning qo'lyozmalari mavjud. Shuningdek, Qohira, Tabriz va Bag'dod shaharlarida fors tiliga tarjima qilingan, to'rt jildli nusxalari ham mavjud.
Asardan lavhalar:
Umar ibn Abdulaziz aytgan ekanlar. Hech kim menga tobein Tovus ibn Kaysonchalik yaxshi nasihat qilmagan edi. Tovus ibn Kayson menga shunday yozadiki, agar yordam so'raydigan bo'lsang, xayr ahlidan yordam so'ragin! Shunda amalingni barchasi xayr bo'ladi. Yomon kishilardan yordam so'ramagin! Agar ulardan yordam so'rasang ishingni barchasi yomonlikka bo'ladi.
* * *
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi qaysi bir banda birodarini Alloh uchun ziyorat qilsa, unga osmondan nido qiluvchi farishta shunday deydi: “Qanday ham yaxshi qilding, qadaming qutlug' bo'ldi, jannatdan bir joy tayyorlading”.
* * *
Til quloq bilan qalb o'rtasidagi adolatdir. Qur'onni qulog'ingiz eshitadigan va qalbingiz tushunadigan qilib o'qing.
Qo'lyozma mundarijasi
Qayd etganimizdek,kitob 5 juz, 98 bobdan tashkil topgan bo'lib, bir-biridan ajoyib va qiziqarli boblarni o'z ichiga olgan. Ayrim boblar mazmunini quyida bayon etamiz:
1-bob dunyo va oxiratni eslash to'g'risida;
2-bob osmonlar, yulduzlar, arsh va kursiy haqida;
3-bobbulutlar, yomg'ir, qor, momaqaldiroq, chaqmoq, yog'ingarchilikka oid;
4-bob havo, shamol,issiq va sovuq kunlar hamda soya-salqin haqida;
16-bob mukofot, jazo,evaz va ulushga oid;
17-bob nodonlik, nuqson, xato, buzish, o'zgartirish va shunga o'xshash narsalarga bag'ishlangan;
18-bob telbalik, ahmoqlik, g'aflat, xafalik shoshqaloqlik va sabrsizlik, foydasiz narsalar va o'yinlar bilan ovora bo'lishga doir;
19-bob sukut qildiruvchi javoblar, so'z bilan jarohat etkazish, tan olish va yuz o'girish, ta'na, shubha, qaysarlik va janjalkashlik to'g'risida;
20-bob jinoyat, gunohva ularga oid chora va jazolarhamda uzrlar, gunohlarni tark etish va tavba haqida;
33-bob safar, sayr qilish, ayrilish va jo'nash, manzilga etish, vidolashuv, uzoqda bo'lish, yaqin bo'lish, ketish-kelish va shu kabilar oid;
34-bobyoshlik va yigitlik, keksalik va shunga o'xshash mavzularga bag'ishlangan;
35-bob vatanga muhabbat va uni sog'inish, ahli oila va qadrdonlarga mehr-muhabbat ko'rsatishga doir;
60-bob ilm, hikmat, odob, kitob, qalam va shularga tegishli narsalar to'g'risida;
62-bob xiyonat, o'g'rilik, aldov, qotillik, chaqimchilik, tuhmat va sirlarni oshkor qilish haqida;
78-bob mol-dunyo, kasb, tijorat, nifoq qimmatchilik va arzonchilik, savdodagi yolg'on, to'lov va bojlar, boylik va faqirlik kabi mavzularga oid;
80-bobhazillashish, kulishning joiz o'rinlari va mazah qilishdan qaytarish kabilarga bag'ishlangan.
Hulosa
“Rabi' ul-abror va nusus ul-axyor” (“Yaxshilar rivoyati va fikrlar bayoni”) asarida har bir zamon va makon uchun muhim bo'lgan masalalar bayon etilganini inobatga olgan holda ilmiy izlanuvchilar, mustaqil tadqiqotchilar va talaba yoshlarga mazkur noyob asarni keng tadqiq etish va xalqimizga etkazishnitavsiya etamiz.
Murojaat uchun:
Telefon: +998 71 240 08 31
Telegram: https://t.me/MuzeyKutubxonaBOT
Elektron pochta: muzeykutubxona@mail.ru
Muhammadnosir ABDUVOSIYeV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi
muzey-kutubxonasi mutaxassisi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
ismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Qavming yangi musulmon bo‘lmaganida...
Oisha onamiz roziyallohu anho Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan Hijri Ismoil haqida so‘radilar:
- Ey Allohning Rasuli! U ham Ka’badanmi?
- Ha, u ham Ka’badan!
- Nima uchun uni Ka’baning ichiga kiritishmagan?
- Chunki o‘shanda qavmingning nafaqasi yetmay qolgan!
- Nega Ka’baning eshigi baland qurilgan?
- Qavming o‘zi istaganiga Ka’baga kirishga ruxsat berib, istamaganiga ruxsat bermaslik uchun! So‘ngra Nabiy sollallohu alayhi vasallam yana dedilar:
Agar qavming yangi musulmon bo‘lmaganida va ularning qalbi inkor qilishidan qo‘rqmaganimda, Ka’bani buzishga amr qilar va undan chiqarilgan narsalarni yana uning ichiga kiritib, boshqatdan qurar edim. Uni yerga barobar etib, ikki eshik qilardim. Biri sharqiy tomonida, ikkinchisi g‘arbiy tomonida. Uni Ibrohim alayhissalomning poydevoriga yetkazardim!
Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhumo Hijozda hukmronlikni qo‘lga kiritgach, xolasi Oisha onamiz unga yuqoridagi hadisni aytib berdilar. U Ka’bani buzib Ibrohim alayhissalomning davridagidek qilib qurdi. So‘ngra Hajjoj Abdulloh ibn Zubayrni qatl etgach, Ka’bani buzib, yana Quraysh mushriklari davridagidek qilib qurdi.
Abbosiylardan Abu Ja’far Mansur xalifa bo‘lgach, Ka’bani buzib, yana Ibrohim alayhissalom davridagidek qilib qurmoqchi bo‘ldi. Bu to‘g‘risida imom Molik rohimahulloh bilan maslahat qildi. Imom Molik rohimahulloh unga dedilar:
- Menimcha, uni hozirgi holida qoldirganing yaxshi. Yo‘qsa, Ka’ba podshohlar o‘rtasida o‘yinga aylanadi!
Bizga kerakli nuqta Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Qavming yangi musulmon bo‘lmaganida edi...» degan gaplaridir!
Nabiy sollallohu alayhi vasallam Oisha onamizga bugungi Ka’bani Ibrohim alayhissalom davridagi Ka’ba emasligini, uni buzishni, Ibrohim alayhissalom qanday qurgan bo‘lsalar, shunday qilib qayta qurishni istayotganlarini aytyaptilar. Ammo Fathdan so‘ng islomga yangi kirgan qurayshliklarning iymonidan xavfsirayaptilar. Bu u zotning chiroyli siyosatlarini, foyda bilan zararning rioyasini qilganlarini anglatadi!
Islomda zararni daf qilish foyda keltirishdan oldinda turadi. Masalan, bir to‘g‘ri ish bor. Ammo uni qilsangiz, ortidan zarar keladi. Yaxshisi, uni qilmasligingiz kerak. Ana shu narsa muhim bir hayot darsidir!
Gohida bir qizni boshqa bir munosib bo‘lmagan kishiga turmushga berib zulm qilib qo‘yamiz. U qizimiz turmush o‘rtog‘i bilan yashay olmaydi. Undan ajralishga harakat qiladi. Bu unga foydali bo‘lib ko‘rinadi. Ammo bu ajralishdan o‘rtadagi farzandlar uvol bo‘lishi mumkin. Ona farzandlarini o‘zi bilan olib keta olmaydi yoki ularni tashlab ham keta olmaydi. Ana shunaqa paytda savob umidida uni sabrga chaqiriladi, ajralishga undalmaydi. Chunki ajralishda bir kishiga manfaat, ammo bir necha kishiga zarar bor!
Hayotdagi barcha ishlarni shunga qiyos qiling. Hayotda hamma narsa bir xil emas. Bir narsa ziyoda bo‘ladi, yana bir narsa ikkita narsaga teng bo‘ladi. Bu hayot chigal. Bunda har qanday oqning ichida qora bor. Har qanday qoraning ichida esa oq bor. Oqil inson o‘zidagi ko‘p oqni saqlab qolish uchun ozgina qorani qabul qiladi.
Umar roziyallohu anhu ajoyib gap aytganlar: «Yomondan yaxshini ajratib olgan inson ziyrak emas, ikkita yomondan yaxshisini ajratib olgan inson ziyrakdir».
Hayot bizni gohida ikkita achchiq narsadan birini tanlashga majbur qiladi. Zakiy inson to‘g‘ri amalda bo‘lgan, yaqinlashib yurgan va foyda bilan zarar o‘rtasini solishtira oladigan kishidir. Haq deb hamma narsa aytilavermaydi!
«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi