Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Iyul, 2025   |   17 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:19
Quyosh
05:01
Peshin
12:34
Asr
17:41
Shom
20:01
Xufton
21:34
Bismillah
12 Iyul, 2025, 17 Muharram, 1447

Havorijlar va mu'tazilalarga raddiya bergan alloma

16.12.2020   2077   5 min.
Havorijlar va mu'tazilalarga raddiya bergan alloma

Imom Abu Mansur Motu­ridiy o'z ta'limoti va il­­miy asarlari bilan Mo­va­rounnahr­da tavhid ilmi­ning rivoj­lanishiga kat­ta hissa qo'sh­di. Ilohiyot ilm­larining to'la shakl­lanib, takomilga etishida, qayta ishlanib, ma'lum tizimga solinishida mislsiz xizmat qildi. Buyuk alloma o'z qarashlari bilan O'rta Osiyo xalqlarining an'analari va urf-odat­lari hanafiy­lik ta'limoti bilan cham­barchas bog'­liqligini ko'r­sata oldi.

Ulug' vatandoshimiz asos solgan ta'limot Islom di­nining buyuk aqidaviy maktablaridan biri sifa­tida keng ko'lamda tan olindi. Ahli sunna val jamoaning hanafiy mazha­bi vakillari aqidada Imom Moturidiy va uning shogirdlari hamda izdoshla­ri yozib qoldirgan qimmat­li asarlarga tayanib ish ko'rishadi. E'tiborlisi, Islom olamining aksa­riyat mintaqalarida, xusu­san, Suriya, Iroq, Turkiya, Pokis­ton, Hindiston, Shimoliy Afrikada moturidiya ta'limoti hozir ham o'rta va oliy diniy o'quv yurtlarida mustaqil fan sifatida o'qitiladi.

Imom Moturidiy o'n beshdan ortiq asar yozgan. U zot fiqh, kalom va tafsir yo'nalishlarida bitilgan kitoblar muallifidir. Allomaning fiqh ilmi va uning usuliga bag'ishlangan “Ma'xazush shari'a” (“Sha­riat asoslari manbai”) ham­da “Kitobul jadal fi usulil fiqh” (“Fiqh asoslari haqida jadal bahs”) nomli kitoblari mashhur.

Tafsirga oid – “Ta'vi­lo­tu ahlis sunna” (“Ahli sun­­na haqida izohlar”) asa­­ri, asosan, kalom ilmi­ga bag'ishlangani tufayli un­da aqidaga doir oyatlarni sharhlashga keng o'rin berilgan. Muallif tafsirda o'z zamonasidagi mo''ta­zila, xavorij, karro­miya, jabariya kabi oqimlar­ni zikr etib, ularning Qur'on oyat­lariga bergan noto'g'ri talqinlarini to'g'ri tan­qid qilgan. Shuningdek, mu­shabbiha (Alloh taoloni, uning sifatlarini maxlu­qotlarining sifatla­ri­ga o'xshatadiganlar), mu­­najjim (yulduzga qarab fol ko'radiganlar), folbin va boshqalarning fikrlarini chuqur tahlil qilgan va ularga asosli raddiyalar bergan. Demak, alloma o'zi­ning dalillarga tayangan, dunyoqarashiyu sog'lom tafakkuri bilan turli fir­qalarga qarshi keskin kurasha oladigan darajada kuchli bilim sohibi bo'lgan.

Abu Mansur Moturi­diy hanafiy ilohiyotshunosla­riga katta ta'sir ko'r­satdi. Shuning uchun uning qa­rash­lari avval Movarounnahr­da, keyin Huroson va bosh­qa mintaqalarda keng tar­qal­di. Shuningdek, Imom Motu­ridiy Abu Hanifaning qa­rashlarini tizimlashtirgani uchun keyingi ha­na­fiy olimlar aqidada “moturidiylar” deyilgan. Zero, Imom Moturidiy mazhabboshimiz Imomi A'zam Abu Hanifaning e'tiqodiy qarashlarini rivojlantirgan va tizimlashtirgan buyuk olim si­fatida tanildi.

Kalom ilmida Moturi­diyning “Kitob at-tavhid” asarining o'rni beqiyos. Abu Mansur Moturidiydan ke­yin o'tgan taniqli olimlardan Abu Muin Nasafiy va Abu Yusr Pazdaviy asarni mazkur nom bilan, Hoji Halifa va Bag'dodiy esa, “Kitob at-tavhid va isbot as-sifat” nomi bilan zikr etishgan.

Bizgacha mazkur asarning yagona nusxasigina etib kelgan, u Kembrij universiteti kutubxonasida saqlanadi. 1970 yili misrlik olim Fathulloh Hulayf uzoq yillar davom etgan izlanishlari natijasida Bayrutning “Dor al-mash­riq” nashriyotida “Kitob at-tavhid”ni nashr qildirdi. Nashrda bir talay kamchiliklarga yo'l qo'yilganiga qaramay, u o'zidan keyingi tadqiqotlar uchun manba sifatida ahamiyatlidir. “Kitob at-tavhid” bir necha marta qayta-qayta nashr etildi.

Imom Moturidiy hana­fiylar tomonidan ahli ­sunna val jamoaning ta­­niqli imomi, uning fikr­lari esa ahli sunna val ja­moaning qarashlari sifatida ko'rilgan.

Abu Yusr Pazdaviy (493/ 1099), Abu Muin Nasafiy (508/1114), Umar Nasafiy (537/1142), Aloud­din Sa­marqandiy (539/1144) va Nuriddin Sobuniy (580/ 1184) kabi atoqli olimlar fiqh­da Imomi A'zam Abu Hani­faning, e'tiqodda esa Imom Moturidiyning qa­rashla­riga asoslanishgan.

Imom Mo­turidiy milodiy 944 yili vafot etib, Samarqandning mash­hur Chokardiza qabristoni­da dafn etilgan. XX asr boshlarida akademik V. Bartol'd Samarqandga safari paytida Chokardiza qabristonida bo'lgani va u joyda Imom Mo­turidiy maqbarasini ko'r­ga­ni ha­qida yozgan.

2000 yili Imom Moturi­diy ilmiy merosini o'rga­nishga bag'ishlab o't­kazil­gan anjuman arafa­sida Cho­kar­diza qabristoni o'r­ni­da maydoni 3,5 gektar­lik majmua barpo etildi. Majmua markazida Abu Mansur Moturidiy maqba­rasi bunyod qilindi.

Moturidiy maqbarasi­ni tiklash jarayonida ko'p­lab faqih va ulamolar­ga mansub qabrtoshlar (qayroq toshlar)ning topilishi qo­raxoniylar davriga oid yangi ma'lumotlarni yuzaga chiqardi.

Imom Moturidiy va uning ilmiy merosini o'r­ganish bugun ham dolzarbligicha qolmoqda. Allomaning asarlari hamon o'zbek tiliga tarjima qilinmagan. Yevropa va Turkiya olimlari tomonidan kalom ilmi tarixiga doir qator tadqi­qotlar amalga oshirilgan bo'lsa-da, Markaziy Osiyo hududida ushbu yo'nalishda hali ko'plab ilmiy ishlar o'z tadqiqotchilarini kutib turibdi.

Abduvohid O'ROZOV,

Imom Buxoriy xalqaro

ilmiy-tadqiqot markazi

ilmiy xodimi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Qur’oni karimni 82 yil qalbdida saqlagan olim

11.07.2025   5586   3 min.
Qur’oni karimni 82 yil qalbdida saqlagan olim

Xotira

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.


Qur’oni Karim xodimi, ustoz Yahyo qori Turdiyev 1930 yil 21 dekabrda Sharqiy Turkistonning Qashqar viloyati Yangisor shahrida ziyoli oilada tavallud topgan. U 1943 yil Qur’oni Karimni to‘liq yod oldi.

1962-1968 yillar davomida Mir Arab madrasasida tahsil oldi.

1978-1984 yillarda O‘rtachirchiq tumanidagi To‘ytepa jome’ masjidida imom-xatiblik qildi.

1988 yildan Toshkent (hozirgi Zangiota) tumanidagi Ko‘kterak masjidiga imomlik qildi.

1995-2011 yillar shu tumandagi «Hasanboy ota» jome’ masjidida imom xatib, keyinchalik shu masjidda imom noibi bo‘lib el xizmatida faoliyat yuritdi.

Qur’ondan ilk saboqlarni ota-onasidan oldi. 13 yoshida Qur’oni Karimni to‘liq yod oldi. Shuningdek, ustozlari Abduhalil va Abdunodir domlalardan ham ta’lim olgan.

1954 yil Yahyo qorini olim bo‘lishini istagan otasi 1600 km uzoqlikda joylashgan Ro‘zihoji madrasasiga olib bordi. U yerda Hindistonda ta’lim olgan shayx Shohimardon ismli yetuk olimdan ilm oldi,

1960 yilda madrasani tamomlab, domla Shohimardonning yonida mudarris  bo‘lib ishladi. Biroq shu yilning o‘zida ustozining maslahati bilan sobiq Ittifoqqa yo‘l olib, Andijonda qo‘nim topdi.

1962 yilda Mir Arab madrasasiga o‘qishga kirdi.

1968 yil madrasani tugallagach, Toshkent viloyatidagi Bektemir qishlog‘iga ko‘chib keldi. Bu yerda o‘n yildan ortiq kombinatda ishladi. Shu orada Qashqarda ustozlik qilgan minglab qorilarni chiqargan Abdulaziz qori Mahmudov bilan yana ustoz-shogirdlik munosabatlarini yo‘lga qo‘ydi.

1976 yilda shayx Ziyovuddin ibn Eshon Boboxon bilan tanishdi. U kishining taklifi bilan 1977 yili O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy nazoratiga ishga kirdi. Shu tariqa imomlik faoliyati boshlandi.

Farzandim qori bo‘lsin degan ota-onalar uchun ustoz Yahyo qoridan tavsiya:

— Ilm ahliga havas qilgan, farzandini qori bo‘lishini istagan ota-onalarga aytadigan birinchi tavsiyam luqmasini halol qilsin. Haromga yaqinlashmasin, halol narsani ham me’yorida iste’mol qilsin. Shuningdek, farzandini ham halol luqma bilan voyaga yetkazsin, tarbiyalasin. Domlalarimiz ko‘cha-kuyda taom iste’mol qilganimizni bilib qolsalar, qattiq ranjib, bizni koyib: «Sen kecha Qur’ondan bir betni yuz marotaba o‘qib yodlagan bo‘lsang, bugun ikki yuz marotaba o‘qisang ham yodlay olmaysan. Shubhali ovqat yemagin. Zehning zaiflashib qoladi», der edilar.

Shuningdek, farzandini qori bo‘lishini istagan ota-onalar taqvoli, o‘qimishli bo‘lsin. Ota-onalar olimlarni hurmat qilsin, ularni yaxshi ko‘rib, olimlarga muxlis bo‘lsin. Farzandini yoshligidan boshlab odob-axloqli qilib tarbiyalasin. Bolam qori bo‘lsin degan niyatda bo‘lgan ota-ona o‘zaro bir-biri bilan janjallashmasin, uyda sokinlik hukm sursin. Farzand kelajakda yetuk olim bo‘lishi uchun juda ko‘p mashaqqat, sa’y-harakat talab etiladi. Avvalo, ota-onaning, so‘ngra talabi ilmning hamda ustozning birgalikdagi intilish va harakati bo‘lishi lozim. Shularning bari birikkandagina farzand olim, qori bo‘ladi. Ota-ona mas’uliyatsizlik qilsa yoki talaba ilm olishdan boshqa narsalarga chalg‘isa oqsash kuzatiladi, maqsadga erishilmaydi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Har bir narsaga ham bir mone’lik bo‘ladiku, lekin ilmning mone’lari ko‘p bo‘ladi», degan mazmundagi hadislari ilm olishda sobitqadam, bardavom bo‘lishga undaydi.