Imom Abu Mansur Moturidiy o'z ta'limoti va ilmiy asarlari bilan Movarounnahrda tavhid ilmining rivojlanishiga katta hissa qo'shdi. Ilohiyot ilmlarining to'la shakllanib, takomilga etishida, qayta ishlanib, ma'lum tizimga solinishida mislsiz xizmat qildi. Buyuk alloma o'z qarashlari bilan O'rta Osiyo xalqlarining an'analari va urf-odatlari hanafiylik ta'limoti bilan chambarchas bog'liqligini ko'rsata oldi.
Ulug' vatandoshimiz asos solgan ta'limot Islom dinining buyuk aqidaviy maktablaridan biri sifatida keng ko'lamda tan olindi. Ahli sunna val jamoaning hanafiy mazhabi vakillari aqidada Imom Moturidiy va uning shogirdlari hamda izdoshlari yozib qoldirgan qimmatli asarlarga tayanib ish ko'rishadi. E'tiborlisi, Islom olamining aksariyat mintaqalarida, xususan, Suriya, Iroq, Turkiya, Pokiston, Hindiston, Shimoliy Afrikada moturidiya ta'limoti hozir ham o'rta va oliy diniy o'quv yurtlarida mustaqil fan sifatida o'qitiladi.
Imom Moturidiy o'n beshdan ortiq asar yozgan. U zot fiqh, kalom va tafsir yo'nalishlarida bitilgan kitoblar muallifidir. Allomaning fiqh ilmi va uning usuliga bag'ishlangan “Ma'xazush shari'a” (“Shariat asoslari manbai”) hamda “Kitobul jadal fi usulil fiqh” (“Fiqh asoslari haqida jadal bahs”) nomli kitoblari mashhur.
Tafsirga oid – “Ta'vilotu ahlis sunna” (“Ahli sunna haqida izohlar”) asari, asosan, kalom ilmiga bag'ishlangani tufayli unda aqidaga doir oyatlarni sharhlashga keng o'rin berilgan. Muallif tafsirda o'z zamonasidagi mo''tazila, xavorij, karromiya, jabariya kabi oqimlarni zikr etib, ularning Qur'on oyatlariga bergan noto'g'ri talqinlarini to'g'ri tanqid qilgan. Shuningdek, mushabbiha (Alloh taoloni, uning sifatlarini maxluqotlarining sifatlariga o'xshatadiganlar), munajjim (yulduzga qarab fol ko'radiganlar), folbin va boshqalarning fikrlarini chuqur tahlil qilgan va ularga asosli raddiyalar bergan. Demak, alloma o'zining dalillarga tayangan, dunyoqarashiyu sog'lom tafakkuri bilan turli firqalarga qarshi keskin kurasha oladigan darajada kuchli bilim sohibi bo'lgan.
Abu Mansur Moturidiy hanafiy ilohiyotshunoslariga katta ta'sir ko'rsatdi. Shuning uchun uning qarashlari avval Movarounnahrda, keyin Huroson va boshqa mintaqalarda keng tarqaldi. Shuningdek, Imom Moturidiy Abu Hanifaning qarashlarini tizimlashtirgani uchun keyingi hanafiy olimlar aqidada “moturidiylar” deyilgan. Zero, Imom Moturidiy mazhabboshimiz Imomi A'zam Abu Hanifaning e'tiqodiy qarashlarini rivojlantirgan va tizimlashtirgan buyuk olim sifatida tanildi.
Kalom ilmida Moturidiyning “Kitob at-tavhid” asarining o'rni beqiyos. Abu Mansur Moturidiydan keyin o'tgan taniqli olimlardan Abu Muin Nasafiy va Abu Yusr Pazdaviy asarni mazkur nom bilan, Hoji Halifa va Bag'dodiy esa, “Kitob at-tavhid va isbot as-sifat” nomi bilan zikr etishgan.
Bizgacha mazkur asarning yagona nusxasigina etib kelgan, u Kembrij universiteti kutubxonasida saqlanadi. 1970 yili misrlik olim Fathulloh Hulayf uzoq yillar davom etgan izlanishlari natijasida Bayrutning “Dor al-mashriq” nashriyotida “Kitob at-tavhid”ni nashr qildirdi. Nashrda bir talay kamchiliklarga yo'l qo'yilganiga qaramay, u o'zidan keyingi tadqiqotlar uchun manba sifatida ahamiyatlidir. “Kitob at-tavhid” bir necha marta qayta-qayta nashr etildi.
Imom Moturidiy hanafiylar tomonidan ahli sunna val jamoaning taniqli imomi, uning fikrlari esa ahli sunna val jamoaning qarashlari sifatida ko'rilgan.
Abu Yusr Pazdaviy (493/ 1099), Abu Muin Nasafiy (508/1114), Umar Nasafiy (537/1142), Alouddin Samarqandiy (539/1144) va Nuriddin Sobuniy (580/ 1184) kabi atoqli olimlar fiqhda Imomi A'zam Abu Hanifaning, e'tiqodda esa Imom Moturidiyning qarashlariga asoslanishgan.
Imom Moturidiy milodiy 944 yili vafot etib, Samarqandning mashhur Chokardiza qabristonida dafn etilgan. XX asr boshlarida akademik V. Bartol'd Samarqandga safari paytida Chokardiza qabristonida bo'lgani va u joyda Imom Moturidiy maqbarasini ko'rgani haqida yozgan.
2000 yili Imom Moturidiy ilmiy merosini o'rganishga bag'ishlab o'tkazilgan anjuman arafasida Chokardiza qabristoni o'rnida maydoni 3,5 gektarlik majmua barpo etildi. Majmua markazida Abu Mansur Moturidiy maqbarasi bunyod qilindi.
Moturidiy maqbarasini tiklash jarayonida ko'plab faqih va ulamolarga mansub qabrtoshlar (qayroq toshlar)ning topilishi qoraxoniylar davriga oid yangi ma'lumotlarni yuzaga chiqardi.
Imom Moturidiy va uning ilmiy merosini o'rganish bugun ham dolzarbligicha qolmoqda. Allomaning asarlari hamon o'zbek tiliga tarjima qilinmagan. Yevropa va Turkiya olimlari tomonidan kalom ilmi tarixiga doir qator tadqiqotlar amalga oshirilgan bo'lsa-da, Markaziy Osiyo hududida ushbu yo'nalishda hali ko'plab ilmiy ishlar o'z tadqiqotchilarini kutib turibdi.
Abduvohid O'ROZOV,
Imom Buxoriy xalqaro
ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Salama ibn Akva’ roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam aslamlik bir kishiga odamlar ichida «Kim biron narsa yegan bo‘lsa, kunning qolganida ro‘za tutsin, kim yemagan bo‘lsa, u ham ro‘za tutsin, chunki bugun Ashuro kuni», deb jar solishga buyurdilar».
Ikki Shayx va Nasaiylar rivoyat qilishgan.
Rubayyi’ bint Mu’avviz ibn Afro roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ashuro kuni ertalab Madina atrofidagi ansorlarning qishloqlariga odam yuborib, «Kim ro‘za tutgan holda tong ottirgan bo‘lsa, ro‘zasini tugal qilsin. Kim og‘zi ochiq holda tong ottirgan bo‘lsa, kunining qolganini (ro‘za bilan) tugal qilsin», dedilar.
Shundan keyin biz uning ro‘zasini tutadigan va yosh bolalarimizga ham Alloh xohlaganicha tuttiradigan bo‘ldik. Masjidga borib, ularga yungdan o‘yinchoq qilib berar edik. Birortasi ovqat deb yig‘lasa, iftorgacha unga o‘shani berar edik».
Muslim rivoyat qilgan.
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Men Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ushbu kun – Ashuro kunining hamda ushbu oy, ya’ni Ramazon oyining ro‘zasidan tashqari biror kunni boshqasidan afzal ko‘rib, ro‘za tutishga qasd qilganlarini ko‘rmadim».
Ikki Shayx rivoyat qilgan.
Izoh: Ya’ni, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qachon Ashuro kuni kelar ekan, ro‘zasini tutsam, deb, intiq bo‘lib turar ekanlar. Boshqa biror kunning ro‘zasini tutish uchun bunchalik intizor bo‘lib kutmas ekanlar.
Shuningdek, Ramazon oyini ham qachon kelar ekan, ro‘zasini tutsam, deb, intiq bo‘lib kutar ekanlar. Boshqa biror oyning ro‘zasini tutishni bunchalik intizor bo‘lib kutmas ekanlar. U kishining ummatlari, ya’ni bizlar ham shunday bo‘lishimiz lozim.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ramazondan keyingi eng afzal ro‘za Allohning oyi muharramdadir. Farz namozdan keyingi eng afzal namoz tungi namozdir», dedilar».
Muslim rivoyat qilgan.
Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ashuro kunining ro‘zasi o‘zidan oldingi yilning gunohlariga kafforat bo‘ladi», dedilar».
Muslim rivoyat qilgan.