Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Aprel, 2025   |   14 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:26
Quyosh
05:48
Peshin
12:29
Asr
17:04
Shom
19:03
Xufton
20:20
Bismillah
12 Aprel, 2025, 14 Shavvol, 1446

O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining muhtarama otinoyilarimizga murojaatlari

15.12.2020   7926   16 min.
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining muhtarama otinoyilarimizga murojaatlari

الحمد لله رب العالمين و الصلاة و السلام علي رسوله الكريم

و علي آله و أصحابه أجمعين و بعد...

Assalomu alaykum va rahmatullohi va  barakotuhu!

 

Hurmatli va aziz opa-singillar!

Alloh taologa behisob shukrlar bo'lsinki, taraqqiyotimizning yangi davrida xalqimiz uchun cheksiz imkoniyatlar eshigi yanada keng ochilmoqda. Haq taoloning xalqimizga bergan ulug' ne'matlari, baxt-saodatning had-hududi yo'q. Jonajon diyorimizda din sohasiga ko'rsatilayotgan ijobiy ta'sirlar yanada ulkan bo'lmoqda. Muxtaram Yurtboshimiz rahnamoliklari va g'amxo'rliklari natijasida mamlakatimizda din sohasi jadal rivojlanib, ko'plab xayrli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda oilada, jamiyatda va ijtimoiy hayotda ayollarning faolligi yanada oshib bormoqda. Ayniqsa, xotin-qizlar orasidagi ma'naviy-ma'rifiy ishlarda ularning o'rni katta bo'lmoqda. Jumladan diniy ma'rifat va axloqiy tarbiyani ayollarga etkazishda otinoyilarning ham munosib o'rni bor, albatta.

Davlatimiz Rahbari tashabbuslari bilan xotin-qizlarning imon-e'tiqodini mustahkamlash hamda diniy savodxonligini oshirish borasida keng ko'lamli ishlar qilinmoqda. Mana shunday ishlarning natijasida otinoyilarga ham alohida e'tibor qaratilmoqda. Ularning bilim va ko'nikmalarini muttasil oshirib borish, munosib shart-sharoitlar yaratish va huquqiy maqomlarini mustahkamlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Alloh taboraka va taoloning ulug' in'omi ayol – mo''tabar ona, suyukli opa-singil, vafodor umr yo'ldosh va sog'lom avlod tarbiyachisi bo'lgani bois, ayol-qizlarni e'zozlash va ehtirom qo'rsatish lozim bo'ladi.

Dini mubinimiz ayol-qizlarni yuksak qadrlaydi. Ularning sharafi, iffati va haq-huquqlarini mukammal ta'minlaydi. Qur'oni karimda:

مَنْ عَمِلَ صَالِحًا مِنْ ذَكَرٍ أَوْ أُنْثَى وَهُوَ مُؤْمِنٌ فَلَنُحْيِيَنَّهُ حَيَاةً طَيِّبَةً وَلَنَجْزِيَنَّهُمْ أَجْرَهُمْ بِأَحْسَنِ مَا كَانُوا يَعْمَلُونَ 

“Erkakmi yo ayolmi – kimda-kim mo'min bo'lgan holida biror ezgu ish qilsa, bas, Biz unga yoqimli hayot baxsh eturmiz va ularni o'zlari qilib o'tgan go'zal (solih) amallari barobaridagi mukofot bilan taqdirlaymiz” (Nahl surasi 97 oyat).

Demak, ayollarning har bir amali uchun ularga ulug' ajru-mukofotlar, xushxabarlar va'da qilingan.

Dinimizda ayol-qizlar ona siymosida yuksak qadrlanadi. Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallam bir muborak hadislarida:

" اَلْجَنَّةُ تَحْتَ اَقْدَامِ الْاُمَّهَاتِ "

“Jannat onalar oyog'i ostidadir”, – deb marhamat qilganlar.

Manbalarda qayd etilishicha, Imom Buxoriy hazratlarining onalari ham taqvodor, diyonatli va duosi mustajob ayol bo'lgan ekanlar. Onalari el orasida Alloh taologa iltijo etib, doimo duolar o'qib yuradigan pokiza ayol sifatida tanilgan edilar. Ma'lumki, Imom Buxoriy hazratlari yoshliklarida ko'zlari jarohatlanib, ko'rish qobiliyatlari ancha susaygan.

Kunlardan bir kuni Imom Buxoriy hazratlarining onalari tushida Ibrohim alayhissalom bu mushfiqa onaga qarab: “Ey volida! Sizning duolaringizning ko'pligidan Alloh taolo o'g'lingizga to'liq ko'rish qobiliyatini qaytardi”, – deb xitob qilganlar. Shundan keyin onalarining “Uyqumdan uyg'onsam, o'g'lim Muhammadning ko'z nuri to'liq qaytib tuzalib ketibdi” degan gaplari mashhur bo'lgan.

Buyuk faqih, muhaddis Alouddin Abu Bakr ibn Ahmad al-Kosoniy hazratlari qanday zot bo'lganlari ko'pchiligimizga ma'lum. U kishining ko'p narsada omadi chopgan. Misol uchun, uylanish masalasini olaylik. U kishining qaynotalari va ustozlari Alouddin Samarqandiyning Fotimai Samarqandiya ismli nihoyatda oqila va fozila qizlari bo'lgan. U qiz ilmda shu darajaga etganidan hatto podshohlar fatvo so'ragan, ko'p kishilardan sovchilar kelgan. Vaqt o'tib, Kosoniy bu kishiga shogird tushib, ilmda nihoyatda peshqadam bo'lib, hatto u kishining “Tuhfatul fuqaho” nomli kitoblariga “Badoi'us sanoi' fi tartib ash-sharoi'” nomli sharh bitganlaridan so'ng shu kitobni mahr o'laroq baholab, qizlarini u kishiga nikohlab bergan ekanlar.

 

 

Hurmatli otinoyilarimiz!

Quyida ayrim otinoyilar yo'l qo'yayotgan ba'zi xatoliklarni keltirib o'tsak:

Birinchi.  Ba'zi otin­oyilar o'zining etarli bilimi bo'lmagani holda diniy rasm-rusumlarga boshchilik qilish bilan birga bid'at-xurofot ishlarda tashabbuskorlik ham ko'rsatishyapti. Bu bilan faqat o'zlarini emas, balki ularga ergashuvchilarni ham zalolatga boshlashmoqda. Mana shundan otinoyilarimiz ehtiyot bo'lishlari kerak.

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: "Kim hidoyatga chaqirsa, unga ergashuvchining savobidek ajr bo'ladi. Bu bilan amal qilgan kishining savobidan biror narsa kamaymaydi. Kimki zalolatga chaqirsa, ergashuvchi kishining gunohidek unga gunoh yoziladi. Bu bilan amal qilgan kishining gunohidan biror narsa kamaymaydi», – dedilar.

Ikkinchi.   Ba'zi otinoyilar suhbatlarida faqat do'zax azobi, qabr hayoti va Qiyomat dahshati yoki jahannam vasfi haqida gapirib, qalbga vahima yoki hayrat soladilar. Aslida Yaratganning muhabbatiga ma'rifat va Haq taolo rozi bo'ladigan ezgu ishlar bilan erishiladi. Bu haqda tasavvuf olimasi Robiya Adaviya: "Jannat orzusi va do'zax azobidan qo'rquv najot vositasi bo'la olmaydi. Ma'rifat amaldan ustun, Allohni amallar bilan emas, ma'rifat bilan tanish muhimdir", – degan edi.

Uchinchi.  Ayrim otin­oyilar dinni oson qilib etkazish  o'rniga amallarni mushkul qilib izohlash, qo'rqitish yo'lini tutadi. Aslida Islom – engillik dinidir! Janobi Payg'ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi va sallam ham ummatlarga doimo engillik, osonlik istaganlar. Bir hadisi shariflarida: "Osonlashtiring – qiyinlashtirmang, qiziqtiring – bezdirmang"(Imom Buxoriy rivoyatlari) de­ganlar. Zero, oyati karimada ham "Alloh hech bir jonga toqatidan tashqari narsani taklif etmaydi..." (Baqara surasi 286 oyat) deyilgan.

To'rtinchi. Folbinlik kabi ulkan gunoh ishlar bilan shug'ullanadiganlar orasida otinoyilikni da'vo qiladiganlari ham borligi kishini qattiq ranjitadi.

Beshinchi.   Ko'p otinoyilar diyorimiz musulmonlari hanafiy mazhabiga rioya etishlarini inobatga olmay, o'zlari turli adabiyotlardan o'qigan yoki eshitgan fikrlarni gapirib, kishilar orasida ixtiloflarni keltirib chiqarishmoqda.

 

 

Muhtarama munis opa-singillarimiz!

Eng avval "otinoyi" so'zining istilohiy ma'nosini ang­lash lozim. Otinoyi – qizlar o'qituvchisi, din va shariat bilimdoni hamda ayollar o'rtasidagi diniy marosimlarga boshchilik qiladigan, xalq orasida katta obro'-e'tiborga sazovor bo'lgan kayvoni ayol. Shuningdek, "otin" so'zi ma'rifatparvar ayollarni hurmatlab, ismiga qo'shib aytilgan.

Ilgari ajdodlarimiz xotin-qizlar qalbiga ayol kishining suhbati chuqurroq singib borishini yaxshi angla­ganlari uchun otinoyilar faoliyatidan unumli foydalanishgan. Mahalla yoki qishloqlardagi ta'lim-tarbiya ishlariga jalb etishgan. Ayniqsa diniy ma'rifatni yoyish, qizlarni turmushga tayyorlash va ularning ruhiyatini bekalikka moslashda otinoyilarning vazifasi katta bo'lgan. Otinoyilar faqat bilim tarqatuvchigina emas, balki yoshlar tarbiyasi uchun mas'ul, odob-axloqda esa hammaga o'rnak bo'lishgan. Shuningdek, Qur'oni karim qiroati, uning tafsiri, pay­g'ambarlar tarixi, xalq og'zaki ijodini yaxshi bilishgan.

Ular yoshlarga nikohning ilohiy ahdligi, oilaning muqaddasligini uqtirishgan va hayotiy misollar bilan farzandlar ongiga singdirishgan. Ziyo tarqatuvchi, ma'rifatparvar imom-xatiblar qancha e'zozda bo'lsalar, otin­oyilar ham shuncha hurmat qilingan.

Hotin-qizlarni, bolalarni komillik sari etaklash vazifasi tarixdan ma'lumki, ayol ustozlar – otinlar zimmasida bo'lgan. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, falakiyot ilmi bilimdoni Mirzo Ulug'bek, dunyo tibbiyotiga ustoz bo'lgan Abu Ali ibn Sinoning ulug' olim bo'lishlariga ma'rifatli ayollar, mo''tabar onalar sababchi bo'lganlar. Navoiydek shoirlarni ham, Mirzo Boburdek hukmdorlarni ham ana shunday onalar tarbiya qilishgan. Ushbu ilm darg'alarining bolalik yillariga nazar solinsa, boshlang'ich ta'limni go'daklik chog'larida onalaridan olishgani ma'lum bo'ladi.

Albatta, bunday shaxslar kamoloti zamirida mo''tabar ayol mehnati yotadi. Masalan, Hakim at-Termiziy ko'p ayol muhaddislardan saboq olganlari manbalarda keltirilgan. Alloma Imom G'azzoliy hayotlari o'rganilsa, ma'rifatparvar onaning ulkan xizmatlari ko'zga tashlanadi.

Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallamga hammadan oldin ayollari Hadicha raziyallohu anho onamiz yordam ko'rsatganlari ma'lum. Hazrat Oysha bu ummat ayollarining olimasi va Qur'on hofizasi edilar. Abdulloh ibn Mas'ud eng etuk faqih bo'lsalar, Oysha raziyallohu anho eng etuk faqiha edilar. Zayd ibn Sobit hofiz bo'lsalar, Hafsa binti Umar hofiza bo'lganlar. Hasan Basriy yirik mashoyix bo'lsalar, Robiya Adaviya katta mashoyixlar maqomida edilar.

Qadimdan otinoyilar halolligi, taqvosi, mehnatkashligi, hayosi bilan el hurmatini qozonishgan. Chunki ularda shunday fazilatlar borki, ularni bosh­qa xalqlar ayollarida ko'rish mushkul. Shoiralar murabbiyi Jahonotin Uvaysiy, ma'rifatparvar shoira Nodirabegim va dono maslahatchi Bibixonim kabi oqila momolarimiz yaxshi tarbiya ko'rganlari bois, o'z davrlarining mash'allari, xayrli va ulug'vor ishlarning yo'lboshchilari bo'lishgan. Hozirgi otin­oyilar ham ana shulardan ibrat olishlari lozim!

 

Hurmatli otinoyilarimiz, aziz opa-singillarimiz!

Hozirgi zamon otinoyisi chuqur hayotiy tajribaga ega, dunyo­viy va diniy bilimlar sohibasi, el-yurt orasida obro'-e'tiborli, milliy-diniy qadriyatlarni asl holida aholiga etkaza oladigan ayol bo'lishi kerak. Shu nuqtai nazardan ayrim muhim vazifalarni taqdim etamiz.

Birinchi, otinoyi Islom dini mohiyatini to'liq tushuna bilishi, moturidiy aqidasi, hanafiy mazhabi haqida mukammal ma'lumotga ega bo'lishi va o'z faoliyatida bularni mahkam tutishi, Qur'oni karimni tajvid bilan o'qiy olishi juda ham zarur.

Ikkinchi, otinoyilar xalqimiz, ayniqsa, yoshlar o'rtasida tinchlik va barqarorlikning qadriga etishni, dunyoda kechayotgan o'zgarishlar, yuz berayotgan noxush voqealarning asl sabablarini to'g'ri tushunib, xalqimizga to'g'ri etkaza olishlari lozim.

Uchinchi, ayollar o'rtasidagi ma'naviy muhitga salbiy ta'sir ko'rsatayotgan, hanafiy mazhabi ta'limotiga zid bo'lgan holatlarga qarshi turish zarur. Hususan, xotin-qizlar orasida uchraydigan folbinga borish kabi bid'at-xurofotlarga barham berish yo'lida otinoyilar tinmay tashviqot ishlarini olib borishlari bugungi kunda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

To'rtinchi, aholi orasida ma'naviy-ma'rifiy targ'ibot ishlarini olib borishda masjidlardagi imom-xatiblarning alohida o'rni bor. Bugungi otinoyi­lar imom-xatiblarning xotin-qizlar masalalari bo'yicha yordamchilari sifatida ana shu imom-xatiblarimiz bilan har bir ishni maslahatlashgan holda hamjihatlikda  faoliyat olib borishlari kerak.

Beshinchi, mana shunday ishlarni to'g'ri ado etishda otinoyilarga Diniy idora Fatvo bo'limi tomonidan e'lon qilinadigan juma tezislari juda ham qo'l keladi. Har haftalik juma mav'izalarini avval o'zlari to'g'ri o'zlashtirib, keyin ayol-qizlarga etkazsalar, juda ham to'g'ri va maqsadga muvofiq ish bo'ladi.

Oltinchi, “Jaholatga qarshi ma'rifat” bilan kurashish ishlarining samaradorligini yanada oshirish maqsadida, otinoyilar  “Islom nuri” gazetasi, “Hidoyat” va “Mo'minalar” jurnallariga nafaqat o'zlari obuna bo'lishlari, balki boshqalarni ham obuna bo'lishlariga targ'ib etishlari juda ham zarurdir. Ushbu nashrlardagi Qur'oni karim tafsiri, Hadisi sharif sharhi, aqida, fiqhga oid masalalar bayoni va botil iddaolarga berilgan asosli raddiyalar ish faoliyatda va Islom ma'rifatini yaxshi bilib olib, to'g'ri tushuntirishda juda qo'l keladi.

Hozirgi kunda otinoyilar fao­liyatini to'g'ri yo'naltirish va ular bilan hamjihatlikda ishlash maqsadida Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida bosh imom-xatiblarining xotin-qizlar masalalari bo'yicha yordamchilari faoliyat ko'rsatmoqda. Ular otinoyilar bilan bevosita hamkorlikda ishlashmoqda.

Otinoyilar yuqorida aytilgan talablarga javob bera olsalar, turli bid'at va xurofotlardan xalqimiz va yoshlarimiz ongini muhofaza etsalar, dinimizning asl mohiyatini to'g'ri etkazib bera olsalar, mamlakatimiz rivojiga katta hissa qo'shgan bo'ladilar. Eng muhimi, xalq orasida hurmatli insonlarga aylanadilar.

Men ishonamanki, muhtarama otinoyilarimizning ish tajribalari, kuch-quvvatlari va salohiyatlari qo'yilgan vazifalarni ijro etishga etadi, insho Alloh.

Vassalamu alaykum va rahmatullohi va barakotuh!

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Yig‘ilishda ekspozitsiyani kontentlar, artefaktlar va mulyajlar bilan boyitish masalalari ko‘rib chiqildi

12.04.2025   697   1 min.
Yig‘ilishda ekspozitsiyani kontentlar, artefaktlar va mulyajlar bilan boyitish masalalari ko‘rib chiqildi

 

Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati

Yig‘ilishda ekspozitsiyani kontentlar, artefaktlar va mulyajlar bilan boyitish masalalari ko‘rib chiqildi Yig‘ilishda ekspozitsiyani kontentlar, artefaktlar va mulyajlar bilan boyitish masalalari ko‘rib chiqildi Yig‘ilishda ekspozitsiyani kontentlar, artefaktlar va mulyajlar bilan boyitish masalalari ko‘rib chiqildi Yig‘ilishda ekspozitsiyani kontentlar, artefaktlar va mulyajlar bilan boyitish masalalari ko‘rib chiqildi Yig‘ilishda ekspozitsiyani kontentlar, artefaktlar va mulyajlar bilan boyitish masalalari ko‘rib chiqildi
O'zbekiston yangiliklari