الحمد لله رب العالمين و الصلاة و السلام علي رسوله الكريم
و علي آله و أصحابه أجمعين و بعد...
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuhu!
Hurmatli va aziz opa-singillar!
Bugungi kunda oilada, jamiyatda va ijtimoiy hayotda ayollarning faolligi yanada oshib bormoqda. Ayniqsa, xotin-qizlar orasidagi ma'naviy-ma'rifiy ishlarda ularning o'rni katta bo'lmoqda. Jumladan diniy ma'rifat va axloqiy tarbiyani ayollarga etkazishda otinoyilarning ham munosib o'rni bor, albatta.
Davlatimiz Rahbari tashabbuslari bilan xotin-qizlarning imon-e'tiqodini mustahkamlash hamda diniy savodxonligini oshirish borasida keng ko'lamli ishlar qilinmoqda. Mana shunday ishlarning natijasida otinoyilarga ham alohida e'tibor qaratilmoqda. Ularning bilim va ko'nikmalarini muttasil oshirib borish, munosib shart-sharoitlar yaratish va huquqiy maqomlarini mustahkamlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Alloh taboraka va taoloning ulug' in'omi ayol – mo''tabar ona, suyukli opa-singil, vafodor umr yo'ldosh va sog'lom avlod tarbiyachisi bo'lgani bois, ayol-qizlarni e'zozlash va ehtirom qo'rsatish lozim bo'ladi.
Dini mubinimiz ayol-qizlarni yuksak qadrlaydi. Ularning sharafi, iffati va haq-huquqlarini mukammal ta'minlaydi. Qur'oni karimda:
مَنْ عَمِلَ صَالِحًا مِنْ ذَكَرٍ أَوْ أُنْثَى وَهُوَ مُؤْمِنٌ فَلَنُحْيِيَنَّهُ حَيَاةً طَيِّبَةً وَلَنَجْزِيَنَّهُمْ أَجْرَهُمْ بِأَحْسَنِ مَا كَانُوا يَعْمَلُونَ
“Erkakmi yo ayolmi – kimda-kim mo'min bo'lgan holida biror ezgu ish qilsa, bas, Biz unga yoqimli hayot baxsh eturmiz va ularni o'zlari qilib o'tgan go'zal (solih) amallari barobaridagi mukofot bilan taqdirlaymiz” (Nahl surasi 97 oyat).
Demak, ayollarning har bir amali uchun ularga ulug' ajru-mukofotlar, xushxabarlar va'da qilingan.
Dinimizda ayol-qizlar ona siymosida yuksak qadrlanadi. Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallam bir muborak hadislarida:
" اَلْجَنَّةُ تَحْتَ اَقْدَامِ الْاُمَّهَاتِ "
“Jannat –onalar oyog'i ostidadir”, – deb marhamat qilganlar.
Manbalarda qayd etilishicha, Imom Buxoriy hazratlarining onalari ham taqvodor, diyonatli va duosi mustajob ayol bo'lgan ekanlar. Onalari el orasida Alloh taologa iltijo etib, doimo duolar o'qib yuradigan pokiza ayol sifatida tanilgan edilar. Ma'lumki, Imom Buxoriy hazratlari yoshliklarida ko'zlari jarohatlanib, ko'rish qobiliyatlari ancha susaygan.
Kunlardan bir kuni Imom Buxoriy hazratlarining onalari tushida Ibrohim alayhissalom bu mushfiqa onaga qarab: “Ey volida! Sizning duolaringizning ko'pligidan Alloh taolo o'g'lingizga to'liq ko'rish qobiliyatini qaytardi”, – deb xitob qilganlar. Shundan keyin onalarining “Uyqumdan uyg'onsam, o'g'lim Muhammadning ko'z nuri to'liq qaytib tuzalib ketibdi” degan gaplari mashhur bo'lgan.
Buyuk faqih, muhaddis Alouddin Abu Bakr ibn Ahmad al-Kosoniy hazratlari qanday zot bo'lganlari ko'pchiligimizga ma'lum. U kishining ko'p narsada omadi chopgan. Misol uchun, uylanish masalasini olaylik. U kishining qaynotalari va ustozlari Alouddin Samarqandiyning Fotimai Samarqandiya ismli nihoyatda oqila va fozila qizlari bo'lgan. U qiz ilmda shu darajaga etganidan hatto podshohlar fatvo so'ragan, ko'p kishilardan sovchilar kelgan. Vaqt o'tib, Kosoniy bu kishiga shogird tushib, ilmda nihoyatda peshqadam bo'lib, hatto u kishining “Tuhfatul fuqaho” nomli kitoblariga “Badoi'us sanoi' fi tartib ash-sharoi'” nomli sharh bitganlaridan so'ng shu kitobni mahr o'laroq baholab, qizlarini u kishiga nikohlab bergan ekanlar.
Hurmatli otinoyilarimiz!
Quyida ayrim otinoyilar yo'l qo'yayotgan ba'zi xatoliklarni keltirib o'tsak:
Birinchi. Ba'zi otinoyilar o'zining etarli bilimi bo'lmagani holda diniy rasm-rusumlarga boshchilik qilish bilan birga bid'at-xurofot ishlarda tashabbuskorlik ham ko'rsatishyapti. Bu bilan faqat o'zlarini emas, balki ularga ergashuvchilarni ham zalolatga boshlashmoqda. Mana shundan otinoyilarimiz ehtiyot bo'lishlari kerak.
Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: "Kim hidoyatga chaqirsa, unga ergashuvchining savobidek ajr bo'ladi. Bu bilan amal qilgan kishining savobidan biror narsa kamaymaydi. Kimki zalolatga chaqirsa, ergashuvchi kishining gunohidek unga gunoh yoziladi. Bu bilan amal qilgan kishining gunohidan biror narsa kamaymaydi», – dedilar.
Ikkinchi. Ba'zi otinoyilar suhbatlarida faqat do'zax azobi, qabr hayoti va Qiyomat dahshati yoki jahannam vasfi haqida gapirib, qalbga vahima yoki hayrat soladilar. Aslida Yaratganning muhabbatiga ma'rifat va Haq taolo rozi bo'ladigan ezgu ishlar bilan erishiladi. Bu haqda tasavvuf olimasi Robiya Adaviya: "Jannat orzusi va do'zax azobidan qo'rquv najot vositasi bo'la olmaydi. Ma'rifat amaldan ustun, Allohni amallar bilan emas, ma'rifat bilan tanish muhimdir", – degan edi.
Uchinchi. Ayrim otinoyilar dinni oson qilib etkazish o'rniga amallarni mushkul qilib izohlash, qo'rqitish yo'lini tutadi. Aslida Islom – engillik dinidir! Janobi Payg'ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi va sallam ham ummatlarga doimo engillik, osonlik istaganlar. Bir hadisi shariflarida: "Osonlashtiring – qiyinlashtirmang, qiziqtiring – bezdirmang"(Imom Buxoriy rivoyatlari) deganlar. Zero, oyati karimada ham "Alloh hech bir jonga toqatidan tashqari narsani taklif etmaydi..." (Baqara surasi 286 oyat) deyilgan.
To'rtinchi. Folbinlik kabi ulkan gunoh ishlar bilan shug'ullanadiganlar orasida otinoyilikni da'vo qiladiganlari ham borligi kishini qattiq ranjitadi.
Beshinchi. Ko'p otinoyilar diyorimiz musulmonlari hanafiy mazhabiga rioya etishlarini inobatga olmay, o'zlari turli adabiyotlardan o'qigan yoki eshitgan fikrlarni gapirib, kishilar orasida ixtiloflarni keltirib chiqarishmoqda.
Muhtarama munis opa-singillarimiz!
Eng avval "otinoyi" so'zining istilohiy ma'nosini anglash lozim. Otinoyi – qizlar o'qituvchisi, din va shariat bilimdoni hamda ayollar o'rtasidagi diniy marosimlarga boshchilik qiladigan, xalq orasida katta obro'-e'tiborga sazovor bo'lgan kayvoni ayol. Shuningdek, "otin" so'zi ma'rifatparvar ayollarni hurmatlab, ismiga qo'shib aytilgan.
Ilgari ajdodlarimiz xotin-qizlar qalbiga ayol kishining suhbati chuqurroq singib borishini yaxshi anglaganlari uchun otinoyilar faoliyatidan unumli foydalanishgan. Mahalla yoki qishloqlardagi ta'lim-tarbiya ishlariga jalb etishgan. Ayniqsa diniy ma'rifatni yoyish, qizlarni turmushga tayyorlash va ularning ruhiyatini bekalikka moslashda otinoyilarning vazifasi katta bo'lgan. Otinoyilar faqat bilim tarqatuvchigina emas, balki yoshlar tarbiyasi uchun mas'ul, odob-axloqda esa hammaga o'rnak bo'lishgan. Shuningdek, Qur'oni karim qiroati, uning tafsiri, payg'ambarlar tarixi, xalq og'zaki ijodini yaxshi bilishgan.
Ular yoshlarga nikohning ilohiy ahdligi, oilaning muqaddasligini uqtirishgan va hayotiy misollar bilan farzandlar ongiga singdirishgan. Ziyo tarqatuvchi, ma'rifatparvar imom-xatiblar qancha e'zozda bo'lsalar, otinoyilar ham shuncha hurmat qilingan.
Hotin-qizlarni, bolalarni komillik sari etaklash vazifasi tarixdan ma'lumki, ayol ustozlar – otinlar zimmasida bo'lgan. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, falakiyot ilmi bilimdoni Mirzo Ulug'bek, dunyo tibbiyotiga ustoz bo'lgan Abu Ali ibn Sinoning ulug' olim bo'lishlariga ma'rifatli ayollar, mo''tabar onalar sababchi bo'lganlar. Navoiydek shoirlarni ham, Mirzo Boburdek hukmdorlarni ham ana shunday onalar tarbiya qilishgan. Ushbu ilm darg'alarining bolalik yillariga nazar solinsa, boshlang'ich ta'limni go'daklik chog'larida onalaridan olishgani ma'lum bo'ladi.
Albatta, bunday shaxslar kamoloti zamirida mo''tabar ayol mehnati yotadi. Masalan, Hakim at-Termiziy ko'p ayol muhaddislardan saboq olganlari manbalarda keltirilgan. Alloma Imom G'azzoliy hayotlari o'rganilsa, ma'rifatparvar onaning ulkan xizmatlari ko'zga tashlanadi.
Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallamga hammadan oldin ayollari Hadicha raziyallohu anho onamiz yordam ko'rsatganlari ma'lum. Hazrat Oysha bu ummat ayollarining olimasi va Qur'on hofizasi edilar. Abdulloh ibn Mas'ud eng etuk faqih bo'lsalar, Oysha raziyallohu anho eng etuk faqiha edilar. Zayd ibn Sobit hofiz bo'lsalar, Hafsa binti Umar hofiza bo'lganlar. Hasan Basriy yirik mashoyix bo'lsalar, Robiya Adaviya katta mashoyixlar maqomida edilar.
Qadimdan otinoyilar halolligi, taqvosi, mehnatkashligi, hayosi bilan el hurmatini qozonishgan. Chunki ularda shunday fazilatlar borki, ularni boshqa xalqlar ayollarida ko'rish mushkul. Shoiralar murabbiyi Jahonotin Uvaysiy, ma'rifatparvar shoira Nodirabegim va dono maslahatchi Bibixonim kabi oqila momolarimiz yaxshi tarbiya ko'rganlari bois, o'z davrlarining mash'allari, xayrli va ulug'vor ishlarning yo'lboshchilari bo'lishgan. Hozirgi otinoyilar ham ana shulardan ibrat olishlari lozim!
Hurmatli otinoyilarimiz, aziz opa-singillarimiz!
Hozirgi zamon otinoyisi chuqur hayotiy tajribaga ega, dunyoviy va diniy bilimlar sohibasi, el-yurt orasida obro'-e'tiborli, milliy-diniy qadriyatlarni asl holida aholiga etkaza oladigan ayol bo'lishi kerak. Shu nuqtai nazardan ayrim muhim vazifalarni taqdim etamiz.
Birinchi, otinoyi Islom dini mohiyatini to'liq tushuna bilishi, moturidiy aqidasi, hanafiy mazhabi haqida mukammal ma'lumotga ega bo'lishi va o'z faoliyatida bularni mahkam tutishi, Qur'oni karimni tajvid bilan o'qiy olishi juda ham zarur.
Ikkinchi, otinoyilar xalqimiz, ayniqsa, yoshlar o'rtasida tinchlik va barqarorlikning qadriga etishni, dunyoda kechayotgan o'zgarishlar, yuz berayotgan noxush voqealarning asl sabablarini to'g'ri tushunib, xalqimizga to'g'ri etkaza olishlari lozim.
Uchinchi, ayollar o'rtasidagi ma'naviy muhitga salbiy ta'sir ko'rsatayotgan, hanafiy mazhabi ta'limotiga zid bo'lgan holatlarga qarshi turish zarur. Hususan, xotin-qizlar orasida uchraydigan folbinga borish kabi bid'at-xurofotlarga barham berish yo'lida otinoyilar tinmay tashviqot ishlarini olib borishlari bugungi kunda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
To'rtinchi, aholi orasida ma'naviy-ma'rifiy targ'ibot ishlarini olib borishda masjidlardagi imom-xatiblarning alohida o'rni bor. Bugungi otinoyilar imom-xatiblarning xotin-qizlar masalalari bo'yicha yordamchilari sifatida ana shu imom-xatiblarimiz bilan har bir ishni maslahatlashgan holda hamjihatlikda faoliyat olib borishlari kerak.
Beshinchi, mana shunday ishlarni to'g'ri ado etishda otinoyilarga Diniy idora Fatvo bo'limi tomonidan e'lon qilinadigan juma tezislari juda ham qo'l keladi. Har haftalik juma mav'izalarini avval o'zlari to'g'ri o'zlashtirib, keyin ayol-qizlarga etkazsalar, juda ham to'g'ri va maqsadga muvofiq ish bo'ladi.
Oltinchi, “Jaholatga qarshi ma'rifat” bilan kurashish ishlarining samaradorligini yanada oshirish maqsadida, otinoyilar “Islom nuri” gazetasi, “Hidoyat” va “Mo'minalar” jurnallariga nafaqat o'zlari obuna bo'lishlari, balki boshqalarni ham obuna bo'lishlariga targ'ib etishlari juda ham zarurdir. Ushbu nashrlardagi Qur'oni karim tafsiri, Hadisi sharif sharhi, aqida, fiqhga oid masalalar bayoni va botil iddaolarga berilgan asosli raddiyalar ish faoliyatda va Islom ma'rifatini yaxshi bilib olib, to'g'ri tushuntirishda juda qo'l keladi.
Hozirgi kunda otinoyilar faoliyatini to'g'ri yo'naltirish va ular bilan hamjihatlikda ishlash maqsadida Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida bosh imom-xatiblarining xotin-qizlar masalalari bo'yicha yordamchilari faoliyat ko'rsatmoqda. Ular otinoyilar bilan bevosita hamkorlikda ishlashmoqda.
Otinoyilar yuqorida aytilgan talablarga javob bera olsalar, turli bid'at va xurofotlardan xalqimiz va yoshlarimiz ongini muhofaza etsalar, dinimizning asl mohiyatini to'g'ri etkazib bera olsalar, mamlakatimiz rivojiga katta hissa qo'shgan bo'ladilar. Eng muhimi, xalq orasida hurmatli insonlarga aylanadilar.
Men ishonamanki, muhtarama otinoyilarimizning ish tajribalari, kuch-quvvatlari va salohiyatlari qo'yilgan vazifalarni ijro etishga etadi, insho Alloh.
Vassalamu alaykum va rahmatullohi va barakotuh!
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Biror kishi bilan tortishib qolib, u bilan aloqani uzib yubormoqchi bo‘lsangiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “U ikkisining eng yaxshisi “Salom” bilan gaplashishni boshlab yuborganidir”[1] degan so‘zlarini yodga oling.
Husayn roziyallohu anhu bilan u kishining ota bir ukasi Muhammad ibnul Hanafiyning orasidagi munosabatlarga dars ketadi. Bo‘lib o‘tgan ishga ikki kun o‘tmay Ibnul Hanafiy Husayn roziyallohu anhuga maktub yuboradi. Maktubda shunday deb yozilgan edi: “Bizning otamiz bir. Bu borada birortamiz boshqamizga faxrlanmaymiz. Ammo sizning onangiz Fotima roziyallohu anhodir, sizning onangiz qayoqda-yu, mening onam qayoqda. Sizni Rasulullohning o‘zlari katta qilgan va tarbiyalaganlar, men esa bundayin buyuk martabadan ancha pastdaman. Ushbu maktubim sizga yetib borishi bilan darhol men tomonga shoshiling va orani isloh qiling. Chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “U ikkisining eng yaxshisi “Salom” bilan gaplashishni boshlab yuborganidir”, deganlar. Siz mendan yaxshiroqsiz. Aytadigan gapim shu”.
Birodarini ustun qo‘yishning ulkan ko‘rinishiga e’tibor bering. Ibnul Hanafiyning Husayn roziyallohu anhudan avval bu savobga erishishi mumkin edi. Lekin u kishi birodari Husayn roziyallohu anhuni o‘zidan ustun ko‘rdi. Husayn roziyallohu anhuning u kishidan ko‘ra yaxshiroq ekanini eslatdi, bu ishi esa u zotning o‘rtani isloh qilishga bo‘lgan g‘ayrati va himmatini qo‘zg‘ash uchun edi. Chunki yaxshilar doim yaxshilik sari intiladilar.
Va’da qilingan ajr jannat bo‘lsa, boshqalarni o‘zidan ustun qo‘yish odamlar orasida juda kam uchraydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari dushmanga qarshi jang bobida musobaqalashar edi, hatto ota-bolalar o‘rtasida ham shu kabi holat kuzatilardi. Masalan, ota-bolaning har ikkisi birvarakayiga jangga borish imkoni bo‘lmasa qur’a tashlashardi, qur’a bolaga chiqsa, otasi unga: “Men chiqay, bolam, sen qolaver, axir otangman-ku. Meni o‘zingdan ustun qo‘y”, der edi, bunga javob berar ekan o‘g‘ilning ko‘zlari yoshga to‘lib: “Otajon, uning mukofoti jannat-da... Agarda jannatdan boshqa narsa bo‘lganida ham, Xudo haqqi, sizni o‘tkazib yuborardim”, derdi.
Shubhasiz, siz ham barcha musulmonlarning jannatga kirishlarini orzu qilasiz. Biroq jannat musobaqasi kuchayib ketganida, u faqatgina eng g‘ayratli va unga eng ishtiyoqmandlargagina nasib etadi. Odamlarga yaxshilikni ilining, faqat o‘zingizni o‘ylayvermang!
Shoir Abul A’lo Ma’arriy bunday satrlarni yozgan ekan:
Abadiy qolmoq imkoni bo‘lsa gar so‘qqabosh holim,
Boqiy qolish istagin suymadim yolg‘iz o‘zim.
Menga ham, yerimga ham yog‘masin yomg‘ir,
Modomiki qamrab olmas ekan butun qavmim.
Xudbinlik (egoizm) sizning ustingizdan hukmronlik qilishiga hech ham imkon bermang! Doimo Alloh taolodan barcha musulmonlarga yaxshilik va xayr-baraka so‘rab duo qiling va shu jumlalarni ham ayting: “Ey Yaratgan Zot! Mening duolarim orasiga barcha musulmonlarni ham qo‘shib qo‘y”.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Buxoriy rivoyati.