Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Iyul, 2025   |   15 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:17
Quyosh
04:59
Peshin
12:33
Asr
17:41
Shom
20:02
Xufton
21:36
Bismillah
10 Iyul, 2025, 15 Muharram, 1447

Sog'lom ota-ona – sog'lom bola demakdir

15.12.2020   1704   3 min.
Sog'lom ota-ona – sog'lom bola demakdir

Taraqqiyotning yangi bosqichida ham “sog'lom ona va  sog'lom bola”, “sog'lom onadan sog'lom bola” kabi ezgu g'oya asosida juda ko'plab dasturlar amalga oshirilmoqda. Bu bejiz emas albatta. Chunki farzand – Alloh taoloning insoniyatga ato etgan behisob ne'matlari ichida eng qadribaland va azizi ekanini, shu bilan birga, cheksiz umidlar ila bir yostiqqa bosh qo'ygan ikki insonga “ota va ona” degan sharafli nomni yuklanishiga asos ekanini ham hech kim inkor etolmaydi. Farzandning qanchalar buyuk ne'mat ekani, uni Yaratguvchi Allohdan o'zga hech kim bera olmasligini teranroq anglash uchun “o'zgalarga ibrat” bo'lgan befarzandlarning hayotiga nigoh tashlash lozim bo'ladi. Shunda uning qanchalar cheksiz va buyuk ne'mat ekanini anglab etish imkoni yanada ziyoda bo'ladi.

Islom ta'limotiga muvofiq, kelajakda ota yoki ona bo'lmishlarning bo'lajak farzandlari oldidagi eng birinchi burchi unga munosib ona yoki ota tanlash majburiyatidir. Chunki hadislardan birida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Urug'laringizga ixtiyorni yaxshi qiling. Nikohingizga tengni toping va ularga nikohlaning» dedilar. Mazkur hadisdan xar bir turmush quradigan o'g'il-qiz, kelajakda dunyoga keladigan dilbandiga dunyo va din masalasida munosib bo'lgan ona va ota tanlashi ulug' bir vazifa ekani anglashiladi. Shu bilan birga turmush qurishda musulmon inson nafaqat shaxsiy manfaatini balki, zurriyodining ham manfaatini o'ylamog'i lozim ekani ayon bo'ladi. Sababi farzandning barcha shaxsiy sifat va xususiyatlari nasl ya'ni irsiyat orqali o'z ota-onasidan o'tishi barchaga kundek ravshandir. Aynan mana shu sababdan bolaning ota va onasini tanlanayotganda ularning avvalo ma'naviy va jismoniy jihatdan sog'lom va barkamol ekaniga e'tibor qaratish lozim bo'ladi. Oqibatda esa mazkur farzand butun hayoti davomida o'zini dunyoga keltirganlardan ko'ngli surur va faxrga to'lib hayot kechiradi.

Shuni ham ta'kidlab o'tish lozimki, nikohdan oldin tibbiy ko'rikdan o'tish ham shariat izn bergan narsalardandir. Zero, bu jarayonni kuyov va kelin o'zlarining sababidan kelajakda dunyoga keladigan farzandlarining aqlan va jismonan salomatligi xaqida kuyinishi va qayg'urishi deyilsa ham aslo mubolag'a bo'lmaydi.

Mazkur jihatlardan kelib chiqib xulosa qiladigan bo'lsak, dunyoga keladigan bolaning ham ruhiy-ma'naviy, ham jismoniy salomat bo'lishining tashvishini buyuk ne'mat – farzand dunyoga kelmasdan avval emas, balki homila vujudga kelmasdan avval boshlamog'imiz, buning uchun esa eng avvalo: «kimga qiz uzatyapmiz?» va «kimni kelin qilyapmiz?» kabi savollar asosida chuqurroq mulohaza qilmog'imiz lozim bo'ladi.

 

O'MI mutaxassisi Akmalxon AHMYeDOV

Maqolalar
Boshqa maqolalar

O‘tgan solihlar tafakkur qilganda

09.07.2025   2246   4 min.
O‘tgan solihlar tafakkur qilganda

Bu mavzuda salaflarimizdan kelgan bir qancha ta’sirli rivoyatlar bor. Quyida ularning ayrimlarini keltiraman:

1. Shaqiq Balxiy rahimahulloh aytadi:
"Men xushu’ni Isroil ibn Yunusdan o‘rgandim. Biz uning atrofida edik, u o‘ng tomonida kim bor, chap tomonida kim borligini bilmasdi — oxirat haqida tafakkur qilardi".

2. Yusuf ibn Asbat rahimahulloh aytadi:
"Sufyon ibn Uyayna rahimahulloh menga xufton namozidan so‘ng: "Tahorat idishini (obdasta) bergin", dedi. Unga berdim. U o‘ng qo‘li bilan olib, chap qo‘lini o‘ng qo‘lining ustiga qo‘ydi va tafakkurga cho‘mdi. Men uxlab qoldim, so‘ng saharda turdim — qarasam, idish hali ham qo‘lida. "Tong otdi", dedim. U esa bunday dedi: "Sen idishni bergan paytingdan buyon shu holda oxirat haqida tafakkur qildim".

3. Abdulloh ibn Muborak rahimahullohdan rivoyat:
U Suhayl ibn Adiyni sukunatda, tafakkurda ko‘rib:
"Qaysi nuqtaga yetding?" deb so‘radi.
U: "Sirot ko‘prigidaman", deb javob berdi.

4. Muhammad ibn Vase’ rahimahullohdan rivoyat:
Basralik bir kishi Abu Zarr vafotidan keyin uning xotini Ummu Zarrga borib, uning ibodatini so‘radi. U bunday dedi: "Abu Zarr kun bo‘yi uyning bir chetida  tafakkur qilib o‘tirardi".

5. Ummu Dardo (Abu Dardoning xotini) aytadi:
"Abu Dardo roziyallohu anhuning eng afzal ibodati — tafakkur va ibrat olish edi".

6. Sirriy Saqatiy rahimahulloh aytadi:
"Har kuni burnimga qarayman — yuzim qorayganmi, deb. Tanish joyda o‘lishni yoqtirmayman — yer meni qabul qilmay qo‘ysa, sharmanda bo‘lishdan qo‘rqaman".

7. Abu Shurayh rahimahulloh haqida:
Bir kuni u yurib ketayotgan edi, to‘xtab, ko‘ylagini boshiga tashlab, yig‘lashga tushdi.
Uni ko‘rib: "Nima uchun yig‘layapsan?" deb so‘rashdi.
U bunday javob berdi: "O‘tgan umrimni, kam amalimni, yaqinlashgan ajalimni tafakkur qildim".

8. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu bir kuni yig‘ladi. Sababini so‘rashdi. U bunday dedi: "Dunyo va uning shahvatlari haqida o‘yladim. Ular tugamay turib, achchiq alam bilan almashadi. Agar buning o‘zida ibrat bo‘lmasa ham, aqlli kishi uchun unda pand nasihat bor. Endi o‘z holingizga qarang, ahli oilangiz, yaxshi ko‘rgan kishilaringiz bilan bugun jam bo‘lib turibsiz, ertagachi? Ertaga esa, albatta ulardan ajralish bor".

9. Dovud Toiy rahimahullohning holati:
U to‘lin oy kechasi uyning tomiga chiqdi. Osmonga qarab Osmon va yerning yaratilishi haqida tafakkurga cho‘mdi va yig‘lay boshladi. Shunchalik qattiq ta’sirlandiki, tomdan qo‘shnisining hovlisiga yiqilib tushganini sezmay qoldi. Qo‘shni uni o‘g‘ri deb o‘ylab, qilichiga yopishdi. Ammo kelib qarasa — Dovud ekan. "Qanday qilib tomdan tushib ketding?" - deb so‘radi. Dovud: "Qanday yiqilganimni sezganim yo‘q", deb javob berdi.

10. Sufyon Savriy rahimahulloh haqida:
U do‘stlari bilan o‘tirgan edi, chiroq o‘chib qoldi. Hamma yoqni zulmat qopladi. Keyin chiroqni yoqishdi. Qarasalar, Sufyonning ko‘zlaridan oqayotgan yoshi yuzi yuvyapti. Undan: "Senga nima bo‘ldi, nega yig‘layapsan?" deb so‘rashdi.
U: "Shu onda qabr zulmatini esladim…", deb javob berdi.

Xulosa:
Salafi solihlar har bir holatda tafakkur qilganlar — taom yeganda, yurganda, yotganda, hatto suv idishini ushlab turgan paytda ham oxiratni eslab yig‘lardilar. Ular uchun tafakkur — ibodatning qalbi edi.


Homidjon qori ISHMATBЕKOV