Shu yil 10 dekabr' kuni mamlakatimizdagi markaziy ommaviy axborot vositalari uchun “Hazrati Imom” majmuasiga press-tur uyushtirildi. Ushbu uchrashuv Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Din ishlari bo'yicha qo'mita va O'zbekiston musulmonlari idorasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
OAV xodimlari dastlab “Hazrati Imom” jome masjidining qurilish tarixi va hozirgi holati bilan yaqindan tanishdilar. So'ng Abu Bakr Qaffol Shoshiy maqbarasi ziyorat qilishdi. Bu erda Qur'oni karim tilovat qilinib, xayrli duolar qilindi. Keyin Imom Buxoriy nomli Toshkent islom instituti o'quv va ta'lim jarayonlari haqida ma'lumot berildi.
Press-tur ishtirokchilari “Hazrati Imom” majmuasidagi Baroqxon madrasasi va u erdagi hunarmandchilik ko'rgazmasini tomosha qilishdi. Shundan so'ng mehmonlar Mo'yi muborak madrasasida bo'lib, u erdagi Hazrati Usmon Mushafi va qadimiy qo'lyozma manbalarni ziyorat qilishdi.
Tadbir so'ngida O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o'rinbosari Homidjon Ishmatbekov so'nggi yillarda yurtimizda diniy-ma'rifiy sohada qilinayotgan ishlar, obod etilayotgan muborak qadamjolar, xususan, “Hazrati Imom” majmuasi to'g'risida so'zlab berdi.
Ushbu press-turda yurtimizdagi 30 ga yaqin ommaviy axborot vositalari, jumladan, “O'zbekiston 24”, “Sevimli”, “O'zReport TV”, “Madaniyat va ma'rifat”, “Zo'r TV”, “Mening yurtim” telekanallari; “Mahalla”, “Oriyat Dono” radiokanallari; O'zbekiston Milliy axborot agentligi; “Oila davrasida”, “Darakchi”, “Halq so'zi”, “Yangi O'zbekiston” gazetalari hamda Internet saytlari vakillari ishtirok etdi.
Tashrif so'ngida mehmonlarga O'zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan nashr etilgan “Hazrati Imom”, “Vijdon erkinligining huquqiy asoslari” nomli kitoblar, “Hidoyat” jurnali va “Islom nuri” gazetasi sonlaridan sovg'a qilindi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Ayoli vafot etganidan keyin eri juda mayus bo‘lib qoldi. Bir kuni uning yaqin do‘sti uni koyidi:
– Haliyam uylanmadingmi?
– Yo‘q, – dedi u.
– Nega, nahotki boshqa ayollar ichida senga yoqadigani bo‘lmasa?
– Rahmatli ayolimga o‘xshagani topilmasa kerak...
– Qo‘ysang-chi, ayollarning bari bir-biriga o‘xshaydi-ku!..
– Men zohirini aytmayapman. Ichki olamini, botinini aytyapman.
Yigit hayron bo‘lib qarab turgan do‘stiga hayotida bo‘lgan birgina voqeani gapirib berdi:
“Bir kuni ayolim jahlimni chiqardi. Qattiq urishdim va uni ota uyiga haydadim. Jimgina ketdi. Oradan bir necha kun o‘tgach, qilgan ishimdan pushaymon bo‘ldim. Aslida ayb o‘zimdan o‘tganini angladim. Ming andisha bilan qaynotamnikiga bordim. Eshik oldida biroz turib qoldim. So‘ng eshikni taqillatdim. Ayolim ochdi va meni hayratda qoldirib, xuddi oramizda hech gap o‘tmaganday, baland ovozda:
– Assalomu alaykum dadajonisi, safaringiz yaxshi o‘tdimi? – deya tabassum bilan ko‘zini qisib qo‘ydi. Unga bir nimalar demoqchi bo‘lgan edim, u meni qattiq bag‘riga bosib, bunday dedi:
– Gapirmang, ota-onamga sizni “safarga ketdilar”, dedim...
Ana shunday fahmli, oqila edi ayolim. Shuning uchun ham unga hech birini o‘xshatolmay, uylanolmay yuribman, do‘stim”.
Ha, azizlar! Alloh taolo erkakni ayol uchun, ayolni erkak uchun ne’mat qilib bergan. To‘g‘ri, ba’zilar bir-birlarining kamchiliklaridan shikoyat qilib qolishadi. Ammo hech kim benuqson emas. Mukammal ayolni ham, erkakni ham axtarmang bu dunyoda. Hikoyada kelganidek, ba’zida er uchun bir jufti halol butun dunyodagi ayollardan afzal bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, ahli ayolimizni qadrlaylik. Zero, u ham kimningdir farzandi, bolalarimizning onasi. Eng muhimi, Allohning bizga bergan omonatidir.
Akbarshoh RASULOV