Musulmon odobi
“Halim” sifati “hilm” so'zidan olingan bo'lib, lug'atda “shoshmasdan oqilona ish tutish» va “yomonlik qilganga yomonlik qaytarmaslik” ma'nolarini bildiradi. Hushmuomalalik, har bir ishni eng go'zal va oson yo'l bilan qilish ham halimlikka kiradi. Ya'ni, qo'pollik ham, o'ta zaif holga ham tushib qolmaydi.
Halimlik – jazolash uchun g'azabni qo'zg'atuvchi sabab paydo bo'lganda vazminlik, salobat va viqor bilan turishdir. Halim odam darhol o'ch va intiqom olishga shoshilmaydi. U vazmin va bosiqlik bilan tili va a'zolarini ozorga yarasha javob berishdan tiyadi.
Oysha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Albatta, Alloh taolo muloyimlikni yaxshi ko'radigan Halim zotdir. Umuloyimlik (sohibiga)ka qo'pollik va undan boshqa narsa (xislat)larga berilmaydigan narsa (ajr-mukofot)ni beradi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Sharh: Kechirimli, kamtarin bo'lish, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat ko'rsatish, mo'minning obro'sini saqlash, hatto jonivorlarga ham rahm-shafqatli bo'lish maqtalgan xislatlardan.
Imom Navaviy rahimahulloh: “Halimlikka beradi”, deyilganidan murod boshqa amallarga berilmaydigan savob halimlik uchun beriladi”, deydi. “Buning ma'nosi halimlik tufayli maqsadlarga erishiladi va amalga oshmaydigan istaklar ro'yobga chiqadi”, deya izohlaydi Qozi Iyoz rahmatullohi alayh. Ibn Hajar Asqaloniy rahmatullohi alayh “Fathul Boriy” asarida: “Halimlik yordamida uning ziddi orqali qo'lga kiritilmagan ishlarga erishiladi”, deydi.
Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Albatta, banda halimlik tufayli ro'zadorning va kechalari ibodat bilan qoim bo'luvchining darajasini topadi” (Abu shayx ibn Hibbon).
Oysha roziyallohu anho onamizdan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday dedilar: “Ey Oysha, muloyim bo'l. Shubhasiz, muloyimlik ne narsada bo'lsa, uni ziynatlagan va u ne narsadan olib tashlangan bo'lsa, uni aybli qilgan”(Imom Abu Dovud va Imom Muslim rivoyati).
Ba'zida qo'rs, dimog'dor kimsalar muomalasidan ko'nglimiz ranjiydi. Ammo qo'lidan kelsa, yaxshilik qiladigan, qurbi etmasa boshqalarga zarari tegmaydigan sodda, kamtarin insonlar ham atrofimizda ko'plab uchraydi. Ularni mensimaslik, soddaligidan foydalanish katta gunohdir.
Halimlik kishini nafsiga erk berish va g'azabini sochishdan to'sadi, inson shaxsiyati kuchini, noqisliklardan yuqori turishni ko'rsatadi. Zero, muloyimlik, kamtarinlik fazilat, qo'pol, manmanlik aybdir.
Demak, yaxshi ishlarga shoshilgan kabi go'zal xulqli, chiroyli muomalali, kamtar va halim inson bo'lishga ham intilishimiz lozim.
Manbalar asosida
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi Abduvohid O'rozov tayyorladi
#Maqola #Ixtilof #G‘uluv
Islomda "g‘uluv" din ilmini anglashda haddan oshishdir. Alloh taolo bunday ogohlantiradi: "Ayting: "Ey ahli kitoblar! Diningizda haddan oshmangiz va oldindan adashgan va ko‘plarni adashtirgan hamda to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘iganlarning havoyi nafslariga ergashmangiz!" (Moida surasi, 77-oyat).
Rasululloh alayhissalom "Alloh taolo shariatda ziyoda chuqur ketuvchilar halok bo‘ldilar", deb uch marta aytishlarida, dinda haddan tashqari ziyodalik qilish insonni halok qilish bilan teng ekanligidan ogohlantirmoqdalar.
Dinda g‘uluvga ketish musulmon jamiyatlarida ixtilof va guruhbozlikka, fitnaga va oxir-oqibat aqidaning buzilishiga olib keladi. Islom tarixida xavorij, mo‘tazila va boshqa oqim va toifalarning vujudga kelishi ham, asosan, dinda g‘uluvga ketish natijasida sodir bo‘lgan.
Ayni vaqtda, g‘uluvga berilganlar dinni o‘ta og‘ir va mashaqqatli tushuntirganlari bois odamlar to‘g‘ri yo‘ldan adashib, undan bezib qoladilar. Dinda g‘uluvga ketish haqida so‘z yuritilganda aqidaparast oqimlarning aqidaviy masalalarda g‘uluvga ketganlari va ularning xatolari hamda bu e’tiqodlari sof islomiy ta’limotlarga naqadar zid ekanini eslamasdan iloji yo‘q.
G‘uluvga ketish, sarkashlik, itoatsizlik, manmansirash kabi illatlardan xoli bo‘lgan o‘tmish ajdodlarimiz dinimizni asrab-avaylab, bizgacha yetkazdilar. Shunday ekan, dinning musaffoligini asrash va uni kelajak avlodga asl xolicha yetkazish bizning vazifamizdir.
Abdug‘offor Hakimov, Mingbuloq tumani "Qo‘sh qishloq" jome masjidi imom-xatibi