Sayt test holatida ishlamoqda!
25 May, 2025   |   27 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:17
Quyosh
04:56
Peshin
12:25
Asr
17:30
Shom
19:47
Xufton
21:20
Bismillah
25 May, 2025, 27 Zulqa`da, 1446

Halimlik fazilat, qo'pollik ayb

11.12.2020   2822   4 min.
Halimlik fazilat, qo'pollik ayb

Musulmon odobi 

“Halim” sifati “hilm” so'zidan olingan bo'lib, lug'atda “shoshmasdan oqilona ish tutish» va “yomonlik qilganga yomonlik qaytarmaslik” ma'nolarini bildiradi. Hushmuomalalik, har bir ishni eng go'zal va oson yo'l bilan qilish ham halimlikka kiradi. Ya'ni, qo'pollik ham, o'ta zaif holga ham tushib qolmaydi.

Halimlik – jazolash uchun g'azabni qo'zg'atuvchi sabab paydo bo'lganda vazminlik, salobat va viqor bilan turishdir. Halim odam darhol o'ch va intiqom olishga shoshilmaydi. U vazmin va bosiqlik bilan tili va a'zolarini ozorga yarasha javob berishdan tiyadi.

Oysha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Albatta, Alloh taolo muloyimlikni yaxshi ko'radigan Halim zotdir. Umuloyimlik (sohibiga)ka qo'pollik va undan boshqa narsa (xislat)larga berilmaydigan narsa (ajr-mukofot)ni beradi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Sharh: Kechirimli, kamtarin bo'lish, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat ko'rsatish, mo'minning obro'sini saqlash, hatto jonivorlarga ham rahm-shafqatli bo'lish maqtalgan xislatlardan.

Imom Navaviy rahimahulloh: “Halimlikka beradi”, deyilganidan murod boshqa amallarga berilmaydigan savob halimlik uchun beriladi”, deydi. “Buning ma'nosi halimlik tufayli maqsadlarga erishiladi va amalga oshmaydigan istaklar ro'yobga chiqadi”, deya izohlaydi Qozi Iyoz rahmatullohi alayh. Ibn Hajar Asqaloniy  rahmatullohi alayh “Fathul Boriy” asarida: “Halimlik yordamida uning ziddi orqali qo'lga kiritilmagan ishlarga erishiladi”, deydi.

Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Albatta, banda halimlik tufayli ro'zadorning va kechalari ibodat bilan qoim bo'luvchining darajasini topadi” (Abu shayx ibn Hibbon).

Oysha roziyallohu anho onamizdan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday dedilar: Ey Oysha, muloyim bo'l. Shubhasiz, muloyimlik ne narsada bo'lsa, uni ziynatlagan va u ne narsadan olib tashlangan bo'lsa, uni aybli qilgan”(Imom Abu Dovud va Imom Muslim rivoyati).

Ba'zida qo'rs, dimog'dor kimsalar muomalasidan ko'nglimiz ranjiydi. Ammo qo'lidan kelsa, yaxshilik qiladigan, qurbi etmasa boshqalarga zarari tegmaydigan sodda, kamtarin insonlar ham atrofimizda ko'plab uchraydi. Ularni mensimaslik, soddaligidan foydalanish katta gunohdir.  

Halimlik kishini nafsiga erk berish va g'azabini sochishdan to'sadi, inson shaxsiyati kuchini, noqisliklardan yuqori turishni ko'rsatadi. Zero, muloyimlik, kamtarinlik fazilat, qo'pol, manmanlik aybdir.

Demak, yaxshi ishlarga shoshilgan kabi go'zal xulqli, chiroyli muomalali, kamtar va halim inson bo'lishga ham intilishimiz lozim. 

Manbalar asosida

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi

ilmiy xodimi Abduvohid O'rozov tayyorladi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Mening onam ekanliklarini Robbim biladi... (hayotiy voqea)

23.05.2025   3780   3 min.
Mening onam ekanliklarini Robbim biladi... (hayotiy voqea)

Saudiyalik bir shifokor ayol hikoya qiladi: "Muhammad ismli yoshi taxminan o‘ttizlarda bo‘lgan bir yigit qabulimga keldi. Uning yonida onasi bor edi — u undan qochmoqchi bo‘lar, u esa uni bag‘riga bosardi. 
Onasi ro‘molini uloqtirardi, u esa qaytadan joyiga to‘g‘irlab qo‘yardi. Uning qo‘llarini tishlar, tirnardi, yuziga tuflardi — u esa jilmayardi.

Onasi shifoxonaga kirdi-yu, ro‘molini uloqtirib, aqli yo‘q majnun odam kabi kulib, shifokorning stoli atrofida yugurib aylana boshladi.

Shunda men so‘radim:
— Bu kim?
— Onam, — dedi u.
— Unga nima bo‘lgan?
— Ular shu hollarida, aqlsiz tug‘ilganlar, — dedi u.
— Unday bo‘lsa, siz qanday tug‘ilgansiz?
— Bobom ularni otamga olib bergan ekanlar, shoyad farzandli bo‘lar deb. Otam bir yildan so‘ng uni taloq qilgan ekanlar. Onam menga homilador bo‘lgan ekanlar. So‘ng men tug‘ilganman.

— Qachondan beri ularga qaraysiz, parvarish qilasiz?
— O‘n yoshimdan beri. Ularga ovqat tayyorlayman, qarayman. Uxlamoqchi bo‘lsam, chiqib ketib qolsalar qidirib yurmayin deb oyog‘imni oyoqlariga bog‘lab uxlayman...
— Nega bugun bu yerga olib keldingiz?
— Ularning qon bosimlari yuqori, qandli diabet kasallari bor.

Onasi kulib:
— Kartoshka ber, — dedi.
U berdi. Onasi yuziga tufladi. U kulib, yuzini tozaladi.
Shunda men so‘radim:
— U sizga ona ekanini biladilarmi, sizni taniydilarmi?
— Yo‘q, vallohi, men o‘g‘lilari ekanimni bilmaydilar. Lekin Yaratgan Robbim biladiki, u zot mening onamdirlar.

Onasi qarab turib:
— Ey o‘g‘lim, sen yolg‘onchisan! Nega meni Makkaga olib bormayapsan? — dedi.
U esa:
— Payshanba kuni olib boraman deb aytmadimmi, onajon? Payshanba kuni boramiz — dedi.
Men so‘radim:
— Uning zimmasidan (aqli joyida emasligi sabab) soqit bo‘lsa, Makkaga olib borish kerakmi?
U javob berdi:
— Opa, onam bilan Robbimning huzuriga hisobda turganimizda: “Muhammad, nega meni Makkaga olib bormagan eding?” — deyishini xohlamayman.
 Men Robbimga qarata: “Robbim, men onamni yelkamda opichlab ko‘tardim, tavof qildirdim, zamzam ichirdim, Ka’baga qaratib qo‘ydim”, deyishni xohlayman. 
   Yana: “Allohim! Garchi ularning aqllari bo‘lmagan bo‘lsada, mening onam ekanlarini albatta Sen bilguvchisan!”, deyishni istayman”, dedi. 

Men jim bo‘lib qoldim, ko‘zim yoshga to‘ldi. So‘ngra unga:
— Onangga ko‘rsatgan bu ehtiroming uchun Alloh senga ajru mukofotlar ato etsin! Bugungiday ota-onaga yaxshilik qilishni ko‘rmaganman.
U esa javob berdi:
— Men bu ishimni (kuni kelib) farzandlarim ham menga shunday muomala qilishlari umidila qilapman. Chunki birrul volidayn (albatta qaytadigan) qarzdir".