وَيَسَۡٔلُونَكَ عَنِ ٱلۡمَحِيضِۖ قُلۡ هُوَ أَذٗى فَٱعۡتَزِلُواْ ٱلنِّسَآءَ فِي ٱلۡمَحِيضِ وَلَا تَقۡرَبُوهُنَّ حَتَّىٰ يَطۡهُرۡنَۖ فَإِذَا تَطَهَّرۡنَ فَأۡتُوهُنَّ مِنۡ حَيۡثُ أَمَرَكُمُ ٱللَّهُۚ إِنَّ ٱللَّهَ يُحِبُّ ٱلتَّوَّٰبِينَ وَيُحِبُّ ٱلۡمُتَطَهِّرِينَ٢٢٢
222. Hayz haqida so'rashsa, "U noxush narsadir", deng. Hayz paytida xotinlaringdan chetlaninglar, poklanmagunlaricha ularga yaqinlashmanglar. Poklanishsa, Alloh buyurgan tarafdan ularga kelinglar. Alloh haqiqatan tavba qiluvchilarni sevadi, o'zini pok tutuvchilarni sevadi.
Balog'atga etgan qiz yoki ayolning har oyda odat bo'yicha ko'radigan qoni "hayz" deyiladi. Hayzning oz muddati uch kecha-kunduz, ko'pi esa o'n kecha-kunduz, bundan ortiq muddatda ham qon kelaversa, u hayz emas, istihoza (kasallik) qoni hisoblanadi. Hayz ko'rayotgan ayolga namoz o'qish, ro'za tutish, Baytullohni tavof qilish, jinsiy aloqa qilish, masjidga kirish, Qur'on o'qish, Qur'onni yoki oyat yozilgan qog'ozlarni ushlash qat'iyan man etiladi, ammo Qur'on eshitishi mumkin. Ana shu hukmga ko'ra, hayz ko'rgan ayolga to u poklanmagunicha yaqinlashilmaydi, ya'ni jinsiy aloqa qilinmaydi. Bu gunohning naqadar jirkanchligi haqida Payg'ambarimiz alayhissalomdan shunday hadis bor: "Kim ayoliga hayz paytida yoki uning orqa yo'liga yaqinlik qilsa hamda folbinga borsa, Muhammadga nozil qilingan narsaga (ya'ni, dinga) kofir bo'libdi" (Termiziy rivoyati). Hayzdan poklanganlaridan keyin Alloh buyurgan tarafdan yaqinlik qilinaveradi. Kim bilmagan holida ayoliga hayz holida yaqinlik qilib qo'ygan bo'lsa, istig'for aytib, astoydil tavba qilishi lozim, chunki Alloh tavba qiluvchilarni ham, o'zini pok tutuvchilarni ham yaxshi ko'radi. Ammo qasddan, nafsiga qul bo'lib ayoliga hayz holida qo'shilgan bo'lsa, ba'zi ilm ahllari so'ziga ko'ra, unga kafforat (badal) vojib bo'ladi. Bu holda ikki tarafning o'zaro rozi bo'lishlari ham bu harom ishni halolga aylantira olmaydi. Kafforatning miqdori bir dinor, ya'ni 4,25 gramm tillaga tengdir. Oldin bu ishni sodir qilganlar Allohga astoydil tavba qilishsin, chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Gunohlaridan xolis tavba qilgan kishi hech bir gunoh qilmagan kishi kabidir", deya marhamat etganlar (Muslim rivoyati). Hadislarda kelishicha: "Alloh taolo pokdir va poklikni yaxshi ko'radi" (Termiziy rivoyati); "Poklik-tozalik imonning yarmidir" (Muslim rivoyati).
نِسَآؤُكُمۡ حَرۡثٞ لَّكُمۡ فَأۡتُواْ حَرۡثَكُمۡ أَنَّىٰ شِئۡتُمۡۖ وَقَدِّمُواْ لِأَنفُسِكُمۡۚ وَٱتَّقُواْ ٱللَّهَ وَٱعۡلَمُوٓاْ أَنَّكُم مُّلَٰقُوهُۗ وَبَشِّرِ ٱلۡمُؤۡمِنِينَ٢٢٣
223. Hotinlar ekinzorlaringizdir, shunday ekan, ekinzoringizga xohlagan tomonidan kelaveringlar va o'zlaringiz uchun (savobli) ishlarni taqdim etinglar. Allohdan qo'rqinglar, bilinglarki, Unga albatta yo'liqasizlar. (Ey Muhammad), mo'minlarga bundan xushxabar bering.
Hotinlar bilan yaqinlashish chog'ida faqat nafs rohati emas, balki yaxshi, solih farzandlar ham niyat qilinishi lozim. Bu esa mo'minlarga vujud lazzatlanishi cho'qqisiga chiqqanida ham axloqiy va ma'naviy holatlarni esdan chiqarmaslikni eslatmoqda. Hotinlar bilan xohlagan paytda, faqat ijozat berilgan tarafdan yaqinlashish zarurligi uqtirilmoqda. Musulmon kishi nikohidagi ayolga hayz va nifos (yangi ko'z yorigandagi qon kelishi) holatidan tashqari barcha holatlarda yaqinlik qilaveradi. Faqat Alloh taqiqlagan chegaralardan o'tmaslik sharti bilan. Alloh ayollarga orqa tarafdan yaqinlik qilishni man etgan, chunki jinsiy aloqadan murod, shahvatni qondirish va nasl qoldirish bo'lishi kerak. Bu taqiqlarni buzmoqchi bo'lganlar Allohdan qo'rqishsin, chunki har bir inson oxirat dunyosida Parvardigoriga albatta yo'liqadi va qilmishlari uchun to'la hisob beradi. Ibn Umar roziyallohu anhumo: "Hotinlar ekinzorlaringizdir, shunday ekan, ekinzoringizga xohlagan tomonidan kelaveringlar" degan oyatga "Ayollarning faqat oldiga yaqinlik qilinglar" deb ma'no bergan. Jobir roziyallohu anhu bunday degan: "Yahudiylar: "Agar ayolning orqa tarafidan oldiga yaqinlik qilinsa, tug'iladigan bola g'ilay bo'ladi", deyishardi. Shuning uchun yuqorida zikr etilgan oyat nozil bo'ldi" (Buxoriy rivoyati).
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayhning ilm va fazllari mashhur bo‘layotgan va shuhrat qozonayotgan edi. U kishi o‘zlarining voqealarini quyidagicha so‘zlab beradilar: «Men «Siyratun-Nabiy sollallohu alayhi vasallam» kitobini olti jild qilib tamomladim. «Muhtaram Zotning siyratlaridagi biror jilva yoki ko‘rinish mening hayotimda ham bo‘lganmi yoki yo‘q? Agar bo‘lmagan bo‘lsa, u holda qanday bo‘ladi?» degan o‘y qayta-qayta qalbimda tinchlik bermas edi. Shu maqsad uchun Allohning biror valiysini qidirdim.
Thana Bhavandagi xonaqohda yashaydigan va Alloh taolo fayzlarini taratib qo‘ygan Mavlono Ashraf Ali Tahonaviy hazratlari haqida eshitgan edim. Shunday qilib, bir kuni Thana Bhavanga borishni niyat qildim va safarga chiqdim. Borib, hazrat bilan ko‘rishdim va bir necha kun u yerda turdim. Ortga qaytayotganimda hazrat Tahonaviy rahmatullohi alayhga: «Hazrat! Biror nasihat qiling», dedim. U zotning xayollariga o‘sha payt: «Shunday katta allomaga nima nasihat qilaman? Ilm va fazli butun dunyoga mashhur bo‘lsa», degan o‘y kelibdi. Keyin: «Ey Alloh! Qalbimga uning uchun ham foydali bo‘lgan va mening uchun ham foydali bo‘lgan narsani sol», deb duo qilibdi. Shundan keyin hazrat Tahonaviy rahmatullohi alayh Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayhga xitob qilib: «Ey birodar! Bizning yo‘limizda boshidan oxirigacha o‘zingizni xokisor tutishingiz kerak», debdilar.
Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayh aytadilar: «Hazrat Tahonaviy rahmatullohi alayh bu so‘zlarni aytayotganlarida qo‘llarini ko‘ksilariga olib borib, past tarafiga bir zarba berdilar, zarba xuddi mening qalbimga tushgandek bo‘ldi».
Hazratimiz Doktor Abdulhay rahmatullohi alayh aytadilar: «Bu voqeadan keyin Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayh o‘zlarini shunday xokisor tutdilarki, uning misli topilishi qiyin edi. Bir kuni qarasam, xonaqohning tashqarisida hazrat Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayh majlisga kelganlarning oyoq kiyimlarini tartiblayotgan ekanlar. Shunday tavoze’ va muhabbatni Alloh taolo u kishining qalbida paydo qildi va keyin yuksak darajalarga ko‘tarib qo‘ydi».
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan