— Yoshim 60 ga yaqinlashyapti. Namoz o'qiy boshlaganimga 20 yillar bo'ldi. Men avval o'qimagan namozlarim qazosini qanday o'qishim kerak? Hozirgi namozlarga qo'shib o'qiymanmi yoki faqat farzini o'qisam etadimi?
— Namozning faqat farzlari va Vitr vojib namozi qazo qilinadi. Sunnat namozlar qazo qilinmaydi. Qazo o'qimoqchi bo'lgan inson har bir kundalik farz namozidan oldin o'sha namozning qazosidan ham o'qib borsa, har kuni bir kunlik qazo bajargan bo'ladi. Yoki kunning yo kechaning ma'lum bir vaqtini ajratib olib, bir yo'la tartib bilan: Bomdod, Peshin, Asr, Shom, so'ngra Hufton va Vitrni qazo qilsa ham bo'ladi. Bunda agar ikkitadan qazo namoz o'qisa, ikki kunlik qazo namozi soqit bo'ladi. Mana shu zaylda, oylar, yillar davomida bir necha yillik qoldirilgan namozlarni qazo qilish mumkin.
Sizga o'xshab o'n yil, undan ortiq yoki kam muddatdagi ko'plab namozlarni tark qilgan kishilar ushbu tartibga amal qilishlari kerak.
Har namozning vaqtida bir-ikkita qazoni o'qib borsangiz ham bo'ladi. Bunda o'zingizga oson bo'lishi uchun, har namozda uni “oxirgi yoki birinchi qoldirilgan namoz” deb qasd qilasiz. Masalan, “birinchi qoldirgan Bomdodim” yoki “oxirgi qoldirgan Bomdodim”, deb niyat qilasiz. Asr va Shom namozlari orasida qazo namoz o'qish joiz.
Muhammad Ayyub HOMIDOV
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ta’lim berayotgan barcha duolarning tub maqsadi shuki, qay holatda, qanday ishda mashg‘ul bo‘lsangiz ham, qalbingiz faqat Alloh tomonga qarasin. Bu qalbni Alloh taolo O‘zi uchun yaratgan. Ko‘z, quloq, til va boshqa a’zolar dunyoviy ishlar uchun, ular orqali dunyoviy maqsadlarga erishiladi. Lekin qalbni Alloh taolo xolis O‘zi uchun yaratgan. Toki, unda Allohning tajalliysi (nuri) bo‘lsin, Allohning muhabbati ila yashnasin, Allohning zikri ila obod bo‘lsin.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Eng afzal amal bandaning tili Allohning zikri ila nam bo‘lishidir», dedilar.
Tilni Alloh taolo qalbga tushadigan zina qilgan. Til bilan zikr qilaversang, inshaAlloh, u zikr qalbga naqshlanib boraveradi. Alloh taoloning yodi va muhabbati shu darajada jo bo‘lsinki, qalb Alloh taoloning tajalliygohi (nuri tushadigan joy) bo‘lsin. Tariqat, tasavvuf va sulukning asl maqsadi ham shudir.
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan