Sayt test holatida ishlamoqda!
04 May, 2025   |   6 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:46
Quyosh
05:17
Peshin
12:25
Asr
17:18
Shom
19:27
Xufton
20:51
Bismillah
04 May, 2025, 6 Zulqa`da, 1446

Hech kimga hech narsa qoldirmagan kitob va hikmat! Shularga amal qilsak — marra bizniki!

04.12.2020   3241   8 min.
Hech kimga hech narsa qoldirmagan kitob va hikmat! Shularga amal qilsak — marra bizniki!

Dolzarb mavzu

Hammamiz har kuni kuzatadigan, lekin har doim ham e'tibor qaratmaydigan bir necha holatlar:

1) tong otib, quyosh charaqlab tursa ham, qator simyog'ochlarda yonib turgan ko'cha chiroqlari;

2) odamlar o'tib-qaytadigan ko'cha bo'yidagi jo'mraklardan suvning behuda oqib turishi;

3) ko'zday yaqin qo'shnimiz och-nahor bo'lsa ham, yaqinlarimiz, hatto aka-ukalarimiz, qarindoshlarimiz orasida farzandlarining o'quv-shartnoma pullarini to'lay olmayotganini yoki mahallamizda ehtiyojmand oilalar borligini bilsak-ko'rsak-da, lekin dabdabali to'y qilavermiz. Yoshlarning orzu-havasi deb, birgina “ZAGS”ning o'ziga bir talabaning bir yillik o'quv-shartnoma pulini sarflaymiz...

Ro'yxatni yana uzoq davom ettirish mumkin. Shu mavzuda xayolimizga kelgan hamma narsani tizib chiqsak, bir maqola u yoqdan tursin, hatto bir nechta kitob bo'lishi ham turgan gap.

Ho'sh, biz qachondan beri dabdaga o'ch, xo'jako'rsinga, kimo'zarga moyil, isrofga mukkasidan ketadigan bo'lib qoldik?..

Alloh taolo Qur'oni karimda qattiq va qat'iy (!) qoralab: «Yenglar, ichinglar, ammo isrof qilmanglar. Zero, U isrof qilguvchilarni sevmas», deb marhamat qiladi (A'rof surasi 31-oyat).

Isrof” deyilganda hamma narsa qamrab olinadi. Ma'naviy ehtiyojlardan tashqari, Qur'oni karim tilovati, zikr, tasbih, ibodatlar, kitob mutolaasidan boshqa hamma narsaning, hatto suvning ham me'yoridan ortiqcha ishlatilishi – isrofdir

Nega tonnalab obihayot isrof qilinadi?

Issiq kunlarda ko'p qavatli uylar oldida gilam yuvayotgan kishilarga ko'zingiz tushgandir. Yoki mahallalarga yo'lingiz tushsa, jo'mraklarni boricha ochib qo'yib, tarvuz-qovunni tashlab qo'yilgan holatni-chi? Yoki uzun plastmassa ichaklarda suv purkayotgan kishilarni kuzatgandirsiz. Aslida bir yoki ikki chelak suv bilan hal bo'ladigan ishlarga tonnalab obihayot oqiziladi.

Parvardigori olam Qur'oni karimda: «Sizlar o'zlaringiz ichadigan suv haqida hech o'ylab ko'rdingizmi? Uni bulutlardan sizlar yog'dirdingizmi yoki Biz yog'dirguvchimizmi? Agar Biz xohlasak, uni sho'r qilib qo'ygan bo'lar edik. Bas, shukr qilmaysizlarmi?» bizni ogohlantiradi. (Voqea surasi  68–70-oyatlar).

Ma'lumotlarga ko'ra, ona sayyoramizning 75 foizdan ko'proq qismi suv bilan qoplangan ekan. Lekin Yer yuzidagi suvlarning bor-yo'g'i 3 foizi chuchuk, ya'ni iste'molga yaroqli, xolos.

Rasululloh tahoratga qancha suv ishlatganlar?

Ota-bobolarimiz suvni isrof qilishdan juda ehtiyot bo'lganlar. Birgina misol, uyimizga qishloqdan yoshi ulug' mehmon kelsa, uning tahorat olishda suvdan ustamonlik bilan, ya'ni isrof qilmasdan foydalanganini kuzatganmiz.

Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Bir kuni Sa'd tahorat qilayotganida, Janobi Payg'ambarimiz alayhi va sallam uning oldidan o'tib qoldilar va unga: “Bu qanday isrofgarchilik, ey Sa'd?”dedilar. Shunda u: “Tahoratda ham isrof bo'ladimi?” deya ajablandi. Janobi Rasululloh alayhissalom: “Garchi daryoda bo'yida yashasangiz ham, tahoratda suvni ortiqcha ishlatmang”,deya  unga tanbeh berdilar» (Imom Ahmad rivoyatlari).

Janobi Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallam bir so'dan besh muddgacha bo'lgan suv bilan g'usl qilar va bir mudd suv bilan tahorat olar edilar(Muttafaqun alayh). Ya'ni, Janobi Rasululloh alayhissalom taxminan 0,688 litr suv bilan tahorat qilar edilar.

To'ldirilgan eng yomon “idish”

Ulamolarning aytishlaricha, maqolamiz boshida keltirilgan A'rof surasining 31-oyatida tabobat ilmining yarmi jamlangan ekan.

Isrof deganda, xayolimizga ko'p narsalar keladi-yu, lekin ortiqcha ovqatlanishni unutib qo'yamiz. Janobi Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Nafsingiz xohlagan har narsani eyaverishingiz ham isrofdir”, deganlar (Imom Hofiz Abu Ya'lo rivoyatlari).

Boshqa bir hadisi sharifda: “Odam bolasi to'ldiradigan idishlarning eng yomoni – qorin. Kishiga harakat qilishi uchun kerak bo'lgan miqdordagi taom kifoya qiladi. Yoki  uqornini uch qismga ajratsin, bir qismi taom uchun, bir qismi suv uchun, yana bir qismi nafas uchun” (Imom Ahmad rivoyatlari). 

Hulosa

Horun Rashidning bir nasroniy hoziq tabibi bor edi. U bir kuni ulamolardan Ali ibn Husayn ibn Voqidga: “Qur'on kitoblaringizda tabobat xususida hech narsa yo'q. Vaholanki, ilm ikki xildir. Biri – din ilmi, ikkinchisi – badan, ya'ni tib ilmi” deganida, u javobiga: “Alloh taolo tabobatning hammasini yarimta oyatga joylab qo'ygan”, – deb, mazkur oyatni o'qib berganida, tabib: “Payg'ambaringiz bu xususda hech nima demagan”, – debdi. Shunda olim: “Aksincha. Oshqozon – dard manbai, parhez – barcha davoning boshi. Badanni unga mos narsa bilan parvarish qiling!” degan hadisi shariflarini o'qib beribdi. Shunda tabib: “Kitobingiz bilan Payg'ambaringiz Jolinus hakimga tabobatdan hech narsa qoldirmabdi”, – degan ekan.

Beqiyos va betakror, katta va boy tajribaga ega dono xalqimiz ham necha ming elakdan o'tkazib, bekordan-bekorga “Nimani hor qilsang, shunga zor bo'lasan” deb aytmagan. Bejizdan-bejizga

Tejam bilan ishlatsang  – uy-ro'zg'oring but.

Isrof bilan ishlatsang  – yomon kunni kut!

demagan.

Mehribon Parvardigorimiz barcha narsani birgina A'rof surasi 31-oyatining yarmiga, Janobi Payg'ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birgina hadisi shariflariga jamlab qo'ygan ekanlar, biz chin saodatni istasak, hech kimga hech narsa qoldirmagan KITOB – Kalomulloh va HIKMAT hadisi sharifga amal qilsak – marra bizniki!

 

Ibrohimjon INOMOV,

O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Olam o‘lyapti!

03.05.2025   4808   3 min.
Olam o‘lyapti!

Hayotda ba’zi yo‘qotishlar bo‘ladi — vaqt o‘tib, o‘rni to‘lib ketadi. Ammo shunday yo‘qotishlar bor-ki, ularning o‘rnini hech narsa to‘ldira olmaydi. Ana shunday bebaho ne’matlardan biri — ulamolardir. Bugun ular bizning oramizda bor, ammo ertaga bo‘lmasligi mumkin. Ular bitta-bitta ketishmoqda. Biz yesa, afsuski, ko‘p hollarda bu haqiqatning anglab yetmayapmiz.


"موت العالم موت العالم"


— ya’ni “Olimning o‘limi – olamning o‘limidir” degan mashhur ibora bor.
Yana shu mazmunda Imom Bayhaqiyning rivoyati keltiriladi: 


"موت العالم مصيبة لا تُجبر، وثلمة لا تسد، ونجم طُمِس، موت قبيلة أيسر من موت عالم."


"Olimning o‘limi — tuzatib bo‘lmaydigan musibat, to‘ldirib bo‘lmaydigan bo‘shliq, so‘nib qolgan yulduzdir. Bir qabilaning yo‘q bo‘lishi, bir olimning o‘limidan yengilroqdir."

Chunki olimlarning o‘limi bilan faqat bir inson emas, butun bir jamiyat  ruhiy, ilmiy va axloqiy jihatdan zararga uchraydi, ma’nan qulab boradi. Aynan shuning uchun olimning o‘limi “olamning o‘limi”ga tenglashtirilgan.
Zero olimlar — faqat kitob o‘qib, dars beradigan odamlar emas. Ular — yo‘l ko‘rsatuvchi, haqqa chaqiruvchi, haqiqatni mudofaa qiluvchilardir.
Ular yillar davomida ilm o‘rganishdi, sabr bilan odamlarga yetkazishdi, o‘z hayotlarini ummatga bag‘ishlashdi. Endi esa, bitta-bitta o‘tib ketishyapti...

Kecha Abduqahhor domla Shoshiy (1969-1987 yillar – O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi Xalqaro bo‘limi mudiri, 1969-1982 yillar – Buxorodagi Mir Arab madrasasi direktori, 1982-1987 yillar – Toshkent Islom instituti rektori) olamdan o‘tgan edilar.

Bugun esa yana katta musibat - yurtimizning zabardas ulamolaridan biri ustoz Ibrohimjon domla Qodirov vafot etdilar. Domla umrlarining oxirigacha masjidlarda imomlik qilib, din xizmatida bo‘lgan peshvolardan, yuzlab shogirdlarni tarbiya qilgan ustozlardan edilar. Ustozimiz Yorqinjon domla rahimahulloh ham aynan shu kishida tahsil olgan edilar.

Shunday ulamolar birma-bir o‘tib borishmoqda. Biz o‘tgan ulamolarimiz haqqiga duo qilib, hozirda hayot bo‘lib turganlarini qadrlariga yetishimiz kerak.
Ularning so‘zlariga quloq tutib ehtirom ko‘rsatish, aloqani mustahkamlab, imkon boricha ko‘proq foydalanib qolishimiz va farzandlarimizni ularga yaqinlashtirishimiz kerak.

Lekin biz ulamolarimizni tiriklik chog‘ida qadrlash o‘rniga, chetga chiqib olib, din, millat dushmanlari "tegirmoniga suv quyib" ulamolarni obro‘sizlantirayotganlar va bu orqali yurtimiz peshvolari bilan ommani bog‘lab turgan ipni uzib, musulmonlar birligini parchalayotganlar so‘ziga uchib qolyapmiz. Ularga ishonib, ulamolarimizning so‘zlariga quloq tutmay g‘iybat, tuhmat qilib, ranjitamiz. Vafot etganlaridan keyin esa tobutlarini talashib, yig‘lab-sixtab, pushaymon bo‘lib qolaveramiz.

Yorqinjon domla rahimahulloh bir suhbatlarida aytgan edilar:
Ko‘rsangiz ko‘zingiz quvnaydigan, jannatning hidi kelib turadigan zabardas olimlar, ahli ilmlar bor. Tirikligida birov ikkita non olib xabar olmaydi. Olimlarni qadrlamaydi.... Vafotidan keyin esa aziz bo‘ladi. Tirikligida tekinga qilgan suhbatiga bir kilometr yurib bormagan odamlar, o‘lganidan keyin yuzlab kilometr masofalardan yo‘l bosib keladi. Ko‘tar-ko‘tar qiladi. Qadrlamabmiz, ko‘rishmabmiz, shu yerda shunday olim kishi bor ekan bilmabmiz, deb yuraveradi”.

Xullas, ulamolarni g‘animat bilaylik. Ular xalqimizga katta ne’mat, ne’matni qadrlamasak undan ajralish bilan sinalamiz. Keyingi pushaymon esa aslo foyda bermaydi.
 

Muhammad Zarif Muhammad Olim o‘g‘li