Dolzarb mavzu
Hammamiz har kuni kuzatadigan, lekin har doim ham e'tibor qaratmaydigan bir necha holatlar:
1) tong otib, quyosh charaqlab tursa ham, qator simyog'ochlarda yonib turgan ko'cha chiroqlari;
2) odamlar o'tib-qaytadigan ko'cha bo'yidagi jo'mraklardan suvning behuda oqib turishi;
3) ko'zday yaqin qo'shnimiz och-nahor bo'lsa ham, yaqinlarimiz, hatto aka-ukalarimiz, qarindoshlarimiz orasida farzandlarining o'quv-shartnoma pullarini to'lay olmayotganini yoki mahallamizda ehtiyojmand oilalar borligini bilsak-ko'rsak-da, lekin dabdabali to'y qilavermiz. Yoshlarning orzu-havasi deb, birgina “ZAGS”ning o'ziga bir talabaning bir yillik o'quv-shartnoma pulini sarflaymiz...
Ro'yxatni yana uzoq davom ettirish mumkin. Shu mavzuda xayolimizga kelgan hamma narsani tizib chiqsak, bir maqola u yoqdan tursin, hatto bir nechta kitob bo'lishi ham turgan gap.
Ho'sh, biz qachondan beri dabdaga o'ch, xo'jako'rsinga, kimo'zarga moyil, isrofga mukkasidan ketadigan bo'lib qoldik?..
Alloh taolo Qur'oni karimda qattiq va qat'iy (!) qoralab: «Yenglar, ichinglar, ammo isrof qilmanglar. Zero, U isrof qilguvchilarni sevmas», deb marhamat qiladi (A'rof surasi 31-oyat).
“Isrof” deyilganda hamma narsa qamrab olinadi. Ma'naviy ehtiyojlardan tashqari, Qur'oni karim tilovati, zikr, tasbih, ibodatlar, kitob mutolaasidan boshqa hamma narsaning, hatto suvning ham me'yoridan ortiqcha ishlatilishi – isrofdir!
Nega tonnalab obihayot isrof qilinadi?
Issiq kunlarda ko'p qavatli uylar oldida gilam yuvayotgan kishilarga ko'zingiz tushgandir. Yoki mahallalarga yo'lingiz tushsa, jo'mraklarni boricha ochib qo'yib, tarvuz-qovunni tashlab qo'yilgan holatni-chi? Yoki uzun plastmassa ichaklarda suv purkayotgan kishilarni kuzatgandirsiz. Aslida bir yoki ikki chelak suv bilan hal bo'ladigan ishlarga tonnalab obihayot oqiziladi.
Parvardigori olam Qur'oni karimda: «Sizlar o'zlaringiz ichadigan suv haqida hech o'ylab ko'rdingizmi? Uni bulutlardan sizlar yog'dirdingizmi yoki Biz yog'dirguvchimizmi? Agar Biz xohlasak, uni sho'r qilib qo'ygan bo'lar edik. Bas, shukr qilmaysizlarmi?» – bizni ogohlantiradi. (Voqea surasi 68–70-oyatlar).
Ma'lumotlarga ko'ra, ona sayyoramizning 75 foizdan ko'proq qismi suv bilan qoplangan ekan. Lekin Yer yuzidagi suvlarning bor-yo'g'i 3 foizi chuchuk, ya'ni iste'molga yaroqli, xolos.
Rasululloh tahoratga qancha suv ishlatganlar?
Ota-bobolarimiz suvni isrof qilishdan juda ehtiyot bo'lganlar. Birgina misol, uyimizga qishloqdan yoshi ulug' mehmon kelsa, uning tahorat olishda suvdan ustamonlik bilan, ya'ni isrof qilmasdan foydalanganini kuzatganmiz.
Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Bir kuni Sa'd tahorat qilayotganida, Janobi Payg'ambarimiz alayhi va sallam uning oldidan o'tib qoldilar va unga: “Bu qanday isrofgarchilik, ey Sa'd?”– dedilar. Shunda u: “Tahoratda ham isrof bo'ladimi?” – deya ajablandi. Janobi Rasululloh alayhissalom: “Garchi daryoda bo'yida yashasangiz ham, tahoratda suvni ortiqcha ishlatmang”,– deya unga tanbeh berdilar» (Imom Ahmad rivoyatlari).
“Janobi Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallam bir so'dan besh muddgacha bo'lgan suv bilan g'usl qilar va bir mudd suv bilan tahorat olar edilar” (Muttafaqun alayh). Ya'ni, Janobi Rasululloh alayhissalom taxminan 0,688 litr suv bilan tahorat qilar edilar.
To'ldirilgan eng yomon “idish”
Ulamolarning aytishlaricha, maqolamiz boshida keltirilgan A'rof surasining 31-oyatida tabobat ilmining yarmi jamlangan ekan.
Isrof deganda, xayolimizga ko'p narsalar keladi-yu, lekin ortiqcha ovqatlanishni unutib qo'yamiz. Janobi Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Nafsingiz xohlagan har narsani eyaverishingiz ham isrofdir”, – deganlar (Imom Hofiz Abu Ya'lo rivoyatlari).
Boshqa bir hadisi sharifda: “Odam bolasi to'ldiradigan idishlarning eng yomoni – qorin. Kishiga harakat qilishi uchun kerak bo'lgan miqdordagi taom kifoya qiladi. Yoki uqornini uch qismga ajratsin, bir qismi taom uchun, bir qismi suv uchun, yana bir qismi nafas uchun” (Imom Ahmad rivoyatlari).
Hulosa
Horun Rashidning bir nasroniy hoziq tabibi bor edi. U bir kuni ulamolardan Ali ibn Husayn ibn Voqidga: “Qur'on kitoblaringizda tabobat xususida hech narsa yo'q. Vaholanki, ilm ikki xildir. Biri – din ilmi, ikkinchisi – badan, ya'ni tib ilmi” deganida, u javobiga: “Alloh taolo tabobatning hammasini yarimta oyatga joylab qo'ygan”, – deb, mazkur oyatni o'qib berganida, tabib: “Payg'ambaringiz bu xususda hech nima demagan”, – debdi. Shunda olim: “Aksincha. Oshqozon – dard manbai, parhez – barcha davoning boshi. Badanni unga mos narsa bilan parvarish qiling!” degan hadisi shariflarini o'qib beribdi. Shunda tabib: “Kitobingiz bilan Payg'ambaringiz Jolinus hakimga tabobatdan hech narsa qoldirmabdi”, – degan ekan.
Beqiyos va betakror, katta va boy tajribaga ega dono xalqimiz ham necha ming elakdan o'tkazib, bekordan-bekorga “Nimani hor qilsang, shunga zor bo'lasan” deb aytmagan. Bejizdan-bejizga
“Tejam bilan ishlatsang – uy-ro'zg'oring but.
Isrof bilan ishlatsang – yomon kunni kut!”
demagan.
Mehribon Parvardigorimiz barcha narsani birgina A'rof surasi 31-oyatining yarmiga, Janobi Payg'ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birgina hadisi shariflariga jamlab qo'ygan ekanlar, biz chin saodatni istasak, hech kimga hech narsa qoldirmagan KITOB – Kalomulloh va HIKMAT – hadisi sharifga amal qilsak – marra bizniki!
Ibrohimjon INOMOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Islom tarixidagi eng ulug‘, ma’naviy jihatdan eng ibratli kunlardan biri Ashuro kunnidir. Har yili muharram oyining o‘ninchi kuni nishonlanadigan bu sana nafaqat ro‘za tutish fazilati bilan, balki Alloh taoloning bandalariga ko‘rsatgan marhamati, Muso alayhissalom va uning qavmini najot etganligi bilan ham ahamiyatlidir. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ushbu kunga alohida e’tibor berganlar va ummatlarini ham uning fazilatlaridan bahramand bo‘lishga chorlaganlar. Ashuro kuni musulmonlar uchun ma’naviy poklanish, gunohlarga kafforat va sunnatni hayotga tatbiq etish imkonidir.
Bu kun musulmonlar uchun ro‘za tutish tavsiya etilgan kunlardan biri bo‘lib, ulamolarning ko‘pchiligi bu kunni ro‘za bilan o‘tkazishni mustahab deb hisoblaydi. Ashuro kuni ro‘za tutish sunnat amallardan biri bo‘lib, uning fazilati juda katta. Tasu’o (to‘qqizinchi) va Ashuro (o‘ninchi) kunlarida ro‘za tutish payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan qolgan sunnatlardandir. Bu Allohning kunlaridan biri bo‘lib, U Zot o‘z bandalariga marhamat ko‘rsatgan, ya’ni U zot Kalimulloh Muso alayhissalom va Uning qavmi Bani Isroilni Fir’avn va uning qo‘shinining zulmidan najot etgan kundir.
Ashuro kunini ro‘za bilan o‘tkazishning asosiy sababi bu kunda Alloh taolo Muso alayhissalom va Bani Isroilni Fir’avn va uning qo‘shinidan najot etganidir. Payg‘ambar Muhammad sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasini juda ahamiyatli deb bilar edilar. Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Men Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni biror kunni boshqalardan afzal deb ro‘za tutishga uringanlarini ko‘rmaganman, faqat ushbu kun — Ashuro kuni va ushbu oy — Ramazon oyidan tashqari” (Imom Buxoriy rivoyati).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam musulmonlarni Ashuro kuni ro‘za tutishga rag‘batlantirar va: “Ashuro kuni ro‘zasi o‘tgan bir yilning gunohlariga kafforat bo‘lishini Allohdan umid qilaman”, der edilar (Imom Muslim rivoyati).
Musulmonlar bu sunnatni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Madinaga hijrat qilganlaridan so‘ng amaliyotga tadbiq eta boshladilar. U kishi yahudiylarni Ashuro kuni ro‘za tutayotganini ko‘rdilar va buning sababini so‘raganlarida, ular: “Bu yaxshi kun bo‘lib, Alloh ushbu kunda Bani Isroilni dushmanlaridan najot etgan, shuning uchun Muso alayhissalom ushbu kunni ro‘za bilan o‘tkazgan”, deyishdi. Shunda Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Men Musoga sizlardan ko‘ra yaqinroqman”, deb, o‘sha kuni ro‘za tutdilar va boshqalarga ham ro‘za tutishni buyurdilar.
Shu kundan boshlab bu amal sunnat sifatida amalga oshirila boshlandi va musulmonlar uchun o‘tgan yilning gunohlaridan poklanish, katta savob va fazilatga erishish imkoni sifatida qaraladi.
Ashuro kuni bu barcha musulmonlar uchun muhim sana hisoblanadi. Ko‘plab insonlar bu kunda ro‘za tutishga va ibodat qilishga intiladi.
Ko‘pchilik Ashuro kunini yagona holda ro‘za tutish mumkin emas, deb hisoblaydi. Ammo Azhar muassasasi o‘z fatvolaridan birida bu fikrni rad etgan. Unda ta’kidlanganidek, juma yoki shanba kuni Ashuro kuniga to‘g‘ri kelsa ham, uni alohida holda ro‘za tutish man qilingan emas.
Azhar ulamolarining ta’kidlashlaricha, imom Tahoviy rahmatullohi alayhdan rivoyat qilingan: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasiga izn berganlar va unga targ‘ib qilganlar. Lekin bu kun shanbaga to‘g‘ri kelsa, tutmanglar, demaganlar. Buning o‘ziyoq, Ashuro har qanday kunga to‘g‘ri kelsa ham ro‘za tutish mumkinligini ko‘rsatadi”.
Shuningdek, agar Ashuro yoki Arafa kuni juma yoki shanba kuniga to‘g‘ri kelsa yoki insonning odatdagi ro‘zali kuni bo‘lsa, bu holda ro‘za tutishda hech qanday mone’lik yo‘q.
Dorul-Ifto (Misr Fatvo hay’atining 2023 yil 26 iyuldagi 7756 raqamli Professor Doktor Shavqiy Ibrohim Allom fatvosida) ham Ashuro kunini ya’ni muharramning 10-kunini yagona holda ro‘za tutish joizligini tasdiqlagan. Shu bilan birga, ixtilofdan qochish maqsadida, u bilan birga bir kun avval 9-kun yoki bir kun keyin 11-kun ro‘za tutish tavsiya etildi.
Misr Dorul-Ifto muassasasi ta’kidlashicha, muharramning 9-kunini ro‘za tutish qat’iy sunnatdir. Bu borada Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda keladi: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘za tutganlarida, Payg‘ambarimizga yahudiy va nasroniylar bu kunni ulug‘lashlarini aytishgan. Shunda u zot: “Kelgusi yili, agar Alloh xohlasa, to‘qqizinchi kuni ham ro‘za tutaman”, deganlar. Ibn Abbos aytadilar: kelgusi yil kelmasdan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar. Bu hadisni Imom Muslim o‘z “Sahihlarida” keltirganlar.
Sunnatda Ashuro kuni ro‘zasi tutishning fazilati haqida bir qator rivoyatlar keltirilgan. Unga ko‘ra, muharram oyida ro‘za tutish tavsiya etilgan amallardan sanaladi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar:
“Ramazondan keyingi eng afzal ro‘za Allohning oyi muharram oyida tutiladigan ro‘zadir. Farz namozlardan keyingi eng afzal namoz kechasi o‘qiladigan (tahajjud) namozdir”.
Ashuro kunining fazilati shundaki, bu kun tutiladigan ro‘za o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi. Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Bir kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan so‘radi:
— Arafa kuni ro‘zasi haqida nima deysiz?
U zot: “Allohdan umid qilamanki, o‘tgan va kelgusi yilning gunohlariga kafforat bo‘ladi”, dedilar.
— Ashuro kuni ro‘zasi haqida nima deysiz? deb so‘radilar.
U zot: “Allohdan umid qilamanki, o‘tgan yilning gunohlariga kafforat bo‘ladi”, deb javob berdilar.
Shuningdek, Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
“Men Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni biron kunni boshqalardan ko‘ra afzal deb ro‘za tutishga shunchalik intiqlik bilan intiqlik qilganlarini ko‘rmaganman, faqat ushbu kun Ashuro kuni va ushbu oy Ramazon oyi bundan mustasno”.
Ulamolarimiz Ashuro kunida ahli oilaga ko‘proq sarf qilish, ya’ni ularni quvonchli qilish, rizqda kenglik qilishning tavsiya etilgan amallardan ekanini ta’kidlaydilar. Bu Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning muborak hadislariga asoslanadi:
“Kimki Ashuro kunida o‘z ahliga (oila a’zolariga) kenglik qilsa, Alloh taolo unga butun yili kenglik beradi”.
Xulosa o‘rnida shuni eslash joizki, Ashuro kuni bu bir kunlik ro‘za orqali butun bir yillik gunohlardan poklanish umidi berilgan, Allohning maxsus marhamati to‘kilgan muqaddas kundir. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan biri bo‘lgan ushbu ro‘zani tutmoq, uni 9-kuni yoki 11-kun bilan birga ado etmoq musulmon kishi uchun katta ajru savob manbaidir.
Shuningdek, bu kunda ahli oilaga shodlik ulashish, rizqda kenglik qilish ham sunnatga uyg‘un amallardan hisoblanadi. Demak, Ashuro kuni ibodat, muhabbat va ma’naviy yangilanish kunidir. Undan oqilona foydalangan kishi na dunyoda, na oxiratda ziyon ko‘rmaydi.
Dilshod Aliyev,
"Boloi Hovuz" masjidi imomi.